Bolalar oʻsishi jadvallari
Bolaning o'sishi haqida
Bolalarning oʻsishi ularning umumiy salomatligi va ovqatlanish holatidan darak beradi.
Barcha chaqaloqlar va bolalar turli xil darajada oʻsadi va “meʼyor”ni belgilashda katta oraliq mavjud. Bolaning oʻsishi oʻzigagina xos boʻlib, odatda oʻzi uchun mos boʻlgan model boʻyicha kechadi.
Uyda bolangiz bilan birga boʻlib, u oʻsyaptimi yoki yoʻqmi – bilib olasiz. Kiyimlari kichrayib qolganini, chaqaloqligida juda katta tuyulgan beshik, choʻmiltirish togʻorachasi va boshqa narsalar endi torlik qilayotganini sezasiz.
O'sish jadvallari nima?
Oʻsish jadvallaridan tibbiyot xodimlari va ota-onalar bola hayotining dastlabki yillarida qanday oʻsayotgani va rivojlanayotganini kuzatish uchun foydalanadi. Farzandingizning oʻsishi Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining oʻsish standartlari asosida baholanadi. Ushbu standartlar tugʻilishdan besh yoshgacha boʻlgan barcha bolalar uchun fiziologik oʻsishning eng yaxshi tavsifini aks ettiradi va dunyodagi, jumladan, Yevropadagi 8500 nafar bolaning maʼlumotlariga asoslanadi. Z-chiziqlar yoki standart ogʻish chiziqlari bolalarning oʻsishini oʻlchash uchun ishlatiladigan birlikdir. Ushbu birliklar farzandingizning oʻsish koʻrsatkichlari oʻrtacha koʻrsatkichdan qanday farq qilayotganini koʻrsatadi.
Oʻsish jadvallari – maʼlum yoshda farzandingizning boʻyi / tana uzunligi, vazni va bosh aylanasining oʻzgarishini koʻrsatadigan grafikalar. Shifokor yoki hamshira farzandingizning oʻsish koʻrsatkichlarini muntazam ravishda oʻlchaydi va oʻlchov natijalarini jadvalga kiritib boradi. Farzandingizning oʻsish koʻrsatkichlari doimo qoʻl ostida boʻlishi uchun ushbu oʻlchovlarni uyali telefon dasturiga sizning ishtirokingizda kiritish va jadvalga belgilab borish maqsadga muvofiqdir.
Oʻgʻil bolalar va qizlar, kichik bolalar va katta yoshdagi bolalar uchun turli xil oʻsish jadvallari bor.
Bolalarning o'sish jadvallarini tushunish
Oʻsish jadvallarida turli yoshdagi bolalarning odatdagi oʻsish modellari doirasini koʻrsatadigan koʻplab chiziqlar (egri chiziqlar) mavjud.
Aksariyat bolalarning boʻyi / tana uzunligi, vazni va bosh aylanasi jadvallarning yuqori va pastki egri chiziqlari oraligʻida joylashgan. Barcha bolalarning yarmi odatdagi diapazonning oʻrtasidan yuqori darajada, yarmi esa bu koʻrsatkichdan pastroq oʻsadi. Cheklov qiymatlari oʻrtacha koʻrsatkichdan yuqori va pastda joylashgan ikkita standart oʻgʻish chizigʻi bilan chegaralanadi.
Baʼzida bolalarning oʻsish egri chiziqlari standart egri chiziqlar bilan kesishib oʻtishi mumkin. Agar bu holat kuzatilsa, tibbiy xodim farzandingizning oʻsishini keyingi koʻriklarda diqqat bilan kuzatib boradi. Farzandingiz oʻsishi oʻz-oʻzidan tiklanishi yoki tibbiy xodim sizga baʼzi maslahatlarni taklif qilishi mumkin.
- Agar bola tana vaznining yoshiga nisbati yoki tana vaznining tana uzunligi / boʻyiga nisbati koʻrsatkichi –2 SO dan past boʻlsa, bu bolada kamvaznlik bor hisoblanadi. Agar koʻrsatkich –3 SO dan past boʻlsa, bu – oziqlanishning ogʻir buzilishi borligidan dalolat.
- Agar bola tana vaznining yoshga nisbati yoki tana vaznining tana uzunligi / boʻyga nisbati koʻrsatkichi +2 dan +3 SO gacha boʻlsa, bu bolada ortiqcha vazn bor hisoblanadi. Agar koʻrsatkich +3 SO va undan yuqori boʻlsa, bu – semizlik borligidan darak.
- Agar bola tanasining uzunligi / boʻyining yoshga nisbatan koʻrsatkichi –2 SO dan past boʻlsa, bola boʻyi past deb hisoblanadi. Boʻyning past boʻlishi surunkali yoki muntazam toʻyib ovqatlanmaslik, noʻtoʻgʻri ovqatlanish, ovqat tarkibida mikroelementlar yetishmasligi, tez-tez kasallanish va bir necha yillar davomida kasallanish natijasidir.
Bolaning o'sishi qanday o'lchanadi
Tana uzunligi 2 yoshgacha bolalarda yotgan holatda oʻlchanadi. Ikki yoshdan oshgan bolalarda tik turgan holatda boʻy oʻlchanadi.
Ikki yoshgacha bolalarning vazni maxsus goʻdaklarga moʻljallangan tarozida kiyimsiz oʻlchanadi. Ikki yoshdan boshlab bolaning vazni odatdagi tarozida yengil kiyimda oʻlchanadi.
Bosh aylanasi odatda bolaning boshiga oʻlchov tasmasini qoʻyish orqali oʻlchanadi. Birinchi yilda bolalarning boshlari tez oʻsadi, bu ularning sogʻlom oʻsayotganini tekshirishni osonlashtiradi.