Agar bola kuyib qolsa, nima qilish kerak?

Bolalar terisi kattalarnikiga qaraganda yupqa va nozikroqdir. Shuning uchun hatto issiq jism yoki suyuqlik bilan qisqa muddatli teginish ham, kuchli kuydirishi yoki terining katta maydoniga zarar yetkazishi va oqibatlari jiddiyroq boʻlishi hamda tiklanishi uzoqroq kechishi mumkin. Asoratlarning oldini olish uchun siz tez harakat qilishingiz lozim.
Body

Avval shikastlanish sababini (issiqlik manbaini) bartaraf qiling!

Shikastlangan joyni soviting!

  • Kichik hajmda kuygan joyni sovuq suv oqimi bilan yoki kamida 10–20 daqiqa davomida sovuq suvga botirish orqali sovitib oling va keyin, agar kerak boʻlsa, tibbiy yordamga murojaat qiling.
  • Kuyish joyiga sovuq kompresslar qoʻllash mumkin, imkon qadar nam steril dokani (30–45 daqiqa mobaynida) qoʻyish kerak, lekin muzdan foydalanmaslik lozim! Kuyish yuzasini ogʻriq toʻxtaguncha soviting.

Kiyim va taqinchoqlarni yechib oling!

Barcha kiyim va taqinchoqlarni kuygan yuzadan iloji boricha tezroq yechib oling. Kiyim va taqinchoqlarni yechib olish muhim, chunki ular teri ustida issiqlikni qoʻshimcha ravishda ushlab turishi va tananing shikastlangan qismida shish paydo boʻlsa, kuygan joyga qon oqimini cheklashi mumkin. Hech qachon kuygan teridagi yopishgan kiyimlarni kuch ishlatib olib tashlamang, chunki qoʻshimcha shikastlanishga olib kelishi mumkin; buning oʻrniga shikastlangan joy atrofidagi matoni kesib tashlang yoki chokidan yirting.

Kuygan joyni yoping!

Infeksiya rivojlanishining oldini olish uchun kuygan joyni ehtiyotkorlik bilan steril doka yoki toza mato bilan yoping.

Ogʻriqni yengillashtiring!

Farzandingizga ogʻriq qoldiruvchi vositalarni faqat shifokor bilan maslahatlashgandan keyin berishingiz mumkin. Agar bola ilgari ushbu dori-darmonlarni qabul qilmagan boʻlsa, allergiya paydo boʻlish ehtimoli bor.

Agar bola behush boʻlsa va unda tiriklik belgilari boʻlmasa, darhol tez tibbiy yordamni chaqirish kerak (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).

Nima qilish mumkin emas?

  • Kuygan maydoni katta qismni egallagan kichkintoylarni va yosh bolalarni sovuq suvga solmang, chunki ular ortiqcha sovqotishi mumkin, shuningdek, katta kuygan joylar 5 daqiqadan koʻproq vaqt davomida sovitilmasligi kerak!
  • Kuygan joyga kungaboqar yogʻi, sariyogʻ yoki boshqa yogʻlarni surtmang!
  • Kuygan joylarni ishqalamang, chunki bu shikastlanishni kuchaytirishi mumkin.
  • Hech qachon kuygan joyga tegmang yoki hosil boʻlgan pufakchalarni teshmang!
  • Hech qachon bolaga qichqirmang va uni xafa qilmang!
  • Vahima qilmang, chunki bu bolani yanada qoʻrqitadi!

Eʼtibor bering

  • Birinchi darajali kuyishlar (quyoshdan kuyishga oʻxshash va terining kichik maydonini qoplaydigan) shifokorga tashrif buyurgandan keyin uyda davolanishi mumkin.
  • Katta va ogʻir kuyishlar (ikkinchi va uchinchi darajali kuyishlar) shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi!
  • Kichkintoylar yoki yosh bolalarda kuyish roʻy bersa, shifokoringiz bilan maslahatlashing!