Bichilish (yoʻrgak toshmasi yoki yoʻrgak dermatiti)

Bolaning dumbalarini astoydil parvarish qilishingizga qaramasdan, bichilish paydo boʻlishi mumkin. Yoʻrgakdan foydalanadigan bolalarning deyarli barchasida vaqti kelib bichilish kuzatilishi mumkin.
Body

Bichilishning sabablari

Bichilishning paydo boʻlishiga koʻp omillarning birgalikdagi taʼsiri sabab boʻladi.

Asosiy sabab – hoʻl yoki iflos yoʻrgakdan uzoq vaqt foydalanish. Terining namlikda uzoq vaqt qolishi, ishqalanish, siydikdagi ammiak moddasining ajralib chiqishi – bularning barchasi kichkintoy terisida qichishishni yuzaga keltiradi.

Trusik-yoʻrgaklar teri ishqalanishini kuchaytiradi, havo aylanishiga toʻsqinlik qiladi va yoʻrgak ostidagi teri nam boʻlib qoladi.

Yoʻrgaklarni yuvishdan keyin qolgan sovun qoldiqlari yoki yuvish vositalari ham terining bichilishini keltirib chiqarishi mumkin.

Baʼzan bolalarda ekzema, psoriaz, til-ogʻiz oqarishi (elikish) yoki piodermiya kabi kasalliklar ham uchrab turadi va ular bichilishni kuchaytirib yuboradi.

Bichilishning belgilari

Bolaning dumba sohasi va chot terisi qizargan va ogʻriqli koʻrinadi. Terining baʼzi joylari uning umumiy sathidan koʻtarilgan boʻlishi va terida yoriqlar yuzaga kelishi mumkin. Bunday yoriqlar yaralar deb ataladi.

Bichilishlar noqulaylik va ogʻriq keltirib chiqarishi mumkin, bu esa bolaning injiqlanishiga sabab boʻlishi mumkin.

Bichilish kuzatilganda qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar bolada:

  •  quyida koʻrsatilgan davolashlarni 1 hafta davomida olib borganingizdan keyin ham bichilish yoʻqolmasa;
  • pufakcha, yiring yoki bichilish oʻrni qurib qorayib qolsa;
  • bola injiqlik qilsa va uxlamasa;
  • bolada tushunib boʻlmaydigan isitma boʻlsa;
  • bichilish tarqalib kattalashsa;
  • oʻgʻlingizda sunnat terisining uchi qizargan va shishgan yoki bichilish oʻrni qurib, qorayib qolsa, pediatrga murojaat qilishingiz kerak.

Bichilishni davolash

Oddiy choralar koʻpincha yaxshi foyda beradi. Bichilish odatda quyidagi choralar qoʻllangandan keyin bir necha kun ichida kamayadi va tuzalib ketadi.

Bolaning yoʻrgaklarini tez-tez almashtiring 

Bolaning yoʻrgaklarini tez-tez almashtirish terini quruq saqlab turadi va tezroq bitishiga imkon beradi. Bolaning tagini har soatda tekshirib turing, uning yoʻrgagi nam yoki iflos emasligini nazorat qiling. Nam yoki iflos yoʻrgaklarni darhol almashtiring.

Bir marta ishlatiladigan yoʻrgaklar namlikni yaxshi shimib oladi, shuning uchun bichilishning oldini olishda katta foyda beradi.

Bolaning dumbalariga havo tegishini taʼminlang 

Bolaning dumbalariga havo tegib turishi uchun uni har kuni iloji boricha uzoq vaqt yoʻrgaklarsiz qoldiring.

Bolani uxlab yotgan paytda ham yoʻrgagi ochiq holda qoldirishingiz yoki sochiq ustiga (belidan pastiga hech narsa kiydirmasdan) yotqizishingiz mumkin. Havo bemalol aylanishi uchun uning tasmalarini boʻshatibroq bogʻlasangiz ham boʻladi.

Bolaning terisini tozalang 

Har bir yoʻrgak almashtirishdan soʻng bola terisini yuvish uchun iliq suv va paxta ipdan tayyorlangan yumshoq matodan foydalaning.

Tayyor nam salfetkalardan foydalanmang, chunki ular bolaning terisini yalligʻlashi va tarkibidagi kimyoviy moddalar baʼzi bolalarda allergiya keltirib chiqarishi mumkin.

Bolani choʻmiltirganda tarkibida sovun boʻlmagan vositadan foydalaning, sovun yoki vanna qabul qilishda ishlatiladigan koʻpikli vositalarni ishlatmaslikka harakat qiling. Choʻmiltirganingizdan keyin bolaning terisini sochiq bilan quritib, oddiy namlantiruvchi krem surkang.

Har bir yoʻrgak almashtirishdan keyin mos keladigan himoya kremidan foydalaning 

Har bir yoʻrgak almashtirishda oddiy, arzon, ishonchli himoya kremini qoʻllang. Himoya kremlari tarkibida rux, kastor yogʻi yoki vazelin boʻladi. Bunday kremlarni supermarket yoki dorixonadan retseptsiz sotib olishingiz mumkin. Bolaning terisini siydik va najasdan himoya qilish uchun yetarli miqdorda krem surkang. Agar uni yetarli miqdorda surkasangiz, keyingi yoʻrgak almashtirish vaqtida krem qoldiqlarini koʻrasiz.

Bichilishga qarshi talk asosidagi kukunlar tavsiya etilmaydi. Agar kukun tasodifan bolaning nafas yoʻllariga kirib ketsa, bu nafas olishning qiyinlashishiga sabab boʻlishi mumkin.

Dori vositalari 

Bichilishning ogʻir darajasida yoki oddiy choralar bilan oʻtib ketmagan yoʻrgak toshmalarida, shifokoringiz maxsus malhamdan foydalanishni tavsiya qilishi mumkin.

Yoʻrgak toshmalarining oldini olish

Farzandingizning yoʻrgak osti sohasini doim toza va quruq saqlang. Bolaning yoʻrgagini tez-tez almashtiring va uni iloji boricha koʻp vaqt yoʻrgaksiz qoldiring.

Vazelin yoki rux va kastor yogʻi kabi himoya kremlari bola terisini yaxshi holatda saqlashga yordam beradi.