Bolalarda zaharlanishning oldini qanday olish mumkin?
Kundalik hayotda uyda ishlatiladigan koʻplab mahsulotlar tarkibida juda zaharli moddalar mavjud. Muayyan zaharli moddalarni masʼuliyat bilan ishlatish va manbalarini yoʻqotish bolalarda uchrashi mumkin boʻlgan zaharlanishning oldini olishda yordam beradi.
Body
Uyingizda zaharlashi mumkin boʻlgan manbalarni aniqlang
- Bolalar uchun xavfli boʻlgan mahsulotlarga quyidagilar kiradi: tozalash va kir yuvish mashinalari uchun vositalar, pardoz-andoz buyumlari, dori-darmonlar, spirtli ichimliklar, antifriz, benzin, boʻyoqlar, laklar, kemiruvchilarga qarshi zaharlar, oʻsimliklarni parvarishlovchi vositalar, oʻsimliklar va zamburugʻlarning ayrim turlari. Boshqa xavf-xatarlarga yongʻindan hosil boʻlgan zaharli tutun va gazlar, qattiq va suyuq yoqilgʻining yonishi, gaz inshootlarining buzilishidan chiqadigan yoki avtomobil/mashina yopiq garaj ichida ishga tushirilganda ajraladigan gazlar kiradi.
Kimyoviy vositalar va dori-darmonlarni bolalar qoʻli yetmaydigan joyda saqlang
Kimyoviy vositalar va dori-darmonlarni ishlatgandan soʻng, stol, pol/yer yoki javonlarda qoldirmang. Ularni yopiq holda, bolalarning qoʻli yetmaydigan joyda saqlang.
Hech qachon dori-darmonlar va kimyoviy vositalarni oziq-ovqatlar uchun oʻramlar yoki konteynerlarda qoldirmang, ularni ichimlik shishalariga solmang
- Ularni, kerak boʻlganda kimyoviy tarkibini tezda aniqlash uchun asl oʻramlarida saqlang.
- Foydalanishdan keyin har doim kimyoviy vositalar yoki dori-darmonlar oʻramidagi qalpoq va qopqogʻini mahkam yoping.
- Kimyoviy moddalar ishlatiladigan xonalarning havosini shamollatib turing. Bundan tashqari, har xil kimyoviy vositalarning aralashmalarini tayyorlamang, chunki baʼzi tarkibiy qismlar bir-biri bilan kimyoviy reaksiyaga kirishishi va zaharli gazlarni ajratishi mumkin.
- Dori-darmonlardan foydalanganda yoʻriqnomani oʻqing va shifokor tavsiyalariga amal qiling.
- Keraksiz yoki muddati oʻtgan dori-darmonlarni belgilangan va xavfsiz usulda yoʻq qiling.
- Dori-darmonlarni bolani jalb qiladigan nomlar bilan atamang (shimadigan qand, shirinliklar va boshqalar).
Baʼzi oʻsimliklar zaharli boʻlishi mumkin – sizning uyingizda yoki bogʻingizda bunday oʻsimliklar mavjudligini tekshiring
Bolalar ruxsatsiz biror bir oʻsimlikni terishi yoki yeyishiga yo‘l qo‘ymang. Zaharli qoʻziqorinlarning xavfi haqida bolalarni ogohlantirishni unutmang!
Elektron sigaretdan foydalansangiz, ehtiyotkorlik choralarini koʻring, uni bolalar qoʻli yetmaydigan joyda saqlang
- Elektron sigaret idishidagi/kartrijlaridagi suyuq nikotin bolalar uchun juda xavfli boʻlishi mumkin.
- Agar bola uyda boʻlmasa (qarindoshlari, doʻstlari bilan, safarda), bolaga gʻamxoʻrlik qilayotganlarga, zaharlanish ehtimolining qanday oldini olish kerakligini tushuntiring.
- Tangali/yassi batareyalar (qoʻl soatlari, oʻyinchoqlar va boshqalar uchun turli hajmdagi kichik, dumaloq batareyalar) ham xavflidir. Bu batareyalarni bolalar yutib yuborishsa yoki burun, quloq yoki tomoqqa tiqilib qolsa, ular sogʻligʻiga jiddiy zarar yetishi mumkin.
- Yopiq garajda mashinani ishga tushirmang. Xonada chiqindi gazlari toʻplanishiga yoʻl qoʻymang.