Avtobusga minish
Kerak boʻladigan materiallar: stullar, rekvizitlar (ixtiyoriy), pul yoki jeton (ixtiyoriy).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: stullarni xonaga avtobus salonidagi kabi joylashtiring – bitta stulni haydovchi uchun oldinga, qolganini esa yoʻlovchilar uchun orqaga qator qilib qoʻyib chiqing. Stullar va ishtirokchilar qancha koʻp boʻlsa, oʻyin shuncha qiziq boʻladi.
Qatnashchilardan birini haydovchi etib tayinlang va undan haydovchi oʻrindigʻini egallab, oʻzini goʻyo avtobus boshqarayotgandek tutishini soʻrang. Uni chorrahadan burilish, svetoforda toʻxtash, signal berish kabi harakatlarni rolga kirishib, zavq bilan bajarishga undang.
Qolgan oʻyinchilar oʻzlarining xayoliy bekatlarida avtobus ularni olib ketishini kutib turadi. Haydovchi vaqti-vaqti bilan “toʻxtab”, qaysi bekatga yetib kelganini eʼlon qilishi lozim. Bekat istirohat bogʻi, shahar markazi, hayvonot bogʻi, kutubxona yoki maktab boʻlishi mumkin. Shundan soʻng yoʻlovchilar oʻz joylarini egallab, yoʻlga tushishlari mumkin!
Avtobus yoʻnalishini oʻyin boshlangunga qadar belgilab olishingiz maqsadga muvofiq. Shunda yoʻlovchilar oʻzlariga kerakli manzilni tanlab, avtobusga oʻtirib, belgilangan joyda tushib qolib, avtobusning ortga qaytishini kutib, soʻng yana yoʻllarida davom etishlari mumkin boʻladi. Shuningdek, siz yoʻlovchilardan chipta sotib olishlarini yoki jetondan foydalanishlarini soʻrasangiz boʻladi, bu ularning hisoblash va arifmetik malakalarini rivojlantiradi.
Asosiy maqsad oʻyinchilar oʻz tasavvurlari va improvizatsiya malakalarini ishga solgan holda bir olam zavq olishlarini taʼminlash. Ular oʻzlarining gʻaroyib sayohatlarida qayerga yoʻl olar ekan-a?
Bolalardan o‘zlarining amaliy san’at va hunarmandchilik mahoratini sinab ko‘rishlari va o‘yin uchun rekvizitlar yasashlarini so‘rab ko‘ring, masalan, haydovchi shlyapasi va rulni. Shuningdek, ular sayohatda o'zlari bilan bir nechta narsalarni ham olishlari mumkin!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu qiziqarli jamoaviy (oilaviy) oʻyin bolalar avtobusdagi xayoliy sayohatga yoʻl olishda tasavvuri va improvizatsiya qilish mahoratidan foydalanishi uchun zamin yaratadi! Shuningdek, bu oʻyindan arifmetika va hisobni oʻrgatishda ham samarali foydalanish mumkin.