Birgalikda tomosha qilamiz va oʻynaymiz

Kerak boʻladigan materiallar: uy yoki tashqaridan bir nechta qiziqarli, xavfsiz oʻyinchoq yoki materiallar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bu yoshda farzandingizning boshqa bolalar bilan muloqot qilishga qiziqishi ortishi mumkin. U boshqa bolalar bilan murakkab oʻyinlar oʻynashga tayyor boʻlmasligi mumkin, lekin boshqa bola bilan yonma-yon turib oʻynash, uning nima qilayotganini tomosha qilish va shunchaki birga boʻlish unga yoqishi mumkin. Bunday imkoniyatni yaratish uchun iloji boricha bolangiz bilan tengdosh, qoʻshni yoki bir mahalladan boʻlgan oʻrtoq toping. Agar buning imkoni topilmasa, bolangizning oʻyin oʻrtoqlari oʻz aka-ukasi, opa-singlisi ham boʻlishi mumkin.

Bir nechta oʻyinchoqni yonlariga qoʻygan holda bolangizni boshqa bola bilan yonma-yon oʻtqizing (ikkalasi ham foydalana oladigan miqdorda boʻlsin). Masalan, har bir bolaga bir nechta buyum berib, “Qara, bu oʻyinchoqlarni oʻynashinglar mumkin. Koʻrayapsanmi, oʻrtogʻing tovaga qoshiq bilan uryapti. Sen nima qila olasan?” deb soʻraysiz. Bolalar koʻp narsalarni qilishlari mumkin, ehtimol, birgalikda bajarishmas, lekin siz ularning bir-birlaridan xabardor ekanliklari va bir-biriga qiziqayotganini koʻrasiz. Ular oʻyinlarni bemalol oʻynab, zavqlanishlariga koʻmaklashing. Xavfsizlikni unutmagan holda bolalarni kuzating, qanday foydalanishni koʻrsatib, yana bir nechta materialni ularga bering.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu “parallel oʻyin” deyiladi – bunda kichik bolajonlar bir-biriga yaqin oʻynashni boshlaydilar, lekin har biri asosan oʻzining ishi bilan shugʻullanadi. Ular boshqalarni tomosha qilish, baʼzan esa taqlid qilish orqali oʻrganishadi. Bu kelgusi yillarda oʻrgatiladigan hamkorlikdagi oʻyinlar va doʻstlikning boshlanishidir.