Bolalar xarxashasi: bu borada nima qilish kerak?
Nega bolalar xarxasha qilishadi?
Farzandingiz uchun dunyo qiziqarli narsalarga toʻla. Savdo markazlarida ular koʻpincha bolaning koʻzi tushadigan joyda boʻladi. Bolalar oʻyinchoq va nosogʻlom oziq-ovqat mahsulotlarining aqlli marketingidan ham oson taʼsirlanadi. Chiroyli, yorqin yoki mazali narsalarning hammasi ham ularga mos kelmasligini yoki pulni havoga sovurishini bolalar tushunmasligi mumkin.
Natijada, bola xarxasha qila boshlaydi: “Xoʻrozqand yegim kelyapti!”, “Oʻyinchoq istayman!”, “Iltimos, iltimos, iltimos!”
Xarxashalar sizni charchatishi mumkin. Bu hatto sizni noqulay ahvolga solib qoʻyadi – “Nega bu oʻyinchoqni sotib ololmaymiz?” Yon bosish farzandingizga bir zumda qoniqish hissini bagʻishlashi yoki sizni takroriy soʻrovlar, nola yoki jazavalardan bir zumda xalos qilishini bilsangiz, “yoʻq” deyish qiyin boʻladi.
Ammo taslim boʻlsangiz, bola zoʻravonlik yaxshigina ish berishini bilib oladi. Bu esa xarxashalar davom etishini anglatadi.
Biror narsani soʻrash doim ham zerikarli emas. Bolalarning talablariga qanday munosabatda boʻlishingiz ularga taʼsir qilish, muzokaralar olib borish va muloqot qilish borasida muhim koʻnikmalar beradi. Bola biror narsa soʻraganda qanday javob berish haqida foydali maʼlumotlarni maqolamizdan topasiz.
Xarxashalarni kamaytirish
Xarxashalar ehtimolini kamaytirish uchun quyidagi choralarni koʻrish mumkin:
- Xarid qilishga otlanishdan oldin, asosiy qoidalarni tuzib chiqing. Farzandingiz bilan undan qanday xatti-harakatni kutayotganingiz va har qanday xarxashaga qanaqa munosabatda boʻlishingiz haqida gaplashing.
- Xarid davomidagi yaxshi xulq uchun bolangizni maqtang. Unga koʻp ijobiy eʼtibor bering, shunda siz uning xarxasha qilmayotganini payqaganingizni biladi. Masalan: “Menga bozorlikda yordam berganing va qurbimiz yetmaydigan narsani soʻramaganingdan juda xursandman”.
- Bozordagi yaxshi xulq uchun sogʻlom mukofot taklif qiling. Masalan: “Agar xarid vaqtida biror narsa soʻramasang, uyga qaytayotganda parkda toʻxtab oʻtamiz”.
- Reklama masalasini unutmang – masalan, uydagi televizor, radio, internet, pochta, ilova hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali keladigan reklamalar. Farzandingiz mahsulot reklamalarini qanchalik koʻp koʻrsa, ularni shunchalik koʻp xohlaydi.
- Bolakayingiz bilan reklama va aqlli xaridlar haqida suhbatlashing. Misol uchun, bepul oʻyinchoqlar fast-fud sotib olish istagini keltirib chiqarishi haqida gaplashish mumkin.
- Nima sotib olish haqida oilaviy qaror qabul qiling va xarid chogʻida bolalaringizga bu haqda eslating. Masalan: “Esingdami, biz bir muncha vaqt turli ichimliklar sotib olmaslikka qaror qilganmiz, shunday qilsak, tishlarimiz uchun qaygʻurgan boʻlamiz”.
Internet yoki ilovalardagi reklamalarni kamaytirish usullaridan biri – reklamasiz oʻyin, ilova hamda filmlarni tanlashdir. Baʼzan ilovaning reklamasiz talqini uchun biroz koʻproq pul toʻlashga toʻgʻri kelishi mumkin, ammo ushbu tanlov bunga arziydi.
Xarxasha bilan qanday kurashish kerak?
Farzandingiz xarxasha qilsa, yigʻlash, talab yoki tahdid orqali sizni biror narsa sotib olishga majburlasa, quyidagilarni sinab koʻrishingiz mumkin:
- Farzandingizga birga muhokama qilgan asosiy qoidalarni eslatib turing.
- Odob-axloqni oʻrganmaguncha uning iltimosi haqida oʻylamasligingizni bildiring. Masalan, “Dilshod, yoqimli ovoz bilan gapir” yoki “Bu savolni qanday berganing haqida oʻylab koʻr”, deyishingiz mumkin.
- Sizdan qay tarzda soʻralganidan mamnun boʻlmaguningizcha “Ha” yoki “Yoʻq” demang.
- Farzandingiz siz eshitgan va tushungan narsalarni koʻrishiga ishonch hosil qiling. Shunday qilib, bolaning javobingizni qabul qilish ehtimoli koʻproq. Misol uchu: “Ha, ular haqiqatan ham ajoyib koʻrinadi”, – desangiz boʻladi.
- “Yoʻq” dedingizmi, oxirigacha shu javobda qoling. Xarxashaga yon bosish bolani bu ishni koʻproq qilishga oʻrgatib qoʻyishi mumkin. Agar avvaliga rad qilib, keyin taslim boʻlsangiz, bola xarxasha va nolishlar foyda berarkan degan toʻxtamga keladi.
- “Yoʻq” deganingiz uchun bolaning hafsalasi pir boʻlganiga chidang. Misol uchun: “Koʻrib turibman, sen bu shirinlikni juda xohlayapsan. Ammo bugunga yetarlicha shirinlik yeding”. Bunday suhbatlar bir-biringizni tushunishga yordam beradi.
- Rad javobini bergach, bolani boshqa narsa bilan chalgʻitishga harakat qiling. Masalan: “Bizga apelsin kerak. Ularni topishga yordam bera olasanmi?”
Bolalar xarxasha qilganda xotirjam boʻling
Bolaning xarxashasi asabiylashtirishi va xafa qilishi mumkin. Agar xarxasha kuchayib borayotganini his qilsangiz, ushbu mashqlar sizga yordam beradi:
1. STOP!
2.10 gacha sanang.
3. Endi bolaga javob bering.
Bu qoʻshimcha 10 soniya odatda sizni tinchlantirish uchun kifoya qiladi.
Jamoat joyida jazavaga olib keladigan xarxasha yanada yoqimsiz boʻlishi mumkin. Yon bosish haqida oʻylamang, chunki begonalar sizni kuzatib turgan boʻladi. Tinchlaning va atrofdagilarni unuting. Ehtimol, ularning koʻpchiligi bu jarayonni boshdan kechirgan va sizga hamdardlik bilan qarashadi!