Barmoqlar bilan rasm chizamiz

Kerak boʻladigan materiallar: yuviladigan barmoq boʻyoqlari / toksik boʻlmagan boʻyoqlar; boʻyoqni aralashtirish uchun sayoz idish, qogʻoz, fartuk yoki eski kiyimlar, dasturxon, eski paxmoq mato.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: ham ijod uchun, ham biryoʻla yigʻishtirish uchun (ayniqsa, kichik yoshdagi bolalar bilan) kerak boʻladigan barcha jihozlarni oldindan tayyorlab oling.

Bolalardan qaysi hayvonlarni tasvirlamoqchi ekanliklarini soʻrang. Ular mushuk, fil, sichqon, toshbaqani chizishi yoki ferma, hayvonot bogʻi, tropik oʻrmon manzarasini tasvirlash uchun boshqa bir nechta hayvonlarni tanlashi mumkin!

Endi boʻyoqlarni oling! Boʻyoqlarni bir-biriga aralashtirish uchun sayoz idishni ishlatishingiz mumkin – bu bolalarga yangi ranglarni tayyorlashni oʻrgatishda juda foydali.

Bolalardan barmoqlarini oldin boʻyoqqa, soʻngra qogʻozga bosib, hayvonlarning boshi va tanasini chizishni soʻrang.

Boʻyoqning qurishini kuting, keyin bolalarga barmoqlari yordamida quloq, dum, chiziqlar kabi qolgan qismlarni chizib, ishni yakunlashni ayting.

Kattaroq yoshdagi bolalar oʻz tasavvurlaridan foydalanib barmoqlari bilan yanada toʻliqroq manzarani, masalan, toshbaqa atrofidagi dengiz yoki fil atrofidagi oʻt va daraxtlarni tasvirlashi mumkin.

Kichik yoshdagi bolalar uchun boʻyoqni qogʻozga surkashdan tiyilish qiyin boʻlishi mumkin. Istagancha boʻyoq surkashlari uchun ularga qoʻshimcha qogʻoz berib turing.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: kichkintoylar boʻyoqlarni tanlab charchamaydi! Ushbu ijodiy faoliyat bolalarga rang va detallar yordamida oʻzlarining sevimli hayvonlarini barmoqlari bilan tasvirlab, oʻzlarini namoyon etish imkonini beradi!