Bolaga gʻamxoʻrlik qilish: kichkintoyingiz MTTga koʻnikmasa
Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borish haqida
Baʼzi bolalar bir necha kun yoki hafta ichida maktabgacha taʼlim tashkilotining yangi muhitiga yaxshi moslashadi. Boshqalar esa xafa boʻlib, hatto bir necha haftalardan keyin ham yigʻlaydi. Yana bir xillari esa dastlab moslashadi, keyin esa xafa boʻlishadi – odatda yangi muhitning yangiligi pasayganda.
Koʻpchilik kichkintoylar ota-onalari ketganlaridan keyin yigʻlashni toʻxtatishini bilishingiz foydadan xoli boʻlmaydi. Aksariyat bolalar oxir-oqibat moslashib ketadi.
Ajralish xavotiri – bola rivojlanishining odatiy qismidir. Qiyin tomoni shundaki, bunday holat koʻpincha oilalar bolasini maktabgacha taʼlim tashkilotiga yuborish vaqtida boshlanadi. Bu biroz vaqtdan keyin oʻtib ketadi va farzandingiz tarbiyachilari ularni qanday qoʻllab-quvvatlashni juda yaxshi bilishadi.
Maʼlumot almashish: maktabgacha taʼlim tashkilotiga moslashmagan bolalarga yordam berishning asosiy usuli
Farzandingizning tarbiyachilari va enagalari bilan maʼlumot almashish farzandingizning maktabgacha taʼlim tashkilotiga moslashishiga yordam berishda juda muhimdir.
Misol uchun, siz: “Noila uxlayotganida adyol yopinishni yoqtirmaydi” deb aytishingiz yoki ularga uydagi biror odatingiz (masalan, taglikni almashtirganingizda kuylaydigan maxsus qoʻshiq) haqida gapirib berishingiz mumkin.
Shuningdek, uyda nimalar boʻlayotgani va bolangiz oʻzini qanday his qilayotgani haqida gapirsangiz ham boʻladi. Misol uchun, bolangiz tugʻilgan kunidan zavqlanishi yoki onasi yoʻqligida xafa boʻlishi va yaxshi uxlay olmasligini aytishingiz mumkin.
Har kunning boshi va oxirida tarbiyachilar bilan suhbatlashish sizga farzandingiz qanday moslashayotganini bilish imkonini beradi. Shuningdek, bu narsa sizga kichkintoyingizning tarbiyachilari bilan munosabatlarni yaxshilashga koʻmaklashadi.
Farzandingiz oʻzini qanday tutayotganini bilish uchun kun davomida MTTga qoʻngʻiroq qilishingiz mumkin yoki yoʻqligini aniqlashtirib oling. Bu sizga haqiqatan ham koʻngil xotirjamligini baxsh etadi. Bunday qoʻngʻiroqlar koʻplab maktabgacha taʼlim tashkilotlarida yaxshi qabul qilinadi.
Farzandingiz va tarbiyachilar oʻrtasida munosabat oʻrnating
Bolalar oʻzlarini ular biladigan va ishonadigan odamlar oldida xavfsiz his qilishadi. Shunday ekan, siz amalga oshirishingiz mumkin boʻlgan eng yaxshi ishlardan biri bu – bolangizga tarbiyachilari bilan ishonchli munosabatlar oʻrnatishga yordam berishdir. Quyida bir nechta tavsiyalar keltirilgan:
– farzandingizga uning tarbiyachilariga ishonishingizni koʻrsating – masalan, ular bilan muloqot qilish yoqimli va qulay ekanini koʻrsating.
– farzandingiz bilan tarbiyachi haqida xuddi oila doʻstlari haqida gapirgandek gaplashing. Ijobiy narsalarni ayting va tarbiyachilarni ismlarini aytib chaqiring.
– uydagi tarbiyachilarning rasmlarini koʻrsating va farzandingiz bilan siz haqingizda gaplashishlari uchun ularga oʻzingizning rasmlaringizni bering. Yoki farzandingizning kitobiga rasmlarni joylashingiz mumkin. Bu bolangizga uy va maktabgacha taʼlim tashkiloti oʻrtasida aloqa oʻrnatishga yordam beradi.
Xayrlashish: maktabgacha taʼlim tashkilotiga moslasha olmayotgan bolalarga maslahatlar
Farzandingizning maktabgacha taʼlim tashkilotida qolishiga yordam beradigan baʼzi maslahatlar:
– farzandingizning his-tuygʻularini hisobga oling, unga kechinmalarini ifoda etishiga yordam beradigan soʻzlar ayting va tasalli bering. Masalan: “Men xafa ekaningni bilaman. Xayrlashging kelmaydi, ammo Tursunoyning senga koʻrsatadigan chiroyli varaqchalari bor”.
– farzandingizga uyga qaytganingizda yoki uni olib ketishga kelganingizda birgalikda qiladigan ishlaringiz toʻgʻrisida gapirib bering (masalan, bogʻda oʻynash yoki ertak oʻqish).
– xayrlashish uchun oʻz kichik anʼanangizni yarating, masalan, uchta oʻpich va qattiq quchoqlash yoki bolangiz uchun muhim boʻlgan boshqa biror narsa.
– farzandingizga siz (yoki u taniydigan boshqa katta odam) uni aniq bir payt yoki hodisadan (masalan, uxlash yoki ovqatlanish vaqti) keyin uni olib ketish uchun qaytib kelishingizni ayting.
– tezroq xayrlashing. Baʼzi holatlarda xafa boʻlgan bolaga tasalli berish uchun yonida qolish vaziyatni yanada yomonlashtirishi mumkin. Ammo ketayotganingizda bolangizga tasalli berish uchun yaqin atrofda tarbiyachi borligiga ishonch hosil qilganingiz maʼqul.
– xayrlashish paytida ham, uyda ham xush kayfiyatda boʻlishga harakat qiling. Aks holda, bolangiz sizning tashvishlanayotganingizni his qiladi va oʻzini yanada xavotirli yoki ishonchsiz his qilishi mumkin.
Farzandingiz band va quvnoq koʻrinsa ham, ketayotganingizda hamisha xayrlashing. Xayrlashmasdan ketib qolishingiz bolangizni xafa qilishi mumkin. Farzandingizga ketayotganingizni bildiring va agar kechikadigan boʻlsangiz, buning sababini ham aytib oʻting.
Kichkintoyingiz bu MTTga moslashmayotgan va bu tashkilotning sharoitlari unga toʻgʻri kelmayotgan boʻlsa, unga toʻgʻri keladigan boshqa maktabgacha taʼlim tashkilotlarini oʻrganishingiz mumkin.