Bolalarda oziq-ovqatga bogʻliq boʻlmagan allergiya

Agar bolalarda chang kanalari, oʻsimliklar guli yoki oʻtlar, hayvonlar, lateks buyumlar, hasharotlar chaqishi va boshqalarga allergiya boʻlsa, ularni bu allergenlardan saqlanishga oʻrgatish kerak. Yengil yoki oʻrtacha allergik reaksiyaning belgilariga toshma, shish, qorin ogʻrigʻi, qusish, oʻsimliklar gullariga allergik reaksiya va astma kiradi. Ogʻir allergik reaksiyalar yoki anafilaktik reaksiya belgilariga ogʻiz boʻshligʻi shilliq qavatining shishishi, tomoqda boʻgʻilish hissi, ovozning boʻgʻiqligi, nafas olish qiyinligi va hushdan ketish kiradi. Farzandingizning allergiyasi haqida shifokor bilan gaplashing.
Body

Oziq-ovqatga bogʻliq boʻlmagan allergiyalar

Koʻp bolalarning uydagi va atrof-muhitdagi oddiy narsalarga, masalan chang kanalari, hasharotlar chaqishi, uy hayvonlarining yungi, oʻsimliklar, begona oʻtlar va oʻsimliklarning gullashiga allergiyalari bor. Allergiya belgilarining yengil, oʻrtacha va ogʻir shakllari boʻladi.

Farzandingizda allergiya boʻlishi mumkin deb hisoblasangiz, shifokor bilan maslahatlashing, u farzandingizning ahvolini baholash uchun allergologga yuborishi mumkin.

Yengil yoki oʻrtacha allergik reaksiya

Yengil yoki oʻrtacha allergik reaksiyaning belgilari odatda quyidagilardan birini yoki bir nechtasini oʻz ichiga oladi:

· toshma yoki eshakyemi toshmasi

· yuz, koʻzlar yoki lablarning shishishi

· ekzema (teri kasalligi), oʻsimliklar gullashi yoki astma belgilari bu – belgilar odatdagidan koʻra kuchliroq boʻlishi mumkin

· diareya, qorin ogʻrigʻi yoki qusish

Yengil va oʻrtacha allergik reaksiyalarda nima qilish kerak?

Farzandingizda yengil va oʻrtacha allergik reaksiya kuzatilmoqda deb oʻylasangiz, shifokorga murojaat qiling, zarurat boʻlsa, u bolaga allergiyaga qarshi dori tavsiya qiladi.

Aslida uyda saqlanadigan dorilar qutichasida doimo allergiyaga qarshi dori-darmonlar boʻlishi kerak.

Yengil va oʻrtacha allergik reaksiyalar tez-tez uchraydi, lekin allergik reaksiyalar tufayli oʻlim kam uchraydi.

Ogʻir allergik reaksiya yoki anafilaktik reaksiya

Ogʻir allergik reaksiya anafilaksiya ham deyiladi. Uning belgilariga quyidagilardan biri yoki bir nechtasi kirishi mumkin:

• qiyin yoki shovqinli nafas

• til va tomoqning shishishi yoki ularning qisilishini his qilish

• bola gapirishga qiynaladi yoki uning ovozi boʻgʻiq

• xirillash yoki doimiy yoʻtal

• doimiy bosh aylanishi yoki hushdan ketish

• rangparlik va boʻshashish (yosh bolalar uchun)

• past qon bosimi

• hasharot chaqqandan soʻng diareya, qorin ogʻrigʻi yoki qusish.

Anafilaktik reaksiya – hayot uchun xavfli allergik reaksiya boʻlib, shoshilinch tibbiy yordamni talab qiladi. Farzandingizda anafilaktik reaksiya boʻlsa, avval uni yotqizing yoki oʻtqizib qoʻying (yerga ham mumkin). Uning turishi yoki yurishiga yoʻl qoʻymang, zudlik bilan tez yordam chaqiring (103 raqamga qoʻngʻiroq qiling)

Dori vositalariga allergiya

Farzandingiz dori-darmonlarni, ayniqsa antibiotiklarni qabul qilganda toshma yoki shish paydo boʻlishi mumkin. Bunday belgilar dorining ayrim tarkibiy qismlariga nisbatan murosasizlik tufayli yuzaga keladi.

Ammo baʼzida toshma va shish allergiyaga emas, balki yashirin infeksiyaga ham bogʻliq boʻlishi mumkin.

