Axlat (najas) tutolmaslik
Axlatni tutolmaslik sabablari
Аxlat tutolmaslik – ichak harakatini nazorat qila olmaslik natijasida axlat (najas) toʻsatdan toʻgʻri ichakdan chiqib ketadi. Axlatni tutolmaslik gazlarni chiqarish paytida, najasning nazoratsiz chiqarilishigacha kuzatilishi mumkin.
Bolalarda axlatni tutolmaslikning eng keng tarqalgan sababi surunkali ich qotishi hisoblanadi. Ichakning pastki qismining axlat bilan doimiy ravishda toʻlib turishi anal sfinkterga bosim oʻtkazadi va bolaning nazoratisiz axlatning ortiqchasi oʻz-oʻzidan tashqariga chiqib ketishiga sabab boʻladi.
Erta yoki majburiy tuvakka oʻtirishga oʻrgatish yoki aka-ukaning tugʻilishi kabi hissiy muammolar ham axlat tutolmaslikka olib kelishi mumkin.
Axlat tutolmaslikning boshqa sabablariga kamdan kam uchraydigan nevrologik va mushak kasalliklari, shuningdek, orqa chiqaruv teshigi (anus)ning nuqsonlari kiradi.
Axlat tutolmaslik, shuningdek, enkoprez deb ham ataladi.
Axlat tutolmaslik tasodifiy roʻy beradi va bola buni nazorat qila olmaydi. Bu siz uchun muammo tugʻdirishi, tashvishlantirishi yoki xafa qilishi mumkin va bu meʼyoriy holat. Agar siz ushbu vaziyat bilan tanish boʻlsangiz, qanday yordam berish mumkinligini tushuntiradigan pediatr bilan bogʻlaning.
Axlatni tutolmaslikning belgilari
Axlatni tutoolmaslik har xil koʻrinishda boʻlishi mumkin, farzandingizning ichki kiyimidagi kichik dogʻlardan tortib, katta najas boʻlaklarigacha boʻlishi mumkin.
Farzandingiz hojatxonadan boshqa joyda (odatda toʻgʻridan toʻgʻri ichki kiyimida) axlatini chiqarib yuborishga qoʻshimcha ravishda unda ich qotishi belgilari ham boʻlishi mumkin. Bola ichini boʻshatishga harakat qilganda ogʻriq boʻladi, natijada u hojatxonaga borishdan qochishga urinadi. Shuningdek, unda qorin ogʻrigʻi bir paydo boʻlishi, bir yoʻqolishi yoki hojatga chiqish xohishi oraligʻi uzoq boʻlishi mumkin.
Shuningdek, najas tutolmaydigan bolalar kunduzi yoki kechasi siydik tutolmaslikdan ham aziyat chekadi.
Axlat tutolmaydigan bolalarning qariyb 30–50 foizi hissiy yoki xulqiy muammolarga ega.
Barcha bolalar maʼlum bir yoshga kelib ichaklarini nazorat qilishni oʻrganadi. Bu holat har bir bola uchun oʻziga xosdir. Farzandingiz toʻrt yoshga toʻlmagan boʻlsa, najas tutolmaslik odatda kasallik hisoblanmaydi.
Bolani qachon pediatrga koʻrsatish kerak?
Farzandingiz toʻrt yosh va undan katta yoshda boʻlsa hamda u axlatni tutolmaslik yoki ich qotishidan aziyat cheksa, uni pediatrga koʻrsatishingiz kerak.
Pediatr nevrologik kasalliklar yoki mushaklarning shikastlanishi yoʻqligini tekshiradi, shuningdek, muammoni bartaraf etish uchun tekshirish rejasini taklif qiladi.
Axlatni tutolmaslikni davolash
Axlatni tutolmaslikni davolash uning kelib chiqish sababiga bogʻliq.
Agar axlatni tutolmaslikning asosiy sababi surunkali ich qotishi boʻlsa, pediatr davolanish rejasini ishlab chiqishga yordam beradi.
Farzandingizga hojatxonada qanday oʻtirishga va muntazam ravishda kuchanishga undash orqali hojatxonadan qanday foydalanishni oʻrganishga yordam berishingiz mumkin. Agar u buni nonushta, tushlik va kechki ovqatni tugatgandan soʻng, taxminan 20–30 daqiqa oʻtgach, besh daqiqa davomida bajara olsa, yaxshi boʻladi.
Agar farzandingizda najasni tutolmaslik bilan bogʻliq xulqiy muammolari boʻlsa, unga mutaxassis maslahati yoki psixoterapiya kerak boʻlishi mumkin.
Qanday davolashdan qatʼi nazar, koʻpchilik bolalarda najas tutolmaslik odatda yoʻqoladi.