Aka-uka, opa-singillar oʻrtasidagi tortishuvlarning oldini olish: sakkizta maslahat
1. Har bir bolaning ehtiyojlariga eʼtibor bering
Yoshi va temperamentiga qarab farzandlaringizga turli qoida va cheklovlar kerak boʻladi. Lekin ular oʻzlarini sizning mehr-eʼtiboringizni qozonaman, deb raqobatlashishga muhtojdek his qilmasliklari uchun siz ularni birdek sevishingizni, qadrlashingizni his qilishlari lozim.
Har bir bola bilan alohida vaqt oʻtkazish, ularni quchoqlash va tabassum qilish, bir-biriga solishtirmaslik orqali bolalarda bu his-tuygʻularni tarbiyalash mumkin. Bolalar baham koʻrishni oʻrganishlari kerak, ammo ular baham koʻrish kerak boʻlmagan narsalar ham borligini bilishlari foydali boʻladi. Masalan, kichkina shaxsiy joyi boʻlishi. Buning uchun hatto opa-singil, aka-ukalar kirolmaydigan bir quti ham yaxshi fikr.
Agar siz kichik yoshdagi bolaga katta yoshli bolalarning oʻyini yo biror faoliyatini buzishga yoʻl qoʻyilmasligini yoki buning aksini anglatsangiz, bolalar oʻzlarini qadrli his qilishadi.
2. Aniq oilaviy qoidalarni belgilang
Qoidalar bolalarning nima yaxshi va nima yaxshi emasligini bilishlariga xizmat qiladi. Agar sizda oilaviy qoidalar mavjud boʻlsa, siz bolalarga bir-birlariga qanday munosabatda boʻlishlarini eslatishingiz osonroq kechadi.
Qoidalar ishlashi uchun baʼzi maslahatlar:
- Bolalarni qoidalarni belgilashga jalb qiling. Bu ularning qoidalarni eslab qolishiga yordam beradi.
- Uy qoidalarining nusxasini muzlatgichga yoki ular koʻrinadigan boshqa joyga qoʻying.
- Har safar bolalar qoidalarni buzganida: doʻstona eslatma bilan boshlang – “Biz hammamiz bir-birimizga yaxshi gapiryapmizmi?” Keyin yana bir imkoniyat bering. Agar bolalar yana qoidani buzsa, kelishilgan choradan foydalaning.
3. Bajariladigan ish tartibini moslashtiring
Oilaviy tartib-qoidalar boʻlsa, kundalik ishlarda kelishmovchiliklarni hal qilish ancha oson boʻladi. Bu shuni anglatadiki, kim qayerda oʻtirganini, kim nima bilan shugʻullanayotganini va qaysi kunlarda kompyuter yoki vanna uchun birinchi navbatda kim ekanini hamma biladi.
Taxminiy bajariladigan ishlar tartibi quyidagicha koʻrinishda boʻlishi mumkin:
- Televizor: kichik bola dasturni soat 18:30 dan 19:00 gacha tanlaydi. Katta bola soat 19.30 dan 20:00 gacha (kichigi uxlashga yotganidan keyin) tanlaydi.
- Oʻyinlar: aka-uka yoki opa-singillardan biri shanba kunini, ikkinchisi esa yakshanbani tanlaydi.
- Vannaxona: ertalab aka-uka yoki opa-singillardan biri birinchi navbatda hojatxonadan foydalanadi, keyin ikkinchisi.
- Uy ishlari: aka-uka va opa-singillar ham navbatma-navbat uy yumushlarini bajarishadi – yotoqxonani tozalash, oʻsimliklarni sugʻorish.
4. Ularni yaxshi “ushlang”
Bu shuni anglatadiki, siz bolalaringizga eʼtibor berishingiz va ular oʻzini yaxshi tutishganida ularga ijobiy fikr bildirishingiz kerak. Agar siz bolalarga nima yaxshi chiqayotganini aniq va tushunarli aytsangiz, bu xatti-harakatni yana takrorlashi ehtimoli koʻproq boʻladi.
Mana, aniq-ravshan, muayyan maqtov va qoʻllab-quvvatlashning baʼzi misollari:
- “Ikkalangizning navbatma-navbat velosiped haydashingiz menga yoqadi”.
- “Barchangiz birga oʻynasangiz, juda yaxshi oʻynaysiz”.
- “Hoy, sen bu ishni juda yaxshi bajarding. Buni kechki payt kino koʻrish bilan nishonlashga nima deysan?”
