2 yoshdan 4 yoshgacha boʻlgan bolalar bilan oʻqish

Ertak oʻqish va ularni aytib berish bolangizning umumiy rivojlanishiga yordam beradi. Qofiya va ritmga ega boʻlgan rasmli yoki farzandingiz uchun qiziqarli boʻlgan kitoblardan boshlang. Har kuni kamida bitta kitobni birgalikda oʻqishga harakat qiling.
Body

2–4 yoshdagi bolalar uchun oʻqishning foydali tomonlari

Ertaklar oʻqish va aytib berish farzandingizning umumiy rivojlanishiga, miya va tasavvurini rivojlantirishga yordam beradi, til va his-tuygʻularni oʻrgatadi, shuningdek, oʻqish va yozish koʻnikmalariga zamin yaratadi. Bundan tashqari, oʻqish birgalikda vaqt oʻtkazishning ajoyib usuli hisoblanadi.

Farzandingiz bilan birgalikda oʻqish uchun nima kerak?

Oʻqish birgalikda qiziqarli va zavqli vaqt oʻtkazish uchun ajoyib imkoniyatdir. Kerak boʻladigan yagona narsa – siz va farzandingiz yoqtiradigan rasmli kitob. Buning uchun koʻp kitob sotib olishning hojati yoʻq. Uyingiz atrofidagi kutubxona ishlayotgan boʻlsa, kitoblarni oʻsha yerdan olishingiz mumkin. Yoki doʻstlaringiz va qarindoshlaringiz bilan ham kitob almashsangiz boʻladi.

Farzandingizga quyidagilar yoqadi:

– yaxshi qofiya, ritm va takrorlashlari bor kitoblar;

– turli mavzudagi kitoblar, masalan, mashinalar, parilar, hasharot yoki dinozavrlar toʻgʻrisida (bolaning qiziqishlari boshqacha boʻlishi ham mumkin);

– oʻyinchoq kitoblar, alifboli, geometrik shakllari va raqamlari bor kitoblar;

– quvnoq va hajviy kitoblar – masalan, har doim qandaydir kulgili soʻz ishlatadigan, injiq yoki aqlsiz qahramon haqidagi kitoblar.

Farzandingiz bilan oʻqish va birgalikda vaqt oʻtkazishdan qanday zavq olish mumkin?

Kitob oʻqib vaqtni birgalikda yanada zavqli oʻtkazish uchun tavsiyalar:

– bolaga kitob tanlashga yordam bering. U bitta kitobni qayta-qayta tanlasa ham zarari yoʻq. Agar siz biror kitobni hali oʻqimagan boʻlsangiz, uning muqovasiga qarang va kichkintoyingizdan uning fikricha bu kitob nima toʻgʻrisida ekanligini soʻrang;

– farzandingizga kitobni ushlab turishni va uni varaqlashni ayting;

– hikoyani birgalikda oʻqing;

– oʻqish tezligi va ovozingiz balandligini oʻzgartirib turing. Kitobdagi har bir qahramon uchun ovoz va ifodalilikni oʻzgartirishingiz ham qiziqarli boʻlishi mumkin;

– takrorlanadigan jumlalarni farzandingiz bilan ohang bilan ayting yoki kuylang;

– rasmdagi narsalarni koʻrsating va ularni nomi bilan ayting yoki kichkintoyingizdan ularning nomini aytishni soʻrang: “Qara, bu qanday hayvon? Buvingnikida ham shunaqasi bor!” Rasmlarni muhokama qiling va bolaga savol bering, masalan: “Keyin nima boʻladi deb oʻylaysan?” yoki “Nima uchun bola xursand?” Bu qiziqarli va quvnoq boʻlishi kerak, aslo bilimlarni tekshirish kabi koʻrinmasligi kerak!

Bola bilan birga oʻqish uchun bir nechta umumiy tavsiyalar:

– mutolaani  kundalik mashgʻulotga aylantiring va har kuni kamida bitta kitobni oʻqishga harakat qiling;

– farzandingizning qiziqishlarini inobatga oling. Agar u koʻproq oʻqishingizni xohlasa, bu juda yaxshi. Baʼzida esa kichkintoyingiz faqat bitta kitob yoki hikoyani oʻqishni xohlashi mumkin, bu ham oddiy hol;

– farzandingizni chalgʻitmasligi uchun televizor yoki radioni oʻchiring;

– kichkintoyingiz sizning yuzingiz va kitobni koʻrib turishi uchun oʻqish paytida uni oʻzingizga yaqin qilib yoki tizzangizga oʻtqazing;

– kutubxonaga borish yoki yangi kitoblarni sotib olish imkoni boʻlmaganida oʻzingiz ijod qiling. Misol uchun, jurnaldan kesib olingan rasmlardan iborat kitobni oʻzingiz yasashingiz va hatto chizishingiz mumkin, keyin esa rasmlar tagiga hikoya tuzishingiz uchun yordam beradigan bir nechta soʻzlarni qoʻshsangiz boʻladi. Yoki bolangizga ertak aytishni taklif qiling va uni yozib oling. Hikoyaning birinchi jumlasini oʻzingiz boshlab berishingiz mumkin: “Bir kuni (kimdir) onasi bilan sayrga chiqibdi. Birinchi boʻlib u ...” (va bola davom etadi).