Farzandingizda dori ichganidan keyin diareya yoki qusish boʻlsa, bu allergik reaksiya emas. Buning sababi kasallik yoki dorilarning oshqozonga taʼsiri boʻlishi mumkin.

 

Emlashga inyeksiya (ukol) qilingan joyda odatiy reaksiyalar tez-tez uchraydi va u odatda ogʻriq, qizarish va shish sifatida namoyon boʻladi. Shuningdek, farzandingizda tana harorati ham koʻtarilishi mumkin. Emlashlarga haqiqiy allergik reaksiyalar juda kam uchraydi.

Farzandingizda dori-darmonlarga allergik reaksiya borligini sezsangiz, shifokor bilan maslahatlashing.

Umumiy allergenlarga misollar

Chang kanalariga allergiya

Chang kanalari quruq va baland (dengiz sathidan 1500 m balandlikdagi) hududlardan tashqari, deyarli har bir uyda yashaydi. Ular koʻrpa, toʻshak, yostiq, yumshoq oʻyinchoqlar, yumshoq mebel va gilam kabi iliq hamda nam joylarda yashaydilar.

Chang kanalariga allergiyaning oʻxshash belgilariga oʻsimlik gullariga allergiya, ekzema (teri kasalligi) va astma kiradi.

Chang kanalariga allergiya mavsumiy boʻlmaydi, ular yil davomida roʻy beradi.

Oldini olish

Birinchi navbatda bolaning yotoqxonasi va karavotiga eʼtibor qaratish lozim. Chang kanalarining sonini quyidagi usullar bilan kamaytirishingiz mumkin:

• farzandingiz uxlab yotgan paytda chang kanalaridan himoya qilish uchun uning toʻshagini qalinroq jild (matras usti yopinchigʻi) bilan yoping

• har hafta 60°C haroratli suvda choyshab va yostiq jildlarini yuving

• har ikki oyda bir marta adyol va chang kanalaridan himoyalovchi qalin jildni issiq suvda yuving

• yotoqxonadagi barcha yumshoq oʻyinchoqlarni olib tashlang yoki har hafta yuving

• iloji boricha uyingizdagi gilamlarni olib qoʻying yoki ularni tez-tez changyutgichda va yuvuvchi vositalar bilan tozalang

Uy hayvonlariga allergiya

Bolalarda mushuklar, itlar, otlar va quyonlar kabi hayvonlarning moʻynasi, junlari va tupugiga allergiya boʻlishi mumkin.

Oldini olish:

Uy hayvoni allergiya chaqirsa, bola bilan aloqa qilmaslikning eng yaxshi usuli bu – hayvonni tashqarida, hovlida saqlash. Hayvon farzandingizning toʻshagida yoki yotoqxonasida uxlashiga yoʻl qoʻymang.

Koʻkalamzordagi begona oʻtlarga hamda oʻsimliklar gullashiga allergiya

Bu allergiya mavsumiy boʻlib, bahor va yoz oylarida, oʻtlar va boshqa oʻsimliklar gullab- yashnaganda kuchayadi.

Oldini olish

• oʻsimliklar gullash vaqtida va shamolli kunlarda deraza va eshiklarni yopiq holda saqlash va xonada oʻtirish

• farzandingiz tashqarida oʻynaganidan keyin ayniqsa unda qichishish boʻlsa, uni choʻmiltirish.

Lateksga allergiya

Farzandingizda lateks tutgan mahsulot bilan aloqa qilgandan keyin qizarish, toshma yoki shish paydo boʻlishi mumkin. Bu sharlar, rezina qoʻlqoplar, bolalar soʻrgʻichlari (soska) boʻlishi mumkin.

Farzandingizning lateksga allergiyasi boʻlsa, bola bilan uchrashadigan barcha shifokorlar, stomatologlar va boshqa sogʻliqni saqlash xodimlarini bundan xabardor qilishingiz kerak. Ular farzandingizni tekshirayotgan yoki davolayotganda lateksdan foydalanmasliklari lozim.

Baʼzi odamlarda lateks tufayli anafilaktik reaksiya kelib chiqadi. Farzandingizda anafilaktik reaksiyaning belgilari va alomatlari boʻlsa, uni yotqizib qoʻying va tez yordam chaqiring (103 raqamiga qoʻngʻiroq qiling).