Aralash oilada yangi chaqaloq

Bolalar yangi chaqaloq tugʻilishini eshitganlarida xafa boʻlishlari odatiy holdir. Tugʻilajak chaqaloq haqida boshqa bolalaringiz bilan iloji boricha erta suhbatlashing, ularni rejalashtirish va tayyorgarlik koʻrish jarayoniga jalb qiling. Bolalarning odatdagi hayot tarzini ayniqsa dastlabki oylarda saqlab qolishga harakat qiling. Yangi tartiblarni asta-sekin kiriting. Chaqaloq tugʻilganda barcha bolalar oʻzlarini baxtiyor his qilishlari uchun turli yoʻllarni izlang.
Body

Aralash oilada chaqaloq tugʻilishini rejalashtirish

Aralash oila – er-u xotin, ularning birgalikdagi bolalari va oldingi munosabatlaridan tugʻilgan bolalardan iborat.

Agar siz aralash oilada yashasangiz va farzand koʻrish haqida oʻylayotgan boʻlsangiz, boshqa farzandlaringizga qachondir yangi chaqaloq dunyoga kelishi mumkinligi haqida oldindan aytishingiz mumkin. Masalan: “Kunlardan bir kuni oilamizda yana bir chaqaloq dunyoga kelishi mumkin”.

Yangi chaqaloqni kutayotganingizda: boshqa bolalar oʻzlarini qanday his qilishlari mumkin?

Aralash oilada yangi chaqaloq noyob holatga ega – u oilada biologik jihatdan hamma bilan bogʻliq boʻlgan yagona shaxsga aylanadi.

Yangi chaqaloq kelishini aytganingizda bolalaringiz xursand boʻlishlari mumkin. Biroq baʼzi oilalarda bolalar bundan xafa boʻlishlari, tashvishga tushishlari yoki oʻzlarini ishonchsiz his qilishlari ham normal holatdir. Aralash oila esa bu his-tuygʻularni kuchaytirib yuborishi mumkin.

Baʼzan aralash oiladagi bolalaringiz tugʻilajak chaqaloq siymosida tahdidni his qilishlari mumkin, chunki:

  • homiladorlik juda koʻp eʼtiborni jalb qiladi;
  • ular ota-onasining “kichkintoyi” yoki “yagona farzand” kabi maxsus mavqeini yoʻqotishdan xavotirda;
  • bolalar ota-onalari ularga kam vaqt ajratishidan va kam muloqot qilishidan xavotirda;
  • ularni chaqaloq qayerda uxlashi kabi maishiy masalalar ham tashvishlantiradi;
  • chaqaloq ikkalangizga ham tegishli va ular oʻzlarini keraksizdek his qilishadi.

Yangi chaqaloq tugʻilishini kutayotganingizda: siz va turmush oʻrtogʻingiz nimani his qilishingiz mumkin?

Yangi chaqaloq borasida turli xil his-tuygʻularni boshdan kechirish odatiy hol. Boshqa bolalaringizning qanday munosabatda boʻlishlari sizda hayajon, umid va tashvish kabi holatlarni uygʻotadi.

Siz va turmush oʻrtogʻingiz bolaga turli xil munosabatda boʻlishingiz mumkin, ayniqsa, biringiz ilk bor ota yoki ona boʻlayotgan boʻlsangiz. Agar bu sizning birinchi farzandingiz boʻlsa-yu, lekin turmush oʻrtogʻingizning boshqa farzandi bor boʻlsa, turmush oʻrtogʻingiz siz kabi hayajonlanmaganini his qilishingiz mumkin. Bu odatiy holdir – barcha juftliklar homiladorlik davrida turli his-tuygʻular va bosqichlarni boshdan kechiradi.

Oʻzingizni qanday his qilishingizdan qatʼi nazar, homiladorlik davrida bir-biringizni qoʻllab-quvvatlashingiz va boshqa farzandlaringizni chaqaloq tugʻilishiga qanday tayyorlayotganingizni muhokama qilishingiz muhimdir.

Boshqa bolalarni chaqaloq tugʻilishiga tayyorlash

Agar homilador boʻlsangiz, boshqa farzandlaringizni chaqaloq tugʻilishiga qanday tayyorlashingiz oʻzingizga bogʻliq. Farzandlaringizning yoshi ham muhim ahamiyatga ega.

Chaqaloq tugʻilishini homiladorlikning erta davrida, chaqaloq tugʻilishidan kamida 3–4 oy oldin aytilsa, yaxshi boʻladi.

Farzandlaringiz bilan ularning oʻy-tashvishlari haqida suhbatlashish va ularni tinchlantirish muhimdir. Agar ular xafa boʻlsa yoki gʻazablansa, ularni quchoqlang, ularga taskin bering va ijobiy hodisalar haqida gapiring – masalan, ular bilan oʻynashi mumkin boʻlgan uka yoki singil kelishini ayting.

Bu holatga koʻnikishi uchun ularda koʻp vaqt borligini ayting.

