Bolalar uchun dorilar: qoʻllanma

Qanday dorilar farzandingizga toʻgʻri kelishini shifokordan soʻrang. Farzandingizga dori berishdan oldin doza boʻyicha pediatrning yoʻriqnomasini tekshiring. Farzandingiz dorini tasodifan yoki notoʻgʻri dozada ichib qoʻygan deb hisoblasangiz, tez yordam (103)ga qoʻngʻiroq qiling.
Body

Bolalar uchun dorilar

Bolalarga ularning yoshi, vazni va ehtiyojlariga qarab maxsus ishlab chiqarilgan dorilar kerak.

Farzandingizga har qanday dori berishdan oldin albatta shifokor bilan maslahatlashing.

Farzandingizga dori berayotganingizda tavsiya etilgan dozaga rioya qiling.

Dorilarni doimo farzandingiz ololmaydigan joyda, yaroqlilik muddati aniq yozilgan, qadoqlangan asl qutisida saqlang.

Farzandingiz dorini tasodifan yoki notoʻgʻri dozada ichgan deb hisoblasangiz, uning nafas olishi toʻxtab qolsa, hushini yoʻqotsa yoki shaytonlasa, darhol tez yordam (103) chaqiring.

Ogʻriq qoldiruvchi va isitmani tushiruvchi dorilar: parasetamol, ibuprofen va aspirin

Parasetamol

Parasetamolni bosh, qorin, quloq, tomoqdagi og‘riganda yoki suyak singanda ogʻriqni qoldirish uchun qoʻllash mumkin.

Bolalar yuqori isitma sababli oʻzlarini yomon his qilganda ham parasetamol berish mumkin.

Bolalar uchun parasetamol turli xil dozada va shaklda boʻladi. Bolalarga dozani aniq oʻlchash uchun shifokor koʻrsatmasiga doimo rioya qiling. Dori dozasi bolaning yoshiga emas, vazniga qarab oʻlchanadi.

Bolalarga parasetamolni qisqa vaqt davomida kerakli dozada berish xavfsiz. Ammo ushbu dorining ortiqcha dozasi xavfli boʻlishi mumkin. Ogʻir holatlarda jigar yetishmovchiligiga olib kelishi ehtimoli bor.

Ibuprofen

Agar sizda ogʻriqni qoldirish va isitmani tushirish uchun parasetamol boʻlmasa, ibuprofen berishingiz mumkin. Ibuprofenni toʻq qoringa yoki ovqatlanish vaqtida ichiring.

U 3 oylikdan katta boʻlgan bolalarga beriladi, lekin farzandingizda astmaning ogʻir turi boʻlsa, bu dorini bermang. Shuningdek, agar bolada suvsizlanish boʻlsa, ibufprofen tavsiya etilmaydi, chunki u buyrakning shikastlanishiga olib kelishi mumkin.

Bolaga ibuprofen berishdan oldin, shifokor bilan maslahatlashing va dori vositasining yoʻriqnomasini oʻqing.

Parasetamol va ibuprofen taʼsir etmaydigan holatlar

Parasetamol va ibuprofen yoʻtalda yordam bermaydi. Uning bolani uxlatishga ham foydasi yoʻq.

Parasetamol yoki ibuprofen dorixonalardan retseptsiz olsa boʻladigan koʻplab yoʻtal va shamollashga qarshi dorilar tarkibida uchraydi. Shu sabab dozasini tasodifan oshirib yubormaslik uchun dorilarni shifokor tavsiyasisiz bolaga bermang.

Agar farzandingizda kuchli ogʻriq kuzatilsa yoki yuqori isitma boʻlsa, faqat bitta dorini – yo parasetamol, yo ibuprofen bering. Ushbu dorilar tez-tez berilmasligi kerak. Shuning uchun ushbu dorilarni bolaga berishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing. Ortiqcha katta dozasini berib qoʻymaslik uchun dorini berish vaqtini yozib qoʻying.

Aspirin

Aspirin bolalarga ogʻriqni qoldirish yoki yuqori isitmani tushirish uchun berilmaydi!

Agar shifokor tavsiya etmagan boʻlsa, 15 yoshgacha boʻlgan bolalarga aspirin bermang.

Aspirin juda kam uchraydigan, ammo oʻlimga olib keladigan jiddiy kasallik – Reye sindromiga boʻlgan moyillikni oshiradi. Agar siz bolalarga retseptsiz olish mumkin boʻlgan dorilarni bermoqchi boʻlsangiz, tarkibida aspirin yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun shifokor bilan maslahatlashing.

Antibiotiklar

Antibiotiklar faqat bakteriyalar chaqirgan infeksiyalarga – masalan, bakteriya keltirib chiqargan oʻpka yalligʻlanishida, oʻrta quloq infeksiyalari, yiringli anginalarda, siydik chiqarish yoʻllari va yiringlagan yaralarga taʼsir etadi.

Antibiotiklar shamollash yoki gripp kabi virusli infeksiyalarga taʼsir etmaydi.

Antibiotiklarni notoʻgʻri qoʻllash diareya, suvsizlanish, immunitetning susayishi yoki allergik reaksiyalar kabi nojoʻya taʼsirlarga olib kelishi mumkin.

