Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalarga moslashishda yordam berish

Agar ayriliq yoki ajrashishni boshdan kechirayotgan boʻlsangiz, bolalar oʻzlarini notinch his qilishlari – odatiy hol. Siz farzandingizga haqiqatni aytish, uni tinchlantirish va kun tartibiga rioya qilish orqali yordam berishingiz mumkin. Bolalarni kichik qarorlar qabul qilishga jalb eting, ularni oʻz his-tuygʻulari haqida gapirishga undang va oilaviy dam olishga vaqt ajrating.
Body

Bolalarning ayriliq va ajralishga moslashishi

Ayriliq va ajralish odatda oilaviy hayotdagi katta oʻzgarishlarni anglatadi. Bu oʻzgarishlar roʻy berganda bolangiz qattiq xafa boʻlishi mumkin. Farzandingizning xafa boʻlishi – meʼyordagi holat. U bu hissiyotlar sababli bunday vaziyat hamma uchun ham ogʻir damlar ekanini tushunadi.

Farzandingiz bilan suhbatlashish – oiladagi oʻzgarishlarga moslashishga yordam beradigan eng yaxshi usullaridan biri. Odatiy kun tartibiga rioya qilishda davom etish kabi amaliy yondashuvlar bilan ham yordam berishingiz mumkin.

Farzandingiz bilan ayriliq va ajralish haqida suhbatlashish

Farzandingiz bilan ajralish va alohida yashashga olib kelgan oʻzgarishlar haqida qanday gaplashish toʻgʻrisida baʼzi maslahatlar.

Oddiy va tabiiy boʻling

Farzandingiz barcha tafsilotlarni bilishi shart emas. Ammo u nimalar boʻlayotganini bilishga haqlidir. U oxir-oqibat hammasi yaxshi boʻlishini ham anglashi kerak.

Eng muhimi, haqiqatni farzandingizga tushunarli boʻlgan, aniq va sodda tilda ayting. Masalan: “Ikkimiz ham seni juda yaxshi koʻramiz va senga gʻamxoʻrlik qilamiz. Lekin biz shunday qarorga keldik, otang va men alohida yashasak, bu oilamiz uchun yaxshi boʻladi”.

Qiyin savollarga javob berishda shoshilmang

Farzandingiz sizga qiyin savol bersa, masalan: “Men endi qayerda yashayman?” deb soʻrasa, “Sen bu haqda biror narsa eshitdingmi?” deb savol bering. Bu bolangiz nimani bilishini yoki nimani tushunmaganini aniqlashga yordam beradi.

Baʼzida qiyin savolga qanday javob berishni bilmay qolasiz, shuning uchun oʻylab olishingiz kerak. Agar darhol javob bera olmasangiz, bolangizga keyin telefon qilishingizni yoki kechroq gaplashishingizni ayting. Masalan, bunday deyishingiz mumkin: “Hozir bu savolning javobini bilmayman. Otang va men hali ham bu savolni muhokama qilyapmiz. Lekin aniq bilaman, sen ikkovimiz bilan ham birga vaqt oʻtkaza olasan”.

Farzandingiz sizga sobiq turmush oʻrtogʻingiz haqida savollar bersa, unga sobiq turmush oʻrtogʻingizning oʻzi bilan gaplashishni maslahat bering. Agar sobiq turmush oʻrtogʻingiz bilan munosabatlaringiz yaxshi boʻlsa, unga farzandingizning savollari haqida aytishingiz mumkin.

Mohiyatni his qiling

Farzandingizning savollari muayyan muammolarga asoslanishi mumkin. Masalan, farzandingiz onasi qachon qaytib kelishini soʻrasa, demak, u onasini qachon koʻrishini bilmoqchi, shu sababli tashvishlanyapti. Farzandingizdan uni nima tashvishga solayotganini soʻrang va oddiy va tushunarli soʻzlar bilan tinchlantiring. Masalan, “Xavotir olma, sen oldingidek har hafta onang bilan koʻrishasan. Tushunaman, bu sen uchun juda muhim”.

Farzandingiz qanday savol berishidan qatʼi nazar, siz va sobiq turmush oʻrtogʻingiz uni yaxshi koʻrishingizga ishonch hosil qilishi kerak.

Suhbatni qoʻllab-quvvatlang

Farzandingiz muammolar haqida oʻylashni davom ettirishi mumkin, shuning uchun savollarga har safar javob berishga tayyor turing. Agar suhbatlashishga muntazam vaqt ajratsangiz, bu farzandingizga oʻz muammolarini muhokama qilish imkoniyatini beradi. Masalan, kechki ovqatdan keyin, kitob oʻqishingizdan yoki birgalikda oʻyin oʻynashdan oldin suhbatlashib olishingiz mumkin. Bu holatdan foydalanib farzandingizga boshqa yangiliklarni ham aytishingiz mumkin.

