Besh turdagi kasalliklar – boʻgʻma, qoqshol, koʻkyoʻtal, virusli gepatit B va Gemofilus influenzae b turi keltirib chiqaradigan kasalliklarga qarshi emlash olgandan keyin uchrashi mumkin boʻlgan nojoʻya taʼsirlar
Baʼzi hollarda bu turdagi vaksina boshqa har qanday vaksina singari odatda yengil, qisqa muddatli, oʻz-oʻzidan oʻtib ketadigan va asoratlar qoldirmaydigan nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin.
Baʼzi bolalarda uchrashi mumkin boʻlgan nojoʻya taʼsirlar:
- ishtahaning yoʻqolishi;
- bezovtalik;
- noodatiy yigʻlash;
- tana haroratining 38 ºС dan yuqori boʻlishi;
- ukol qilingan joyda qizarish, shish va ogʻriq paydo boʻlishi;
- uyquchanlik;
- axlatninig suvdek ketishi va qayt qilish;
- ukol qilingan joyida ogʻriqli qattiqlik;
- uyqusizlik;
Ushbu holatlar 2–3 kun ichida oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi.
Tavsiyalar:
Ukol qilingan joylarda mahalliy nojoʻya taʼsirlar – qizarish, shishlar va ogʻriqlar paydo boʻlganda kompresslardan (issiq yoki sovuq boylamdan) foydalanish tavsiya etilmaydi. Siz ogʻriqni yengillashtirish va isitmani tushirish uchun paratsetamolni (sirop, tabletka) pediatr tavsiya etgan miqdorda (1 martalik miqdori tana vazninig har bir kg ga 10–15 mg) kuniga 4 martagacha berishingiz mumkin. Vaksina olishdan oldin paratsetamoldan foydalanish tavsiya etilmaydi.
Baʼzi bolalar emlashdan keyin 48 soat ichida kuchli reaksiyalarni boshdan kechirishlari mumkin. Masalan: tana haroratining 40 ºC va undan yuqori boʻlishi, tinmasdan 3 soat va undan ortiq vaqt davomida yigʻlash, holsizlik, badan terisining oqligi yoki shokka oʻxshash holat – nafas olish qiyinligi va qon bosimining pasayishi, tana harorati koʻtarilganda yoki meʼyorida boʻlganda ham (emlangandan 3 kundan keyin) shaytonlash (tirishish-mushaklarning tortishishi) yoki emlangan joyga yaqin boʻgʻimlarning mahalliy shishishi va qizarishi.
Agar bolangizda ushbu holatlardan birortasi kuzatilsa, uni pediatrga olib borishingiz kerak. Bundan tashqari, farzandingizda yuqorida koʻrsatilgan belgilardan boshqa muammolar paydo boʻlganda ham pediatrga xabar berishingiz zarur.
Jiddiy allergik reaksiyalar emlashdan keyin juda kam uchraydi (10 000 emlashga 1 ta holat), hatto bolangiz hali tibbiyot muassasasida boʻlganda ham. Jiddiy allergik reaksiyalarga yuz va boʻyinning shishishi, qiynalib, shovqin chiqarib nafas olish, hushdan ketish kabilar kiradi. Agar emlashdan keyin bolangizda yuqoridagi belgilar paydo boʻlsa, darhol pediatrga yoki shoshilinch tibbiy yordam boʻlimiga murojaat qiling.
Bolaning ahvolini kuzatish uchun emlashdan keyin 10 minut kutish xonasida boʻlish maqsadga muvofiqdir.