Agar bola emishni rad etsa
Emizish paytida bola faqat bitta yoki birdaniga ikkala koʻkrakni emishdan bosh tortishi mumkin. Bundan tashqari, uning qorni och boʻlsa-da, lekin koʻkrak taklif qilinganda, koʻkrak soʻrgʻichini tutolmasligi, ema olmasligi ham mumkin. Yoki bola koʻkrakni ogʻziga soladi va ema boshlaydi, lekin birozdan keyin koʻkrakni qoʻyib yuboradi va yigʻlay boshlaydi, chunki u ogʻzida ushlay olmaydi.
Koʻkrakni rad etish sabablari yoki ushlab turish qiyinligi
- Bola koʻkrakni olishda muammoga uchrayapti.
- Bola koʻkrakka notoʻgʻri tutilgan.
- Bola bitta koʻkrakni afzal koʻradi.
- Koʻkrak dagʻal yoki shishgan.
- Koʻkrak emish paytida odatdagidan koʻra sekin yoki tez sut chiqaradi.
- Chaqaloqning qorni och emas.
- Chaqaloq shisha soʻrgʻichiga oʻrganib qolgan.
- Chaqaloq charchagan yoki atrof-muhit sharoiti bezovta qiladi, bu katta yoshdagi bolalar uchun odatiy holdir.
- Bola shamollagan.
- Bolaning biror joyida ogʻriq bor yoki u noqulay holatda.
- Sutingizning taʼmi boshqacha, bu dori qabul qilganingizda, hayz paytidagi gormonal oʻzgarishlar tufayli yoki odatda yemaydigan narsangizni isteʼmol qilganingizda sodir boʻladi.
- Atiringiz yoki dezodorantingizni oʻzgartirgansiz.
Nima yordam berishi mumkin:
- Bolaning holatini va uning ikkala koʻkrakka tutilishini tekshiring.
- Bola tinch holatda boʻlganda koʻkrakka yaqin tuting.
- Bolani koʻkrakka tutishdan oldin ogʻzini katta ochguncha koʻkrak soʻrgʻichini uning lablariga tekkizing.
- Bolani koʻkrakni tutishga majburlamang.
- Agar bola yigʻlay boshlasa yoki tipirchilasa, emizishni toʻxtating va bola tinchlanganidan keyin 15 minutdan soʻng qaytadan urinib koʻring.
- Yigʻlayotganida chaqaloqni koʻkrakni tutishga majburlamang – emizish qulaylik hissi bilan bogʻliq boʻlishi kerak.
- Emizish cheklangani sababli koʻkragingiz toʻlib ketmasligiga eʼtibor bering.
- Ikkala koʻkrakda ham laktatsiyani ushlab turish uchun koʻkrakni sogʻib turing.
- Agar kerak boʻlsa, sut bolaning ogʻziga tez oqmasligi uchun emizishdan oldin ozgina sogʻib tashlang.
- Agar chaqaloq ikkala koʻkrakni olishdan ham bosh tortsa, unga sogʻilgan sutni, choyqoshiqda, piyolada yoki shpritsda bering.
- Emishdan qoniqish hissini tuymagunicha, bolangizni koʻkrak suti bilan boqing.
- Shisha soʻrgʻichlardan foydalanmang, agar zarur boʻlsa, piyolachadan ichkizing.
- Tinch holatda emizish zarur, qoʻshimcha qoʻzgʻatishlar boʻlmasligi kerak.
- Emizishdan oldin bolani erkalating.
- Atir-upali kremlarni yoki dezodorantlarni ishlatmang.
Agar emishni rad etish muammosini oʻzingiz hal qila olmasangiz, patronaj hamshirasiga yoki oilaviy poliklinika shifokoriga murojaat qiling. Agar chaqalogʻingizni kasal yoki boʻshashgan deb oʻylasangiz, uni oilaviy poliklinika shifokoriga koʻrsating.
Emizish bilan bogʻliq savollar, muammolar yoki shubhalaringiz boʻlsa, yordam va maslahat uchun shifokor yoki oila hamshirasini chaqiring. Ular sizni tinchlantirishga yordam beradi. Emizish haqida koʻproq maʼlumot olish uchun Bebbo ilovasidan ham foydalanishingiz mumkin.