Begona odamlardan qoʻrqish: goʻdaklar va kattaroq yoshdagi bolalar

Begona odamlardan qoʻrqish odatiy hol. Bu qoʻrquv taxminan bola sakkiz oyligida paydo boʻlishi va odatda ikki yoshga kelib yoʻqolishi mumkin. Sabr-toqatli boʻlish va bolangizni asta-sekin yangi odamlar bilan tanishtirish orqali unga begonalar atrofida oʻzini qulay his qilishi uchun yordam berishingiz mumkin. Begona odamlardan qoʻrqadigan katta yoshdagi bolalarda esa, uni yanada mustaqil qilish ustida ishlaganingiz afzal.
Body

Begona odamlardan qoʻrqish nima?

Goʻdaklar va kichkintoy bolalarda begona odamlardan qoʻrqish – odatiy hol. Bu bola rivojlanishining normal bosqichidir.

Bu chaqalogʻingiz sizga oʻxshagan tanish odamlarga nisbatan sogʻlom munosabat rivojlana boshlaganida paydo boʻladi. Kichkintoylar oʻzlari tanigan kattalarni afzal koʻrgani sababli, notanish odamlarga shunday munosabatda boʻlishi – yigʻlashi yoki bezovtalanishi, jim boʻlib qolishi, qoʻrqib ketishi yoki yashirinishga harakat qilishi mumkin.

Begona odamlardan qoʻrqish odatda 7–10 oylik davrda kuchayadi. Bu bir necha oy yoki undan koʻproq davom etishi mumkin. Qoʻrquv, odatda, 18 oydan 2 yoshgacha boʻlgan davrda oʻtib ketadi.

Misol uchun, 6 oydan beri enagasi bilan birga boʻlgan 10 oylik goʻdak yangi enaga kelganidan xafa boʻlishi, yigʻlashi, boshini onasining koʻksiga bosishi yoki enaga uni ota-onasidan olib ketmoqchi boʻlganida qichqirishi mumkin.

Begona odamlardan qoʻrqishda yordam: nima qila olasiz?

Begona odamlardan qoʻrqish goʻdak va kichkintoylar normal rivojlanishining bir qismi boʻlsa-da, bolangizga koʻp xafa boʻlmasligi uchun yordam berishda bir nechta chora-tadbirlarni koʻrsangiz boʻladi.

Farzandingiz begonalar oldida oʻzini xotirjam his qilishi uchun qanday yordam berish lozim?

  • Farzandingiz begonalardan qoʻrqishini eʼtiborsiz qoldirmang yoki masxara qilmang. Bu uning faqatgina qoʻrquvini oshirishi mumkin.
  • Bolangizning qoʻlidan tuting yoki yangi odamlar bilan tanishayotganda tizzangizga oʻtirgʻizing.
  • Iloji boʻlsa, bolani birinchi navbatda uydagi yangi odamlar bilan tanishtiring. Uy – kichkintoy oʻzini eng qulay his qiladigan joy.
  • Bolakay notanish odamdan juda xafa boʻlsa, uni tinchlantiring va boshqa yondashuvni sinab koʻring, masalan, birga oʻynang. Bundan tashqari, tinchlanib olmaguncha uni yangi odamdan olib ketishingiz mumkin. Birozdan keyin qayta urinib koʻring.
  • Yangi odamlar bilan vaqt oʻtkazganda, farzandingizni tinchlantiradigan narsalarni (oʻyinchoq yoki choyshab) oʻzingiz bilan olib yuring.
  • Xotirjamlikni saqlang.