5. Bolalarga qanday munosabatda boʻlishni koʻrsating
Siz farzandlaringiz uchun birinchi raqamli namunasiz. Agar siz kelishmovchiliklarni janjalsiz hal qilsangiz, farzandlaringiz buni sezishadi.
Farzandlaringiz hamma narsani xotirjam va hurmat bilan hal qilishlarini istasangiz ular buni qilayotganingizni koʻrishlari kerak. Agar siz ularning boshqalardan kechirim soʻrashlarini istasangiz, ular siz ham kechirim soʻraganingizni koʻrishlari kerak.
6 Farzandlaringizni chiniqtiring
Siz bolalaringizning muammolarini hal qilish boʻyicha murabbiyisiz. Siz ularga kelishmovchiliklarni qanday hal qilishni oʻrgatasiz va ularga gʻazabni boshqarish, muzokaralar olib borish va halol oʻyin koʻnikmalariga yoʻnaltirasiz. Bu hakam boʻlishdan, janjallarni toʻxtatishdan yoki ziddiyat vaqtida aralashishdan koʻra yaxshiroqdir.
Bolalarga muammolarni qanday hal qilishni oʻrgatish boʻyicha baʼzi maslahatlar:
- Farzandlaringizga boshqalar bilan oʻynash imkoniyatini bering. Guruhlar, uchrashuvlar va oʻyinlar bolalarga birgalikda yaxshi oʻynashga, janjal oʻrniga ijobiy muqobil harakatlarni qoʻllashga yordam beradi.
- Bolalar biror narsani hal qilishda qiynalayotganini koʻrganingizda darhol gʻoyalarga oʻting. Misol uchun: “Ulashishni esdan chiqarma” yoki “Bolalar, ikkalangiz ham navbatma-navbat bajarishingiz mumkin boʻlgan usulni topa olasizmi?”
- Buni keyinchalik muhokama qiling. Kattaroq bolalar uchun muammoning mukammal yechimini ishlab chiqish janjalning takrorlanish ehtimolini kamaytiradi. Misol uchun: “Ikkalangiz ham kompyuterdan foydalanishingiz uchun qanday kelishib olsangiz boʻladi?”
- Bolalarga xotirjam soʻzlar yo ijobiy faoliyat orqali xafa yoki gʻazablanganda his-tuygʻularini ifoda etish yoʻllarini topishga yordam bering. Misol uchun, suvda oʻynash, boʻyash va plastilin yosh bolalar his-tuygʻularini ifoda etishga yordam beradi. Katta bolalar va oʻsmirlarga yugurish yoki musiqa chalish yordam berishi mumkin.
- Bolada “Hurmat bilan rozi boʻlmaslik” ijtimoiy koʻnikmasini shakllantiring. Bu ikkingiz ham rozi boʻlishingiz mumkin boʻlgan narsalarni aytishni oʻz ichiga oladi. Bolangizga masalan: “Buving tugʻilgan kuningga kitob berganini maʼqullayman (roziman), lekin opang xushmuomalalik bilan soʻrasa, oʻqishga berib turmaslik adolatdan emas deb oʻylayman” deysiz.
7. “Qaynoq nuqtalar”ni soviting
Bu usul qiyin vaziyatlarda ziddiyatlarni qanday hal qilish haqida oʻylashga yordam berishi mumkin. Baʼzi hollarda ziddiyatga yoʻl qoʻyilsa, siz siylash yo imtiyoz (yoki oilaviy qoidalaringizdagi ragʻbat)ni olib tashlashingizni tushuntiring. Lekin bolalar bilan janjalli vaziyatlarning oldini olish choralarini oldindan koʻrib qoʻyish maqsadga mivofiq.
Keng tarqalgan “jang”larni rejalashtirishga yordam beradigan baʼzi fikrlar.
Uyda
- Doim navbatma-navbat oʻynamasdan, birga oʻynashlari uchun yetarli oʻyinchoqlar mavjudligiga ishonch hosil qiling.
- Agar siz oʻyin kunlarini uyushtirayotgan boʻlsangiz, har bir farzandingiz uchun doʻst taklif qilib koʻring yoki farzandingizning doʻsti boʻlsa, unikiga borishi mumkinligini ayting.
- Agar vaziyat janjalli tus olayotganini sezsangiz, bolalarni chalgʻitib yuboring va muhitni oʻzgartiring. Masalan, yangi oʻyin taklif qiling, oʻzingiz ham bir muddat qoʻshiling, bolalarni oʻynash uchun koʻchaga olib chiqing yoki har ikki tomoningizda bola bilan kitob oʻqing.
