Bitlash (pedikulyoz)
Bitlar yoki sirkalarning paydo boʻlish sabablari
Bosh bitlari qanotsiz mayda hasharotlar boʻlib, odam sochida yashaydi va bosh terisi tomirlaridagi qon bilan oziqlanadi.
Sirka bu – bitlarning tuxumlari. Bitlar tuxum qoʻyganidan soʻng taxminan bir hafta oʻtgach, ulardan bitlar chiqishi boshlanadi.
Bosh bitlari odamlar yaqin aloqada boʻlganda, masalan, boshlari bir-biriga tekkanda, bitlari bor odamning bosh kiyimini kiyganda yoki roʻmolini oʻraganda yoki tarogʻidan foydalanganda tarqaladi.
Bolalarda bitlash tez-tez uchrab turadi, chunki ular oʻynayotganda yoki maktab vazifalarini bajarayotganda boshlari bir-biriga yaqin joylashadi. Baʼzi bolalarga bitlar yilda bir necha marta yuqadi.
Agar farzandingizda bitlar paydo boʻlsa, undan tezroq qutulish kerak.
Bosh bitlari yoki sirkalarning belgilari
Agar bolangizda bitlar boʻlsa, birinchi navbatda u oʻzini qashiyotganini va tirnayotganini (ayniqsa, boshi, boʻyin va quloqlari orqasini) sezishingiz mumkin. Ammo koʻp bolalarda bunday belgilar kuzatilmaydi.
Farzandingizning sochiga diqqat bilan qarasangiz, bosh terisidagi soch ildiziga yopishgan oval shakldagi mayda tuxumlarni koʻrishingiz mumkin. Bular “sirkalar” deyiladi.
Bundan tashqari, tirik bitlar va sirkalarni qidirish kerak. Agar bolangizda bitlar boʻlsa, ular sirka qoʻyishda davom etadi. Tirik bitlardan qutulmaguningizcha ularning sirka qoʻyish va yangi bitlar paydo boʻlish jarayonini toʻxtata olmaysiz.
Tirik bosh biti tez harakatlanadi. Ularni aniqlash uchun bolangizning sochini juda tez ajratishingiz yoki quyida keltirilgan hoʻllab tarash usulidan foydalanishingiz mumkin.
Agar bolangizda bit bor deb oʻylasangiz, qolgan oila aʼzolaringizni ham tekshirishingiz kerak.
Bosh bitlari yoki sirka boʻlganda qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Agar:
- bolangiz oʻzini oʻzi qashisa yoki tirnasa va shu sababli uygʻonsa;
- bolaning bosh terisida yaralar paydo boʻlsa;
- bolangizni yiliga uch yoki undan koʻp marta davolagan boʻlsangiz, pediatrga murojaat qiling.
Davolash
Siz bir vaqtning oʻzida barcha oila aʼzolarini tekshirishingiz, agar bitlar boʻlsa, davolashni boshlashingiz kerak. Bosh bitlarini davolashning ikkita usuli bor – sochlarga bitlarga qarshi vosita surtish va hoʻllab tarash.
Bitlarga qarshi vositalar (losyonlar, shampunlar va spreylar)
Koʻp mamlakatlarda bitga qarshi vositalarni dorixonadan retseptsiz xarid qilish mumkin. Biroq bolaning yoshini va ushbu vositalar tarkibidagi moddalar tufayli yuzaga kelishi mumkin boʻlgan nojoʻya oqibatlarni hisobga olish kerak. Bitlarga qarshi losyonlar, shampunlar va spreylarni qoʻllashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish zarur.
Sochlarni hoʻllab tarash
Sochlarni hoʻllab tarash – bosh bitlarini davolashning eng xavfsiz usulidir. Bu usul nam sochlarni soch konditsioneri yordamida maxsus mayda tishli metall taroq bilan tarashdan iborat. Bunday taroqlarni dorixonada xarid qilish mumkin, shuningdek, har qanday konditsionerdan foydalanish mumkin.
Nima qilish kerak?
- Bolaning hoʻl sochlariga koʻp miqdorda soch uchun moʻljallangan konditsioner surkang. Uni bosh terisi va soch tolalari boʻylab surting.
- Konditsionerni kamida 15 daqiqaga qoldiring. Kutish vaqtida bolaning boshini roʻmol bilan oʻrab qoʻyishingiz mumkin. Konditsioner bitlarni boʻgʻib qoʻyadi va ular changallab turgan soch yoki bosh terisini qoʻyib yuboradi.
- Bolaning sochidan konditsionerni tozalab tashlash uchun maxsus mayda tishli taroqdan foydalaning. Taroqni bosh terisiga tekkuncha kirgizib, keyin pastga qarab tarang. Har bir tarashdan soʻng taroqni roʻmolcha yoki oqib turgan suv bilan tozalang. Shunda siz bolaning boshidan qancha bit tushganini koʻra olasiz.
- Bolaning boshini kamida ikki marta yaxshilab tarang.
Hoʻl sochlarni koʻp martalab tarash – bosh bitlarini davolashning juda yaxshi usulidir. Bolaning bosh terisida bit yoki sirkalar yoʻqolganini koʻrmaguningizcha ikki hafta davomida har 2–3 kunda yuvib tarang.
Hoʻl sochlarni koʻp martalab tarash ancha vaqt oladi, koʻpincha bunga 30 daqiqadan koʻproq vaqt kerak boʻladi. Bolaga nima qilmoqchiligingizni, bu nima uchun zarurligini, bunga qancha vaqt ketishini, shuningdek, bu paytda u nima bilan mashgʻul boʻlishi mumkinligini ayting. Kun davomida nimalar boʻlgani haqida suhbatlashish yoki kitob oʻqish, telefonda oʻyin oʻynash yoki televizor koʻrishga ruxsat berish orqali bolani chalgʻitishingiz mumkin.
Bitlashning oldini olish
Bitlar bir sinfdagi bolalar oʻrtasida, shuningdek, oila aʼzolari orasida osongina tarqalishi mumkin.
Agar farzandingizda bit yoki sirka boʻlsa, barcha oila aʼzolaringizni tekshiring. Oilangizning boshqa aʼzolari boshi qichishidan shikoyat qilsa va ularda bit yoki sirka topsangiz, ularni davolashingiz kerak. Agar ular bit yoki sirkasi bor bola bilan birga uxlasa, bitlash belgilari bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, ularni ham davolash kerak.
Bolalar bir-birining tarogʻi yoki bosh kiyimlaridan foydalanishiga yoʻl qoʻymang.
Bosh bitlari mebel, gilam, yostiq kabi narsalar orqali tarqalmaydi. Lekin oilangizda kimdadir bit paydo boʻlsa, uning oxirgi 48 soat ichida ishlatgan har qanday kiyimi yoki yotoq choyshablarini yuvishingiz kerak. Kir yuvish mashinasida kiyimlarni yuqori harorat (90–95°C) rejimida yuving va ularni issiq quritkichda quriting. Gilam va mebellarni changyutkich bilan tozalashingiz mumkin.
Bolangizda bitlar borligi haqida maktabgacha taʼlim tashkilotiga yoki maktabga xabar bering. Bolani davolashni boshlanganingizdan keyin bir necha kun uyda qoldiring.