Bundan tashqari, tugʻilishni rejalashtirish va bunga tayyorgarlik koʻrishga farzandlaringizni jalb qilish mumkin, bu ularda qiziqishni oshiradi. Agar buni ijobiy va hayajonli jarayonga aylantira olsangiz, farzandingiz katta ehtimol bilan bu oʻzgarishlar nafaqat chaqaloqqa, balki oilaning barcha aʼzolariga ham tegishli ekanini his qiladi.

Farzandlaringizdan biror buyum borasida fikr yoki oʻyinchoq tanlashda yordam soʻrang, bu orqali ular jarayonda qatnashayotganini his etadi.

Farzandlaringiz tugʻilajak chaqaloq qanday oʻsayotganini kuzatishni xohlashi mumkin. Masalan, ular ultratovush tekshiruvlaridagi tasvirlarni yoki tugʻilajak chaqaloqning tepinishini qiziqib tomosha qiladi.

Farzandlaringiz bilan tayyorgarlik koʻrayotganda ortiqcha hayajonlanmaslikka harakat qiling. Agar chaqaloq uchun joy yoki xona ajratish masalasida bosh qotirayotgan boʻlsangiz, boshqa farzandlaringiz ham shunga oʻxshash joylarga ega ekaniga ishonch hosil qiling. Bu – muhim. Agar ularda alohida joy yoki xona yoʻq boʻlsa, chaqaloq uchun rejalashtirilayotgan joy boshqa bolalaringiznikidek boʻlishi kerak.

Сhaqaloq tugʻilgandan keyin: boshqa bolalarning moslashishiga yordam beramiz

Chaqaloqni tugʻuruqxonadan uyga olib kelgach, boshqa bolalaringizning moslashishiga yordam berish uchun turmush oʻrtogʻingiz bilan koʻp ishlar qilishingiz mumkin. Bu yerda baʼzi maslahatlar keltirilgan:

  • Farzandlaringiz sizni chaqaloqdan qizgʻansa, ularning his-tuygʻularini toʻgʻri qabul qiling. Lekin ulardan chaqaloqqa xavfsiz va ehtiyotkor munosabatda boʻlishlarini kutayotganingizni aytishingiz mumkin.
  • Barcha bolalar turli vaqtlarda – tugʻilgan kunlarida yoki biror yutuqqa erishganlarida, masalan, maktabda yaxshi baho olganlarida oʻzlarini baxtiyor his etishlari uchun turli usullarni izlang.
  • Farzandlaringizning kun tartibi ayniqsa birinchi oylarda doimiy boʻlsin. Agar oilaning kun tartibiga oʻzgartirishlar kiritmoqchi boʻlsangiz, uni asta-sekin amalga oshiring.
  • Farzandlaringizga chaqaloq bilan qanday qilib xavfsiz oʻynash mumkinligini koʻrsating va katta yoshdagi bolalaringizga masʼuliyatli topshiriq bering, masalan, chaqaloqni aravachada bogʻda sayr qildirishni buyuring. Bolalar shu kabi ishlarda yordam berganda ularni eng yaxshi aka yoki opa boʻlganlari bilan tabriklang.
  • Bobo-buvilarga va boshqa kattalarga, masalan, oʻqituvchilarga yangiliklarni ayting va katta farzandlaringizga qoʻshimcha eʼtibor berishlarini, bolalarda biror qiyinchilik paydo boʻlsa, yordam berishlarini soʻrang.

Katta bolalaringizni asrab olgan boʻlsangiz va chaqalogʻingiz birinchi farzandingiz boʻlsa, siz unga parvona boʻlib, asrab olgan farzandlaringiz biroz eʼtiborsiz qolayotganini payqashingiz mumkin. Bu vaqtda oʻzingizni aybdor his qilmaslikka urining. Har kungi bir nechta iliq soʻz yoki muntazam quchoqlashlar siz va asrab olgan farzandlaringiz orasidagi aloqani qoʻllab-quvvatlaydi.

Mutaxassislarning aka-uka va opa-singillar orasidagi munosabatlarni oʻrnatish haqidagi maqolalarini oʻqing. Ular orqali yosh bolalar va maktabgacha yoshdagi bolalar, katta yoshdagi bolalar va oʻsmirlarning yangi chaqaloqqa moslashishiga yordam berish haqida koʻproq maʼlumotga ega boʻlishingiz mumkin.

Sobiq turmush oʻrtogʻingiz va katta oila

Agar chaqaloqning tugʻilishini kutayotgan boʻlsangiz, sobiq turmush oʻrtogʻingizga xabar bering. U boshqa birovdan koʻra, oʻzingizdan eshitgani yaxshi. Sobiq turmush oʻrtogʻingiz yangiliklarni qabul qilishi uchun biroz vaqt kerak boʻlishi mumkin.

Boshqa oila aʼzolari siz kutgan tarzda javob bermasliklari mumkin. Masalan, bobo-buvilar qarib qolganlari tufayli keyingi nabilaraga xuddi katta nabiraga parvarishida yordam berganlari kabi yordam bera olmasliklaridan xavotirlanishlari mumkin. Bunday holatlarda ularga parvarish jarayonida oʻzlarining xohishlariga koʻra qatnashishlari mumkinligini aying.