- Agar oʻz yumushingiz chiqib qolsa bolalarga ular qiziqadigan mashgʻulotni (yoki ikkita alohida faoliyatni) taklif qiling.
Supermarketda
- Maxsus qoida yarating. Misol uchun: “Agar supermarketga borganimizda hech qanday xarhasha boʻlmasa, uyga qaytgach, parkka boramiz” kabi.
- Bolalardan savatning qarama-qarshi tomonlaridan ushlab turishlarini soʻrang. Yoki oziq-ovqat mahsulotlarini tanlash uchun ularni yoʻlakning qarama-qarshi tomonlariga yuboring.
- Agar supermarketda “janglar” juda “qattiq” boʻlsa, u holda xaridga borilayotganda bolalardan birini doʻstingiz yo oila aʼzolaringiz bilan qoldirishingiz mumkinligini bolalar ham bilishsin.
Tashqarida va atrofda
- Agar ular oʻrtasida janjal chiqishi mumkinligini sezsangiz, bolalarni chalgʻiting. Misol uchun, “Men aygʻoqchilik qilyapman” kabi oʻyinlar supermarketda, plyajda, jamoat transportida yoki yengil mashinada ish berishi mumkin.
- Jamoat transportida ularning orasiga oʻzingiz turib oling yoki bolalar aravachasini qoʻying.
Mashinada
- Orqa tomonda zaxira oʻrindiq boʻlsa bolalarni uning ikki tomoniga oʻtqazing. Kattaroq bolangizni janjal qilish ehtimoli yuqori boʻlgan bolalaringizning oʻrtasiga oʻtirgʻizing.
- Agar katta farzandingiz ancha katta boʻlsa, u holda uni oldingi oʻrindiqqa oʻtqazing. Shuni unutmang: baʼzi mamlakatlarda toʻrt yoshgacha boʻlgan bolalarning old oʻrindiqda sayohat qilishiga ruxsat berish noqonuniy hisoblanadi. Yetti yoshga toʻlmagan bolalar uchun esa yuridik talablar ham bor.
Harakat paytida janjal kelib chiqsa har doim toʻxtang. Boʻlmasa ular bilan gaplashish yo ularni ajratish uchun oʻgirilib, yoʻldan chalgʻiysiz.
8. Bolalar baʼzan oʻzlari hal qilishlariga imkon bering
Sizning yordamingiz bilan bolalar kelishmovchiliklarni janjalsiz, mustaqil ravishda hal qilishni oʻrganishlari mumkin. Bu usul bolalaringizga yaxshi munosabatda boʻlishga va boshqa bolalar bilan nizolarni ijobiy hal qilishga yordam beradi.
Farzandlaringiz buni tushunishiga yordam beradigan baʼzi maslahatlar:
- Agar bolalar biror narsani hal qilmoqchi boʻlsa, ularga imkon bering. Suhbatlashish, bahslashish va hatto qizgʻin munozaraga kirishish bolalarning muammoni hal qilishga intilayotgani belgisidir. Ularning oʻzaro munosabatlari haqida ijobiy fikr-mulohazalaringizni bildirib qoʻying. Misol uchun: “Bu muammoni oʻzingiz hal qilishga urinayotganingiz juda yaxshi”.
- Harakatlarini kuzating. Bu nizolarning toʻliq oldini olish uchun yaxshi imkoniyatdir.
- Maslahatlar bering. Muvaffaqiyatli takliflar bolalarga foydali boʻlishi mumkin. Misol uchun: “Kompyuterdan samarali foydalanish usulini qanday topdinglar?” yo “Adolatli boʻlishni va navbatga rioya qilishni unutmang. Kimning navbati oxirgi edi?”
- Uy qoidalariga koʻra siz kutgan narsalar boʻlmay, nizolar kelib chiqsa, oqibati nima boʻlishi mumkinligini doʻstona eslatib qoʻying. Masalan: “Esingizda boʻlsin, barchamiz yaxshi gap gapiramiz” yo “Qoʻl-oyoqlaringizni oʻzingiz boshqaryapsizmi?”
Baʼzida kompyuter yo biron sevimli oʻyinchoq tufayli kelishmovchilik boshlansa darhol taʼna va tortishuvlarga aylanadi. Agar bu ehtimol yuqori boʻlsa kompyuter yoqilayotganida, oʻyinchoq chiqarilishi bilanoq eslatmalar va mashgʻulotlarni boshlashingiz mumkin.