Ayt va koʻrsat
Kerak boʻladigan materiallar: farzandingizning bir nechta kiyimi, qogʻoz xalta, jurnallar yoki rasmli kitoblar.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: nomlash oʻyinini oʻynang. Farzandingiz nomini biladigan tana aʼzolari, siz har kuni foydalanadigan buyumlar va farzandingiz taniydigan odamlar ismini ayting. Shunda u hamma narsaning nomi borligini tushunib oladi va asta-sekin bu ism va nomlarni oʻrgana boshlaydi.
Paypoq yoki qogʻoz xaltadan ikkita qoʻgʻirchoq yasang – biri siz, ikkinchisi farzandingiz uchun. Qoʻgʻirchogʻingiz farzandingiz bilan yoki uning biror oʻyinchogʻi bilan “gaplashsin”. Farzandingizni “javob berishga” undang va uning har bir javobidan soʻng oʻyinni davom ettiring. Boshqa kichik oʻyinchoqlardan ham “qoʻgʻirchoq” sifatida foydalanishingiz mumkin.
Birgalikda “Bu nima?” oʻyinini oʻynang. Kiyim yoki oʻyinchoqning, tana aʼzolari, buyum yoki rasmning biron qismini koʻrsatib, boladan uning nomini aytishni soʻrang... Agar farzandingiz savolga javob bermasa, uning oʻrniga oʻzingiz javob bering va farzandingizni ortingizdan takrorlashga undang. Buni sinov shaklida emas, balki koʻngilochar uslubda oʻtkazing.
Jurnallardan kesib olingan oddiy rasmlarni fotoalbomga joylang. Bola oʻzining va oila aʼzolarining fotosuratlarini tomosha qilishni juda yoqtiradi. Bu yoshdagi bolalar uy hayvonlarining rasmlarini juda xush koʻradi.
Kiyinishdan oldin farzandingizning kiyimlarini karavotning ustiga yoyib chiqing. Farzandingizdan koʻylak, shim, poyabzal yoki paypoqni olib berishini soʻrang.
Ikkita bir xil finjon (yoki piyola) va bitta kichik oʻyinchoq oling. Farzandingiz sizni kuzatayotgan paytda oʻyinchoqni toʻnkarilgan finjon ostiga yashiring. “Oʻyinchoq qayerga ketdi?” deb farzandingizdan soʻrang. Farzandingiz oʻyinchoqni topganidan soʻng: “Bu nima? Nomini ayt-chi!” deb soʻrang.