Ajoyib insonlar uchun maxsus xat

Kerak boʻladigan materiallar: qogʻoz (oddiy yoki rangli), qalamlar, rangli qalamchalar yoki markerlar; xatni bezash uchun ishlatilishi mumkin boʻlgan boshqa materiallar (yopishtirish uchun rangli iplar, stikerlar, jurnal rasmlari va boshqalar)

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: oila aʼzolaridan biri yoki boshqa ajoyib inson uchun xat tayyorlash farzandingizni alifbodan bir necha harf yozishga yoki oddiyroq rasm chizishga undaydigan mashgʻulotdir. Masalan, bu mashgʻulotga qoʻshningiz betob boʻlib qolganini sabab qilib koʻrsatsa boʻladi. “Kel, Aziza xolaga xat yozamiz. Tez orada tuzalib ketishini tilaymiz!” Birgalikda ishlash uchun joy toping. Ishni farzandingizdan: “Nima deyishimiz mumkin deb oʻylaysan?” deb soʻrashdan boshlashingiz mumkin. Agar unda gʻoya boʻlsa, xatga u aytgan soʻzlarni yozing. Keyin siz ham farzandingizdan biror-bir narsa yozishini soʻrashingiz mumkin. Bu yoshda ushbu yozuv farzandingiz ismining bir necha harflari boʻlishi mumkin. Siz uning ismini yozishingiz va farzandingizga hech boʻlmasa ismining bitta harfini koʻchirishni taklif qilishingiz mumkin. Natija qanday boʻlishidan qatʼi nazar, uni maqtang. “Bu Aziza xolani juda xursand qiladi. U sening yozganlaringni koʻradi. Unga rasm ham chizib berishni xohlaysanmi?” deb soʻrang. Buni farzandingizning mahorati va qiziqish darajasiga moslashtiring. Oddiy xatlarni tez-tez tayyorlang. Shunda u odatiy ishga aylanadi (farzandingizni hayratda qoldirish uchun oʻzingiz ham xat tayyorlashingiz mumkin!).

Birgalikda tuziladigan xaridlar roʻyxati yozishni boshlagan farzandingizni ragʻbatlantirishning yana bir usulidir. Siz nimadir yozib, farzandingizdan u ham siz yozgan soʻzni yoki boshqa biror narsa yozishni istaydimi-yoʻqmi – soʻrashingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu farzandingiz yozishni oʻrganishiga yordam beradigan koʻplab mashgʻulotlardan biridir. Farzandingiz yozishdan maqsad borligini, u boshqalarga zavq bagʻishlashi va yoqimli faoliyat boʻlishi mumkinligini koʻradi. Va, albatta, bu mashgʻulot farzandingizning ijodkorligini rivojlantiradi, chunki siz birgalikda xatni qanday qilib chiroyli bezash haqida bosh qotirasiz.