Shifokor bir nechta dorilar yozib berishi mumkin. Baʼzilari faqat ayrim bakteriyalarga qarshi samarali boʻladi. Boshqalari koʻp turdagi bakteriyalarga taʼsir qiladi va keng taʼsir etuvchi antibiotiklar deb ataladi. Shifokor bolaga kasallik chaqirgan bakteriyaga taʼsir etadigan antibiotikni toʻgʻri tanlashga harakat qiladi.

Shifokor antibiotiklarni buyurishdan oldin bolangizga davolashning boshqa usullarini taklif qilishi mumkin. Agar shifokor farzandingizga antibiotik kerak emas desa, undan antibiotik yozib berishni talab qilmang.

Agar farzandingiz antibiotik ichsa va bir necha kundan keyin ahvoli yaxshilansa ham, antibiotikning butun kursini ichishi juda muhim. Bola organizmidagi bakteriyalar butunlay yoʻqolmasa, infeksiya bir yoki ikki hafta oʻtgach qaytalanishi mumkin.

Hech qachon antibiotiklarni bolalarga oʻzboshimcha, shifokor koʻrsatmasisiz bermang!

Hech qachon avvalgi kasallik vaqtida eritilgan antibiotiklardan foydalanmang!

Yaroqlilik muddati oʻtgan antibiotiklarni ishlatmang!

Hech qachon antibiotikni oiladagi tavsiya etilmagan boshqa bolaga bermang.

Yodingizda tuting, antibiotiklardan oʻzboshimcha va notoʻgʻri foydalanish, ularga boʻlgan chidamlilikni shakllantirishga olib keladi. Antibiotiklarga boʻlgan chidamlilikni kamaytirish uchun ulardan asossiz ravishda foydalanishni toʻxtatish juda muhim.

Yoʻtal va shamollashga qarshi dorilar

Olti yoshdan kichik bolalarda yoʻtal va shamollashga qarshi dorilardan, shuningdek burun tomirlarini toraytiradigan spreylardan foydalanmaslik kerak.

6–11 yoshdagi bolalarga yoʻtal va shamollashga qarshi dorilarni faqat shifokor tavsiyasiga binoan ichirish kerak. Bularga, shuningdek, burun tomirlarini toraytiradigan spreylar ham kiradi.

Bolalar va chaqaloqlarning burni bitib qolganda 0,9 foizli fiziologik eritmani (dorixonadan retseptsiz sotib olish mumkin) burniga tomizish foydali boʻladi.

Allergiyaga qarshi dorilar

Qichishish, aksirish, shish yoki toshmalar allergiya belgilari boʻlishi mumkin. Allergiyaga qarshi dorilar deb nomlanuvchi dorilar ushbu belgilarni yoʻqotish uchun ishlatiladi.

Ular baʼzan ogʻiz qurishiga, uyquchanlikka va oshqozon faoliyatining buzilishiga olib kelishi mumkin.

Allergiyaga qarshi dorilar odatda uzoq muddatga tavsiya etilmaydi, shuning uchun ularni bolangizga berishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Allergiyaga qarshi dorilar va uyqu

Allergiyaga qarshi dorilar bolalarga yaxshi uxlashi uchun tavsiya etilmaydi. Dorilar baʼzan kunduzgi uyquchanlikni keltirib chiqaradi. Bu esa maktab yoshidagi farzandingizning oʻqish qobiliyatiga taʼsir qilishi mumkin.

Allergiyaga qarshi dorilar teskari taʼsir qilishi ehtimoli bor, bu esa baʼzi bolalarning ortiqcha faol boʻlishiga olib keladi. Bu uyquning har qanday muammolarini kuchaytirishi mumkin.

Keraksiz dorilarni ichishning oldini olish

Shifokor tavsiya etmagan dorilarni farzandingizga bermang.

Koʻngil aynishiga qarshi dorilar

Agar shifokor tavsiya etmagan boʻlsa, koʻngil aynishi va qusishga qarshi dori bermang.

Odatda qusish uzoq davom etmaydi va bolalar uni dorilarsiz yengadi.

Retsept bilan va retseptsiz beriladigan dorilarni birga ichish

Retsept va retseptsiz beriladigan dorilarni birgalikda ichish juda xavfli boʻlishi mumkin. Avvaliga har doim shifokor bilan maslahatlashish kerak.

Bola uchun belgilanmagan dorilar

Kattalar uchun yoki boshqalarga tavsiya etilgan dorilar farzandingizga zarar yetkazishi mumkin. Unga dorilarni berish xavfsiz emas.

Yaroqlilik muddati oʻtgan dorilar

Yaroqlilik muddati oʻtgan dorilar foyda bermaydi va hatto zararli boʻlishi mumkin.

Chaynash uchun tabletkalar

Yosh bolalarga tabletkalar tiqilib qolishi oson. Bolaga bunday dorilarni berishdan oldin shifokor bilan maslahatlashing.

Vitaminlar yaxshi gʻoyami?

Agar bolada vitamin va minerallarning yetishmasligi boʻlmasa, vitamin va mineral qoʻshimchalar bolalarning sogʻligʻiga foyda berishi haqida aniq isbot-dalil yoʻq. Bolalarda bunday muammo juda kam uchraydi.

Agar farzandingizda vitamin yoki mineral tanqisligi boʻlishi mumkin deb hisoblasangiz, shifokor bilan maslahatlashing.