His-tuygʻular haqida gapiring

Farzandingiz qaygʻuda ekaningiz, gʻazablanayotganingiz yoki xafa boʻlganingizni albatta koʻradi. Bu – tabiiy holat va hatto foydali ham. Farzandingiz uni yaxshi koʻrishingizni, bunday vaziyat uchun u aybdor emasligini, hamma narsa yaxshilanishini tushunishi va bilishi muhim.

His-tuygʻularingiz haqida xotirjam va ogʻriqlarsiz gapirishingizdan bolangiz bu vaziyat u uchun ham normal ekanini tushunadi. Farzandingizning his-tuygʻularini ifodalashga harakat qiling. Bu uning his-tuygʻularini yaxshiroq oʻrganishingizga va tushunishingizga imkon beradi. Masalan, “xafa boʻlganingni koʻryapman” yoki “tushundim, bu seni xafa qiladi” kabi soʻzlarni aytishingiz mumkin.

Farzandingizning alami va gʻazabini eshitish sizga ogʻir boʻlishi mumkin, lekin u ham kechinmalarini aytib olishi kerak.

Yana boshqalar bilan ham suhbatlashishni taklif qiling

Baʼzan bolalar oʻz his-tuygʻulari va kechinmalarini ota-onasidan boshqa odam bilan osonroq boʻlishadi. Farzandingizga boshqa ishonchli katta yoshli inson – doʻsti, oʻqituvchisi, xolasi, amakisi, amakivachchasi, bobosi yoki buvisi bilan gaplashishni taklif qilishingiz mumkin. Agar doʻstlaringiz va qarindoshlaringiz farzandingiz bilan gaplashayotgan boʻlsa, ulardan sobiq turmush oʻrtogʻingiz haqida salbiy fikr bildirmasliklarini iltimos qiling.

Ayriliq yoki ajralishdan keyingi odatiy kun tartibi va ​​kundalik hayot

Kundalik tadbirlar bolalarga oʻzlarini himoyalangan, xavfsiz va nazorat ostida his qilishlariga yordam beradi, shuning uchun ularga rioya qilish bolalarga ayriliq va ajralish bilan kurashishga yordam beradi.

Farzandingiz uchun haqiqatan ham muhim boʻlgan odatlarini aniqlang. Deylik, bu doʻsti bilan birga oʻynash yoki uyqudan oldin yaxshi koʻrgan kitobini oʻqish boʻlishi mumkin. Farzandingizga bu ishlar bilan shugʻullanishda davom etishini tushuntiring. Iloji boʻlsa, muhim narsalarni, masalan, farzandingiz boradigan maktabni oʻzgartirmaslikka harakat qiling.

Anʼanalarga rioya qilish ham foyda beradi. Farzandingizni uygʻotish usulingiz yoki uxlashidan oldin aytadigan soʻzlaringiz – bu siz oson bajara oladigan va tinchlantiradigan odatlardir.

Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bilan qaror qabul qilish

Xonasini qanday tartibga solish yoki kechki ovqatga nima tayyorlash kabi har kungi yumushlarda kichik qarorlarni bolangiz bilan birga qabul qiling. Natijada u oʻzini vaziyatni nazorat qila olayotgandek his etadi.

Katta yoshdagi bolalar bilan ular siz yoki sobiq turmush oʻrtogʻingiz bilan qancha vaqt oʻtkazishni xohlashlari haqida gaplashishingiz mumkin. Bolani diqqat bilan tinglash va uning fikri ahamiyatga ega ekanini tushuntirish muhim.

Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bilan vaqt oʻtkazish

Sayr qilish, musiqa eshitish va birgalikda raqsga tushish kabi oddiy koʻngilochar tadbirlarga vaqt ajrating. Baʼzi talablarni birinchi marta soʻralgandayoq bajarish foydali. Masalan, bogʻda ovqatlanish.

Ayriliq yoki ajralishdan keyin bolalar bogʻchasi, maktabgacha taʼlim tashkiloti yoki maktabning qoʻllab-quvvatlashi

Ayriliq yoki ajrashgandan soʻng bolangizning xatti-harakatlarida oʻzgarishlar boʻlishi mumkin, bu uning qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlashga muhtojligidan dalolat. Uning oʻqituvchilari bu belgilarga eʼtibor berishlari va unga yordam berishlari mumkin.

Oilaviy zoʻravonlik oqibatlari munosabatlar tugagandan keyin ham saqlanib qolishi mumkin. Oilaviy zoʻravonlik ota-onalar ajralganida boshlanishi yoki yomonlashishi ehtimoli bor. Oiladagi har qanday zoʻravonlikka yoʻl qoymaslik kerak. Agar oʻzingiz yoki biror tanishingiz oilaviy zoʻravonlikka duch kelsa, mutaxassisga, masalan, oilaviy shifokorga, ruhshunosga, ichki ishlar boʻlimiga yoki ishonch telefoniga murojaat qiling.