Bola tiqilib qolsa, nima qilish kerak?

Tiqilib qolish belgilari yot jismning turiga va nafas yoʻlida joylashgan joyiga bogʻliq. Yot jism nafas yoʻllariga tushganda xavfli holat kelib chiqishi mumkin: nafas olish toʻsatdan qiyinlashadi, bola boʻgʻiladi, yoʻtaladi, qizarib ketadi. Bola yoʻtalayotgan va nafas olayotgan ekan, u oʻlim xavfi ostida boʻlmaydi. Biroq agar yoʻtal kamaysa, xirillash bilan kechsa, bolaning yuzi koʻkimtir tusga kirsa, bola hushini yoʻqotsa, yot jism nafas yoʻllarini butunlay toʻsib qoʻyganini koʻrsatadi.
Body

Birinchi navbatda bolani yoʻtalishga undang!

Oʻz-oʻzidan yoʻtalish yuqori nafas yoʻllaridan yot jismlarni olib tashlashning eng yaxshi usuli hisoblanadi. Agar bola yoʻtalmasa, u nafas olmasa, yot jismlarni nafas yoʻllaridan olib tashlang.

DIQQAT! Yot jism koʻrinib turganda va barmoqlar bilan olishning imkoni boʻlganda, uni chiqarib olish mumkin!

Yot jismni chiqarib tashlash uchun ikki xil usuldan foydalaniladi: a) orqaga urish yoki koʻkrak qafasini bosish b) Geymlix usuli.

Orqaga urish va koʻkrak qafasini bosish

Agar bola bir yoshgacha boʻlsa, muolajani stulda oʻtirgan holda bajaring.

  • Bolaning yuzini pastga qaratib, tizzangizga yotqizing. Bolani bu holatda (yuzini pastga) mahkam ushlang va boshini ushlab turing. U koʻkragi bilan qoʻlingizga yaxshi tayanishi lozim; bolani soningiz bilan ushlab turishingiz mumkin.

Keyin qoʻl kaftingizning barmoqlarini birlashtirib, eshkak hosil qiling va bolaning orqasiga, kuraklari orasiga 5 marta ehtiyotkorlik bilan uring. Zarbalar bolaga shikast yetkazmasligi uchun kuchli boʻlmasligi kerak.

Bolaning ogʻzida yot jismlar bormi, tekshiring. Agar boʻlsa, darhol olib tashlang.

  • Bolaning yuzini tepaga qaratib, tizzangizga chalqancha yotqizing, boshini tanadan biroz pastroq tuting. Bola koʻkrak qafasining markaziga (toʻsh suyagiga, koʻkrak soʻrgʻichlaridan ozroq pastga) uchta barmogʻingizni qoʻying. Oʻrta barmoq koʻkrak qafasining oʻrtasiga toʻgʻri kelishi kerak.

Barmoqlaringizni toʻgʻri joylashtirgach, oʻrta barmoqni yuqoriga koʻtaring va qolgan barmoqlardan foydalanib, 5 marta qattiq bosing,

Yana bolaning ogʻzida yot jismlar bormi, tekshiring. Agar boʻlsa, ularni olib tashlang.

Kattaroq bola uchun muolajani tik turgan holatda bajaring:

Bolaga, bor kuchi bilan yoʻtalishini ayting. Uni oldinga engashtiring va kuraklari orasiga kaftingizning qirrasi bilan 5 marta uring. Agar bu yordam bermasa yoki ogʻir belgilar yuzaga kelsa, uning orqasiga oʻting, ikkala qoʻlingiz bilan koʻkrak qafasini oʻrab oling, qoʻllaringizni toʻsh suyagining pastki qismiga qoʻyib, uni 5 marta bosing.

Bir yoshdan katta bolalarda Geymlix usuli qoʻllanadi:

Ushbu amaliyotni bajarish usullari bolaning holatiga qarab farq qiladi.

  • Agar bola tik turgan yoki oʻtirgan boʻlsa, uning orqasiga oʻting va qoʻllaringiz bilan bolaning koʻkrak qafasini qoʻltiq ostidan quchoqlab oling. Qorinning oʻrtasida, kindik ustida, musht qilingan kaftingizni joylashtiring va boshqa qoʻlingiz bilan uni ushlang. Keyin toʻsh suyagining chetini va qovurgʻalarning pastki qirrasini bosmaslikka harakat qilib, qoʻllaringizni ketma-ket 5 marta yuqoriga tomon bosib torting. Oʻzingizga qulay boʻlgan holatni egallang – bolani koʻtarishingiz yoki uning orqasida tiz choʻkib oʻtirishingiz yoki bolani stulga oʻtqizishingiz mumkin.
  • Agar bola hushsiz boʻlsa, Geymlix uslubi quyidagicha amalga oshiriladi: bolani chalqanchasiga shunday yotqizish kerakki, boshi tepaga qaragan holda joylashsin. Bolaning oyoqlarini keng oching, bir qoʻl kaftingiz asosini uning qorin boʻshligʻining oʻrtasiga (kindikdan yuqorida, toʻsh suyagining chetidan pastga) qoʻying, ikkinchi qoʻlni birinchi qoʻlning ustiga qoʻying va ketma-ket 5 marta bosing. Agar shundan keyin yot jism koʻrinadigan boʻlsa, uni olib tashlang.
  • Bolaning nafas olayotganini tekshiring. Agar nafas olmayotgan boʻlsa va siz yurak-oʻpka reanimatsiyasini oʻtkazish boʻyicha oʻqigan boʻlsangiz, zudlik bilan yurak-oʻpka reanimatsiyasini boshlang va imkon qadar tezroq tez tibbiy yordamni chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).
  • Agar yoningizda yana boshqa inson boʻlsa, uni tez tibbiy yordam xizmatini chaqirish uchun yuboring, oʻzingiz esa bola nafas olishni boshlaguncha yoki tez yordam kelguncha yurak-oʻpka reanimatsiyasini davom ettiring.

Nima qilish kerak emas?

Agar yot jism koʻrinmasa, uni olib tashlashga urinmang! Chunki yot jismning traxeyaga yanada chuqurroq kirishi bolaning ahvolini yanada ogʻirlashtiradi.