Bola tugʻilgandan keyingi jinsiy aloqa va yaqinlik

Tugʻish va bolalarni tarbiyalash turmush oʻrtogʻingiz bilan jinsiy munosabatlaringizni, jinsiy aloqa takroriyligini oʻzgartirishi mumkin. Ayollarda jinsiy aloqaga qiziqish bola tugʻilgandan 1–3 oy oʻtgach, qaytishi mumkin, biroq bu oraliq uzoqqa choʻzilishi ham odatiy holdir. Agar shifokor boshqacha maslahat bermagan boʻlsa, oʻzingizni tayyor his qilganingizda jinsiy munosabatlarni qayta boshlashingiz mumkin. His-tuygʻularingiz haqida oʻzaro gaplashing, shunda munosabatlaringizning hozirgi holati haqida kengroq tushunchaga ega boʻlasiz.
Body

Bola tugʻilgandan keyingi jinsiy munosabatlar: jinsiy munosabatlaringiz qanday oʻzgarishi mumkin?

Jinsiy aloqa va yaqinlik koʻpincha yosh ota-onalar uchun qiyin boʻladi – vaqt yetishmasligi, charchoq, gormonal oʻzgarishlar va istalmagan homiladorlikdan xavotirlanish jarayonni murakkablashtirishi mumkin.

Agar siz va turmush oʻrtogʻingiz orasidagi jinsiy munosabatlar biroz sovigan boʻlsa, bu muammo emas. Ammo agar siz va turmush oʻrtogʻingizda jinsiy istak har xil boʻlsa, bu biroz tushunmovchilik keltirib chiqarishi mumkin.

Koʻp holatlarda barchasi oʻz oʻrniga qaytadi, lekin sabr-toqatli boʻlish muhim. Agar jinsiy munosabatlaringiz bir maromda boʻlmasa va bundan tashvishlansangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashing.

Ayollar: tugʻuruqdan keyingi jinsiy tuygʻular

Tugʻuruqdan soʻng boshqa hech qachon jinsiy aloqa qilmaydigandek his tuyishingiz mumkin. Ammo davolanasiz va unga qiziqishingiz qaytadi. Koʻp ayollarda bu chaqalogʻi tugʻilgandan keyin 1–3 oy davomida sodir boʻladi. Agar bunga uzoq vaqt ketsa ham, normal holatdir.

Baʼzi onalar bolani emizayotganda oʻzlarini dilbar va hissiyotli his qilishadi. Bu oksitotsin gormoni tufayli sodir boʻladi, u sutning paydo boʻlishiga, shuningdek, jinsiy hissiyotga taʼsir qiladi. Bu – mutlaqo odatiy holat.

Bundan tashqari, emizikli onalarning emizish paytida jinsiy muloqotga qiziqishi kam boʻlishi odatiy holdir.

Bola tugʻilgandan keyin jinsiy aloqani qachon boshlash kerak?

Jinsiy munosabatni qachon boshlash oʻzingizni qachon tayyor his qilishingizga bogʻliq (agar shifokor boshqacha maslahat bermagan boʻlsa).

Agar tugʻish ogʻir oʻtgan boʻlsa yoki tikish amaliyoti bajarilgan boʻlsa, tikilgan choklar bitishi uchun vaqt kerak boʻladi. Koʻplab yangi onalar jinsiy aloqa paytida ogʻriq yoki noqulaylik his qilishadi, lekin bu odatda maʼlum vaqtdan keyin oʻtib ketadi. Yogʻ yoki estrogen kremlaridan foydalanish jinsiy aloqani yanada qulay qiladi. Baʼzida noqulaylik mushaklarning qisqarishi yoki xavotir tufayli boʻlishi mumkin.

Boshqa tomondan, baʼzi yangi onalar va ularning turmush oʻrtoqlarini jinsiy aloqa qoniqtirmaydi, chunki mushaklar tugʻish paytida choʻzilgan va boʻshashgan boʻladi. Mushaklar keyinchalik yana taranglashadi, bunga tos mushaklari uchun mashqlar ham yordam beradi.

