Arining gʻuvillashi

Kerak boʻladigan materiallar: katta adyol yoki yumshoq yuza.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz uchun hamma narsa butunlay yangi, shu tufayli u oʻz atrofini anglashi uchun sezgilarini asta-sekin rivojlantirishi kerak. Bu oʻyin yordamida farzandingiz tovushlar qayerdan kelishini, tananing turli qismlarini ushlab aniqlashni oʻrganishi mumkin.

Oʻyinni boshlashdan oldin joy tayyorlab olishingiz kerak. Dastlab farzandingizni adyolga yoki yumshoq yuzaga chalqancha yotqizing, oʻzingiz esa bola sizni eshita oladigan darajada yaqin oʻtirishingiz kerak.

Soʻng asalaridek gʻuvillab, barmogʻingizni tanasi boʻylab harakatlantiring. Farzandingiz eʼtibor berayotganiga ishonch hosil qilishingiz kerak. Bir necha soniya asalaridek gʻuvillaganingizdan soʻng, barmogʻingizni tekkazib: “Bzz”, deng. Uning tanasining turli qismlariga tegib, oʻyinni takrorlang.

Oʻyinni yana takrorlang, ammo bu safar barmoqning harakatini boshingizni burib kuzatib boring. Shu tarzda farzandingiz ovoz qayerdan kelayotganini topadi va uni harakat bilan bogʻlaydi. Shuningdek, siz qiziqishni saqlab qolish va turli xil tovushlarni qabul qilishni rivojlantirish uchun shovqin ohangini almashtirishingiz mumkin.

Oxirida farzandingizni qorniga yotqizib, oʻyinni takrorlang. Bu safar farzandingiz barmoqning qanday harakat qilayotganini koʻrmaydi va gʻuvillash tanasiga yetib borishini kutishga majbur boʻladi. Bolaga ijobiy taʼsir etishi uchun tabassum qilishni va xotirjam harakatlanishni unutmang. Farzandingiz juda nozik, shuning uchun siz unga doimo ehtiyotkorlik bilan teginishingiz kerak, siz chiqaradigan tovush esa juda baland boʻlmasligi kerak. Agar farzandingiz qoʻrqayotganini sezsangiz, sekin va past ovozda boshlang, keyin ovoz va harakatni kuchaytiring.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: ushbu quvnoq oʻyin kichkintoyingiz boshi va boʻynini yaxshiroq boshqarishiga yordam beradi va tovushlarni aniqlab, ularni tanasi orqali his qilish yordamida eshitish qobiliyatini rivojlantiradi. Ushbu turdagi faoliyat tufayli kichkintoyingiz ijtimoiy taʼsir oʻtkazish qobiliyatlarini rivojlantira boshlaydi.