Shoshmang

  • Sabrli boʻling. Farzandingiz tayyor boʻlgunga qadar uni yangi odamlarga undamang. “Men bilan yana biroz oʻtirishni xohlayapsan, shekilli. Kel, mana bu kitobni birga tomosha qilamiz”.
  • Farzandingizni unga notanish odam bilan tanishtirganingizda, yonida boʻling. Notanish kattalar, masalan, uzoq qarindosh yoki doʻstlaringizdan bolani olib ketishdan avval biroz kutishlarini soʻrang.
  • Yoshi kattaroq bolalarga yangi odam kimligi va nima sodir boʻlayotganini tushuntirish mumkin. Masalan, ayting: “Bu – mening doʻstim Asila. U ham mashinalar bilan oʻyin oʻynashni yaxshi koʻradi! Biz mehmonga borib kelgunimizcha u sen bilan qoladi. Yuvinib chiqquninggacha biz darhol qaytamiz”.

Yangi odamlar bilan tanishish

  • Farzandingizni yangi odamlar bilan tanishtirishda davom eting. Ular bilan tanishish uchun bola qanchalik koʻp imkoniyatga ega boʻlsa va bular unga tahdid emasligini bilsa, qoʻrquvni yengish ehtimoli shunchalik yuqori boʻladi.
  • Farzandingizga yangi odamlardan qoʻrqmasligingizni koʻrsating. Tabassum, boʻshashgan holat, koʻz aloqasi va quvnoq ovoz bolangizga yangi odamlarni samimiy qabul qilishingiz va ijobiy munosabatda ekaningizni koʻrsatadi.
  • Kattaroq bolalarga yangi odamlar bilan uchrashishga toʻgʻri kelganda, vaziyatni yengillatish uchun baʼzi usullarni oʻrganishga yordam bering, masalan, “Kel, birgalikda chuqur nafas olib, chiqaramiz” yoki “Mana, mening oʻpichim seni kun boʻyi himoyalaydi. Meni ham oʻpib qoʻygin-chi?” Ushbu oddiy usullar bolangizga begonalar oldida oʻzini ishonchli his qilishga yordam beradi.
  • Kattalarning his-tuygʻulari haqida qaygʻurmang. Farzandingiz begonalar atrofida boʻlishni oʻrganayotgani haqida ularni ogohlantiring.

Ikki yoshdan oshgan bolalarda begonalardan qoʻrqish

Aksariyat bolalarda begona odamlardan qoʻrqish taxminan ikki yoshga toʻlgach oʻtib ketadi, lekin kattaroq bolalarning ham notanishlardan qoʻrqishi kam uchraydigan holat emas.

Begonalar oldida qoʻrquvni yengishning bir usuli – bolada mustaqillikni ragʻbatlantirishdir. Farzandingiz oʻzini koʻproq mustaqil his qilsa, begonalar oldida oʻziga ishongan holatda boʻlishi mumkin.

Farzandingiz mustaqil boʻlishiga yordam beradigan baʼzi maslahatlar:

  • Farzandingizga ovqatlanish, yangi oʻyin muhitini oʻrganish va oʻyinchoq oʻynash kabi ishlarni oʻzi bajarishiga imkon bering.
  • Kichkintoyga koʻplab yangi tajribalar bering, yangi odamlar bilan tanishtiring. Vaqt oʻtishi bilan u hech qanday yomon ish sodir boʻlmasligini anglaydi.
  • Muammolarni hal qilishda shoshilmang, oʻzi yechim topishi uchun bolaga imkoniyat bering.
  • Farzandingizni supermarket savatchasiga mahsulotlarni qoʻyish, pochta qutisini tekshirish yoki dasturxon tuzash kabi oddiy yumushlar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga undang.
  • Farzandingizga uydan boshqa joyda uxlashni oʻrganishi uchun yordam bering. Bu sizga bola uxlashidan oldin, masalan, bogʻcha yoki qarindoshlarnikida tunash kerak boʻlganda asqatadi.

Begona odamlardan qoʻrqqanda yordam berish

Ikki yoshgacha boʻlgan koʻpchilik bolalar yangi odamlar bilan qolishdan qoʻrqishadi. Farzandingizning begonalardan qoʻrqishi hayotning keyingi yillarida ham davom etsa va haqiqatan ham bezovta qilsa, tobora kuchaysa, pediatr bilan maslahatlashishingiz mumkin.