Emizish qinning quruqlashishiga olib kelishi mumkin, lekin namlash kremlaridan foydalanish bunga yordam beradi. Agar emizayotgan boʻlsangiz, jinsiy aloqa paytida koʻkragingizdan sut oqishi mumkin. Jinsiy aloqadan oldin farzandingizni ovqatlantirishga yoki sutni sogʻib olishga harakat qiling.

Homiladorlik va tugʻishdan keyin qomatingiz oldingisiga oʻxshamasligi mumkin. Badaningiz, koʻkrak, qorin yoki oyoq kabi tana qismlari ham oʻzgargan boʻlishi ehtimoli bor. Bu oʻzgarishlar oʻzingizga boʻlgan munosabatingizga, shu jumladan, oʻzingizni dilbar, koʻrkam his qilishingizga taʼsir qilishi mumkin. Agar oʻzgarishlarni qabul qila olmasangiz, shifokoringiz, hamshirangiz yoki fitnes boʻyicha mutaxassis bilan maslahatlashing.

Bola tugʻilgandan keyin homiladorlikdan saqlanish

Yangi ota-ona boʻlgach, siz yana farzand koʻrishga tayyor boʻlmasligingiz mumkin, shuning uchun jinsiy aloqaga qayta kirishishdan oldin homiladorlikdan saqlanish haqida oʻylab koʻrsangiz, yaxshi boʻladi. Shifokoringiz yoki hamshirangiz odatda ona va chaqaloqning 1 oylik tekshiruvida siz bilan homiladorlikdan saqlanish haqida gaplashadi. Agar siz va turmush oʻrtogʻingiz jinsiy aloqada boʻlishni xohlasangiz, shifokoringiz bilan homiladorlikdan saqlanish haqida gaplashib oling.

Baʼzi onalarning tugʻish qobiliyati kuchli, ularda hayz koʻrmasdan oldin ham ovulyatsiya boshlanib qolishi mumkin. Agar ular homiladorlikdan saqlanish vositalarisiz jinsiy aloqa qilsalar, homilador boʻlish ehtimoli yuqori boʻladi.

Koʻkrak suti bilan ovqatlantirish homilador boʻlish ehtimolini kamaytiradi. Bunga quyidagilar turtki beradi:

  • kechasi ham, kunduzi ham emizsa;
  • bolasiga boshqa sutli qorishma yoki suyuqlik bermasa (faqat ona suti bilan boqsa);
  • bolaning yoshi olti oygacha boʻlsa;
  • tugʻishdan keyin hayz koʻrmasa.

Ammo hech qanday kafolat yoʻqligini unutmang. Agar homiladorlikdan saqlanish vositalarisiz jinsiy aloqada boʻlsangiz, homilador boʻlishingiz ehtimoli saqlanib qoladi.

Shifokoringiz, patronaj hamshirasi yoki akusher-ginekolog bilan homiladorlikdan saqlanish vositalari haqida maslahatlashish zarur. Homiladorlikdan saqlanishning baʼzi usullari emizikli onalarga toʻgʻri kelmaydi.

Siz va turmush oʻrtogʻingizning jinsiy munosabat haqidagi his-tuygʻulari

Agar siz chaqaloq tugʻilgandan keyingi bir necha oy davomida jinsiy munosabatga qiziqmasangiz, oʻzingizni tashvishga solishingiz yoki xavotirlanishingiz mumkin. Turmush oʻrtogʻingiz esa oʻzini eʼtiborsiz qoldirilgan yoki xush koʻrilmagan inson deb oʻylashi mumkin.

Bu aralash va chalkash tuygʻular huzur-halovat keltirmaydi, biroq ular odatiy hol. Koʻp odamlar bunday holatni oila qurishning dastlabki kunlarida, oylarida va yillarida boshdan kechirishadi. Bu borada yolgʻiz emassiz.

Yosh ota soʻzidan: “Men oʻzimni urugʻ donoridek va foydasiz insondek his qilyapman”.

Yosh ona soʻzidan: “U hozir bu meni qiziqtirmayotganini tushunmayapti”.

Yaqinlikni tiklash: gʻoyalar

Turmush oʻrtogʻingiz bilan aloqani qoʻllab-quvvatlashning boshqa usullari ham mavjud. Turmush oʻrtogʻingiz his-tuygʻulari haqida gapirayotganda u bilan muloqot qilish va tinglsh munosabatlaringizni saqlashga, munosabatlaringizda nimalar yuz berayotganini tushinishga yordam beradi.

