Bogʻchaga borishni boshlash: tayyorgarlik

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga farzandingizning uyqusi, yoqtirgan ijtimoiy va taʼlimga oid faoliyati, allergiya va boshqalar haqida maʼlumot bering. Farzandingiz bogʻchaga qatnashni boshlashidan bir necha kun yoki hafta oldin u yerga birga borib, bir muddat oʻsha yoqda vaqt oʻtkazish orqali oʻzingizni ham, bolangizni ham tayyorlang. MTTga tashrif buyurishdan bir kun oldin, kechqurun ham yaxshi tayyorgarlik koʻring. Bu birinchi kunning muammosiz oʻtishiga yordam beradi.
Body

Bogʻchaga borishni boshlash: nima uchun yaxshi tayyorgarlik koʻrish kerak

Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishidan bir necha hafta yoki kunlar oldin uni va oilangizni bunday oʻzgarishga tayyorlagan yaxshi.

Siz bu vaqtdan foydalanib:

  • maktabgacha taʼlim tashkilotida farzndingizni yaxshi parvarish qilish uchun zarur boʻlgan barcha maʼlumotlar borligiga ishonch hosil qiling;
  • oʻzingiz va bolangizni amaliy va hissiy jihatdan boʻladigan oʻzgarishlarga tayyorlang.

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishdan oldin: enaga va tarbiyachilar uchun maʼlumot

Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishidan oldin enaga va tarbiyachilar u haqda bilishi kerak boʻlgan narsalar toʻgʻrisida oʻylab koʻring va ularga xabar bering. Bunday maʼlumotlar quyidagidek boʻlishi mumkin:

  • farzandingizning xotirjamligi, shu jumladan, uyqu rejimi, hissiy va ijtimoiy jihatdan afzal koʻradigan narsalari, unga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan oiladagi har qanday noodatiy hodisalar;
  • oziq-ovqatga allergiya, individual koʻtara olmaslik yoki boshqa kasalliklar;
  • bolangiz hojatxonadan foydalanganida har qanday yordam;
  • bolangizga yoqadigan oʻquv mashgʻulotlari, tadbirlar;
  • bolangizning rivojlanishi bilan bogʻliq har qanday xavotir;
  • bolangiz parvarishiga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan oilaviy sharoitlar, masalan, vasiylik shartlari;
  • bolangizning emlanganlik holati.

Bolani maktabgacha taʼlim tashkilotiga berishdan bir necha hafta oldin: hissiy va amaliy tayyorgarlik

Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishidan bir necha hafta oldin unga tayyorgarlik koʻrishni boshlagan maʼqul.

Misol uchun, iloji boʻlsa, farzandingiz bilan maktabgacha taʼlim tashkilotiga qisqa vaqtga tashrif buyurib, u yerdagi shart-sharoitlar, tarbiyachi va xodimlar bilan tanishishingiz mumkin. Har safar taxminan bir soatcha qoling va kunning turli vaqtlarida kelishga harakat qiling. Siz boshqa ota-onalar bilan uchrashib, ularning bu boradagi tajribalari haqida gaplashishingiz mumkin.

Shuningdek, bolangizni maktabgacha taʼlim tashkilotining kun tartibiga oʻrgatishni boshlasangiz ham boʻladi. Tashkilotdan ularning kundalik tartibi haqida bilib oling va uni uydagi kun tartibining bir qismiga aylantiring (agar bolangizning yoshi toʻgʻri kelsa). Bolalarni parvarish qilish tartibi bolaning shaxsiy jadvaliga mos kelishi kerak. Ammo katta yoshdagi bolalar uchun uyda tushlik, oʻyinlar va uyqu vaqtlari tartibga solinishi maqsadga muvofiqdir. Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishni boshlaganida, unga bunday kun tartibiga moslashishi uchun kamroq vaqt kerak boʻlishi mumkin.

MTTga borishdan bir necha hafta oldin siz farzandingizning birinchi tarbiyachisi kim ekanini bilib olishingiz mumkin. Bu tarbiyachini rasmga olib, uni ism-sharifi bilan chaqirsangiz, bolangiz uni koʻproq taniy boshlaydi.

MTTdagi dastlabki kunlar yoki yangi doʻstlar orttirish imkoniyati haqidagi hikoyalarni oʻqish yoki aytib berish bolangiz uchun kuchli his-tuygʻularni sezish va yangi hodisalarni anglashning xavfsiz usuli boʻlishi mumkin. Farzandingiz his qilishi mumkin boʻlgan barcha his-tuygʻularni (masalan, baxt, zavq, doʻstlik, qaygʻu, tashvish, qoʻrquv va charchoq) qoʻshib hikoya qilgan maʼqul.

Farzandingiz bilan yangi muhit, doʻstlar, tarbiyachilar va mashgʻulotlar haqida samimiy suhbat qurish sizga ham, bolangizga ham oʻzingizni yaxshi his qilishga yordam beradi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishdan oldingi kecha: amaliy maslahatlar

Agar siz bir kun oldin, kechqurun tayyorgarlik koʻrib qoʻysangiz, bu ishingiz sizni ertalabki shoshilinch harakatlardan qutqaradi. Bu bolaga MTTga borishining dastlabki bir necha kuni va haftalarida stressdan xalos boʻlishga yordam beradi.

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishdan oldingi kecha uchun baʼzi maslahatlar:

  • farzandingiz kechga sogʻlom ovqat yeyishini nazorat qiling.
  • farzandingiz uyquga toʻyishi uchun uni oʻz vaqtida yotqizing. Agar u yaxshi uxlamasa, bu ertasi kuni uning taassurotlariga taʼsir qilishi mumkin, shuning uchun bu haqda farzandingizning tarbiyachilariga/enagasiga ayting.
  • farzandingiz MTTga olib boradigan barcha narsalarda uning ismi koʻrsatilganiga ishonch hosil qiling.
  • farzandingizga kerak boʻlgan hamma narsani, jumladan, ovqat, tagliklar, bosh kiyim, qoʻshimcha kiyimlar, dori-darmonlar va tibbiyot kartasini bir joyga qoʻying.
  • Sharoitga qarab, bolangizni tinchlantiradigan maxsus narsalarni ham oling, masalan, yumshoq oʻyinchoqlar, bolaning adyoli, kitoblar yoki oilaviy fotosuratlar.
  • Agar MTT oziq-ovqat bilan taʼminlamaydigan boʻlsa, oʻzingiz bilan yegulik olib keting.
  • Sovitkichda turishi kerak boʻlgan oziq-ovqat yoki ichimlikni ertalab yigʻing.

Farzandingiz maktabgacha taʼlim tashkilotiga olib borishi uchun ovqatni qadoqlash kerakmi?

Goʻsht, sut yoki ona sutini uydan muz solingan koʻchma sovitkichda olib boring. Bu sizga mahsulotlar haroratini 5°C dan past haroratda saqlashga yordam beradi. MTTga olib kelingan mahsulotlar darhol sovitkichga qoʻyilishi kerak.