6 oylikda to'g'ri ovqatlanish
Taxminan 6 oydan boshlab bolangiz sog'lom o'sishi va rivojlanishi uchun ona sutidan tashqari boshqa ovqatlarga muhtoj. Sanoat yo'nalishida ishlab chiqarilgan bolalar ovqatlari bolaga zararli bo'lishi mumkin bo'lgan tarkibiy qismlarga, shu jumladan qo'shimcha yog', tuz, shakar va konservantlarga ega. Bundan tashqari ularning quyuqligi tabiiy va mahalliy oziq-ovqat mahsulotlarining quyuqligidan farq qiladi. Bolangizning didi tabiiy mahsulotlarga o'rganib borishi muhimdir.
Bolani talab bo'yicha kechayu-kunduz emizishni davom ettirish hali ham muhimdir.
Ona suti bolangizning ovqatining eng muhim qismi bo'lib qolmoqda. Bolalarga sun'iy aralashmalar yoki maxsus aralashmalar (bu 6 oylikdan katta bolalar uchun maxsus ishlab chiqarilgan sut aralashmalari) berishga hojat yo'q, chunki ko'krak suti xilma-xil qo'shimcha ovqatlar bilan birgalikda bolangiz uchun zarur bo'lgan barcha oziq moddalarni beradi.
Qo'shimcha ovqatlarni berishdan avval emizishni unutmang.
Bolaga qo'shimcha ovqat berishda oltita muhim jihatlarni esdan chiqarmaslik kerak:
- Qo'shimcha ovqat berish soni: Bolangizga qo'shimcha ovqatlarni kuniga 2 marta bering.
- Qo'shimcha ovqat miqdori: Har bir ovqatlantirishda 2 dan 3 osh qoshiqgacha bering.
- Qo'shimcha ovqat quyuqligi: Qoshiq bilan ovqatlantirish uchun etarli darajada quyuq bo'lishi kerak.
- Qo'shimcha ovqatning xilma-xilligi:
- Avval bitta oziq-ovqat mahsulotidan boshlang, shu mahsulotni 3 kun davomida berib boring. Bolaning har bir oziq-ovqat mahsulotini qanday o'zlashtirishiga e'tibor bering. Agar bir vaqtning o'zida bir nechta oziq-ovqat mahsuloti kiritilsa va bolada allergiya kuzatilsa, allergiyani qaysi mahsulot keltirib chiqarganini aniqlab bo'lmaydi.
- Ovqatga hech qanday shakar yoki tuz qo'shmang. Pechene / kremli shirinliklar, choy va boshqa shakarli taomlarni bolangizga bermang.
- Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan boshlang: guruch, grechka yoki sulidan tayyorlangan quyuq bo'tqa.
- Avvaliga sabzavot botqalaridan boshlang: oshqovoq, sabzi, ismaloq, kartoshka kabi.
- Keyin mevalarni (banan), ayniqsa mahalliy mevalarni kiriting.
- Quyuq bo'tqani tuxum, mevalar, bargli ko'katlar, go'sht yoki sut mahsulotlari bilan boyitilishi mumkin.
- Faol ovqatlantirish: Bolaga ona sutidan boshqa ovqatlarni iste'mol qilishga odatlanish uchun vaqt kerak bo'lishi mumkin. - Sabr -toqatli bo'ling va bolangizni ovqatlanishga faol rag'batlantiring. Bolangizni ovqat eyishga majburlamang. Bolaga berilgan ovqatni iste'mol qilishiga ishonch hosil qilish uchun alohida likobchadan foydalaning.
- Gigiyenaga rioya qilish. Diareya va boshqa kasalliklardan saqlanish uchun tozalik muhim ahamiyatga ega. Farzandingizga oziq-ovqat yoki suyuqlik berish uchun toza qoshiq yoki kosadan foydalaning. Bolangizga beriladigan ovqatlarni xavfsiz va toza joyida saqlang. Ovqat tayyorlashdan oldin va bolani ovqatlantirishdan oldin qo'lingizni sovun va suv bilan yuving. Ovqatlanishdan oldin bolangizning qo'llarini yuving. Hojatxonadan foydalangandan s'ong va bolaning tagliklarini almashtirib, tozalagandan s'ong va tahoratidan keyin qo'lingizni sovun va suv bilan yuving.
Ushbu yoshda mumkin bo'lmagan oziq-ovqat mahsulotlari
- Xayvon (sigir yoki echki) suti berilmang (faqat bo'tqa tayyorlash uchun 1:1 nisbatda suyultirilgan sutdan foydalanish mumkin).
- Yong'oq va urug'larning har qanday turlarini bermang.
- Meva va sitrus sharbatlarini bermang.
- Shakar, asal, tuz, ziravorlar qo'shmang.
- Barcha turdagi choy (qora, yashil, o'simlik) bermang.
Bolaning ehtiyojlariga qarab ovqatlanishi
Quyuq ovqatlarni kiritishni boshlaganingizda, siz ham, bolangiz ham yaxshi kayfiyatda va xotirjam bo'lgan vaqtni tanlash ma'quldir. Bolaning yangi ovqat eyishga odatlanishi uchun biroz vaqt ketishi mumkin. Sabr-toqatli bo'ling va bolani ovqatlanishga faol ravishda undang, lekin uni majburlamang. Bolaga yangi ko'nikmalarni o'zlashtirish uchun vaqt va sabr-toqat talab etiladi.
Bolangizni kuzatib boring va uning xabarlariga javob bering. Bolani asta-sekin va sabr-toqat bilan, uning tezligiga rioya qilib ovqatlantiring. Farzandingizni o'z taomini iste'mol qilishga undash uchun turli xil mahsulotlarga, ta'mlarga va ko'rinishga ega kombinasiyalarni sinab ko'ring. Qayta taklif qilishdan oldin bola ovqatni eyishdan to'xtatishni kuting. U to'yganini ko'rsatganda ovqatlantirishni to'xtating.
Bolaning ochligini ko'rsatadigan alomatlar: u ovqatni ko'rganda hayajonlanadi, o'tirgan o'rindiqda sizga qarab egilib, og'zini ochadi.
Bolaning to'yganligini ko'rsatadigan alomatlar: u sekinroq eya boshlaydi, ovqatni o'zidan itaradi, og'zini ochishni istamaydi, boshini chayqaydi.