Agar biringiz uyda bolani parvarish qilayotgan, ikkinchingiz uydan tashqarida ishlayotgan boʻlsangiz, uy ishlarini boʻlib olishingiz maqsadga muvofiq. Yoki bu ishni oldinroq qilib olgan boʻlsangiz, amaldagi holat sizlarni qoniqtirishi ham mumkin.

Yangi ota-ona boʻlsangiz, birga vaqt oʻtkazish koʻproq qiyinchilik tugʻdirishi mumkin, lekin bu – juda muhim. Sayrga chiqishingiz yoki kechki payt biror joyga ovqatlanishga borishingiz mumkin. Agar chaqalogʻingizni kimgadir qoldira olmasangiz, uni bolalar aravachasida sayr qildiring va shu vaqtda juftingiz bilan suhbatlashing yoki bola uxlab yotganida birga ovqatlaning.

Jinsiy munosabatlar zavqini berish va olishning koʻplab usullari mavjud 

Jinsiy munosabatlarni boshlanish emas, balki oxirgi nuqta deb biling. Qoʻl ushlash va quchoqlashish kabi oddiylaridan boshlang. Ikkalangiz ham tayyor boʻlsangiz, jismoniy mehr-oqibat kuchayishi va jinsiy yaqinlashishga olib kelishi mumkin.

Yosh ona soʻzidan: “Oʻgʻlimiz taxminan uch oylik boʻlganida tushlikdan keyin taxminan bir soat uxlardi. Uyda boʻlganimizda, chaqaloq uxlab yotgan payti er-xotin quchoqlashib dam olardik. Bu bir-birimizga ozgina vaqt ajratishning bir usuli edi”.

Oʻzingizga gʻamxoʻrlik qiling

Toʻgʻri ovqatlanish va jismoniy mashqlar, dam olish va uxlash oʻzingizga gʻamxoʻrlik qilish usullaridir. Agar charchagan, kasal yoki stressda boʻlsangiz, jinsiy munosabatlarga qiziqish qiyin. Chaqalogʻingiz kechalari uygʻonadigan boʻlsa, kunduzi dam olishga vaqt ajrating.

Turmushingizda muvozanat bor-yoʻqligini tekshirib koʻrish ham foydali. Yosh bola bilan uning kundalik parvarishiga berilib ketish va oʻz ehtiyojlaringizni unutish oson. Shunday ekan, har kuni oʻzingiz uchun atigi 15 daqiqa boʻlsa ham vaqt ajratish koʻp yordam beradi.

Bu doʻstingiz bilan uchrashish, sayr qilish yoki kitob oʻqish boʻlishi mumkin. Chaqalogʻingiz uxlayotganda, ertalab uygʻonishdan oldin yoki ishdagi tushlik paytidan foydalanish imkoni bor. Qanday qilib oʻzlariga vaqt topishlari haqida boshqa ota-onalar bilan gaplashing.

Agar siz va turmush oʻrtogʻingiz oʻzingizni yomon his qilsangiz, jinsiy munosabatlarga qiziqishni yoʻqotib qoʻysangiz, bu tugʻuruqdan keyingi depressiya belgisi boʻlishi mumkin. Shifokor yoki hamshiraga xabar berish juda muhim, shu orqali yordam olishingiz mumkin. Ayollar va erkaklardagi tugʻuruqdan keyingi depressiya haqida koʻproq oʻqib-oʻrganing.

Qayerdan yordam olish kerak?

Agar sizga va turmush oʻrtogʻingizga yordam kerak boʻlsa, shifokoringiz bilan maslahatlashing. U sizni terapevt yoki oilaviy munosabatlar boʻyicha mutaxassisga yuborishi mumkin.

Boshqa ota-onalar ham katta yordam va qoʻllab-quvvatlash manbai boʻlishi mumkin. Agar siz yosh ota-onalar guruhi aʼzosi boʻlsangiz, boshqa yangi onalar va otalar bilan muammolar toʻgʻrisida gaplashish imkoniga ega boʻlasiz.