Bolalardagi jiddiy kasalliklar: 0–3 yosh
Bolalardagi ogʻir kasalliklar: nima qilish kerak?
Ushbu maqolada sanab oʻtilgan kasallik belgilari bor chaqaloqlar va yosh bolalar jiddiy kasallik xavfi ostida bo‘ladi.
Agar quyida keltirilgan belgilardan birortasini aniqlasangiz, zudlik bilan tibbiy yordam olish uchun murojaat qiling. Siz boshqalarga qaraganda bolangizni yaxshi bilasiz, shuning uchun uning sogʻligʻi shubha tugʻdirsa, ichki hissiyotingizga ishoning.
Shoshilinch tibbiy yordam olishning eng tez usuli – tez yordamni chaqirish yoki bolani zudlik bilan yaqin oradagi shifoxonaning shoshilinch yordam boʻlimiga olib borish.
Qachon tez yordam chaqirish yoki zudlik bilan shifoxonaga murojaat qilish kerak?
Agar siz quyidagi belgilardan birortasini, masalan:
- uyquchanlik yoki javob reaksiyasining yoʻqligi (hushsizlik);
- har qanday ovqat yoki suyuqlikdan keyin qusish;
- koʻkrakni ema olmasa yoki icha olmasa;
- doimiy yigʻlash;
- nafas olishning qiyinligi;
- terining oqishligi, koʻkarishi yoki dogʻlar paydo boʻlishi;
- shaytonlash xurujlari;
- bola terisidagi toshmani bosganingizda yoʻqolmasligi;
- odatdagidan kam siyish;
- yomon ovqatlanish;
- 2 oylikkacha boʻlgan chaqaloqlarda tana haroratini koʻtarilishini aniqlasangiz, tez yordam chaqiring yoki bolani zudlik bilan yaqin oradagi tibbiy muassasaga olib boring.
Quyida ushbu belgilar haqida batafsil maʼlumot berilgan.
Uyquchanlik yoki javob reaksiyasining yoʻqligi (hushsizlik)
Farzandingiz baʼzan uyquchan boʻlishi – masalan, ovqatlangandan keyin bu odatiy hol. Ammo agar farzandingiz odatdagiga qaraganda uyquchan boʻlsa, bu bolalardagi jiddiy kasallikning belgisi boʻlishi mumkin.
Agar bolangizni bir necha marta harakat qilib uygʻota olmasangiz, darhol tibbiy yordamga murojaat eting.
Harakatlarga javobning yoʻqligi bolalarda uchraydigan bir nechta jiddiy kasalliklar, qondagi qand miqdorining ozligi (gipoglikemiya) kabi holat yoki hayot uchun xavfli miya yalligʻlanishining (meningit) belgilari boʻlishi mumkin.
Har qanday ovqat yoki suyuqlikdan keyin qusish
Oʻzida hech narsani ushlab turolmaydigan bolada, har qanday ovqat yoki suyuqlikdan keyin qusish belgisi boʻladi. Qusish orqali har qanday oziq-ovqat yoki suyuqlik isteʼmol qilinganidan keyin darhol chiqariladi. Нar qanday ovqat yoki suyuqlikdan keyin qusish belgisi bor bola ovqatni, suyuqlikni yoki dorilarni tanasida ushlab qololmaydi.
Toʻxtamasdan qayt qilish suvsizlanish va tanadagi tuzlarni yo‘qotishga olib kelishi mumkin.
Koʻkrakni ema olmaydi yoki icha olmaydi
Agar chaqaloq koʻkrakni ema olmasa va sutni yuta olmasa yoki suyuqlikni icha olmasa, bolada “koʻkrakni ema olmaydi yoki icha olmaydi” belgisi mavjud. Agar farzandingiz yomon ichsa yoki ema olmasa, bu boladagi jiddiy kasallikning erta belgisi boʻlishi mumkin.
Toʻxtamasdan yigʻlash
Barcha chaqaloqlar va yosh bolalar yigʻlaydi. Ammo agar chaqalogʻingiz noodatiy tarzda yigʻlayotgan, yigʻisi toʻxtamayotgan va sizga chaqaloqni tinchlantirish qiyin boʻlsa, shifokorga murojaat qilish kerak.
Nafas olishning qiyinligi
Agar farzandingizning nafas olishi qiyin boʻlsa, quyidagi holatlar kuzatiladi:
- oʻpkaga havo kirishi uchun qiynalib nafas oladi;
- doimo yoʻtaladi;
- nafas olganda koʻkrak qafasi pastki qismi ichiga tortiladi;
- nafas yoʻllari berkilishi sababli gapira olmaydi yoki tovush chiqara olmaydi.
Ogʻir holatlarda bolangiz juda boʻshashgan va koʻkargan boʻlib koʻrinadi. U gapira olmasligi yoki inqillab nafas olishi mumkin.
Ushbu qiyin nafas olish belgilari nafas yoʻllari infeksiyasi – zotiljam (pnevmoniya)da yoki ogʻir astma, laringit (hiqildoq yalligʻlanishi), nafas yoʻllariga yot jism tushishi kabi holatlarda kelib chiqishi mumkin.
Terining oqishligi, koʻkarishi yoki dogʻlar paydo boʻlishi
Terining oqishligi, koʻkarishi yoki dogʻlar paydo boʻlishi jiddiy kasalliklarida kuzatiladigan qon aylanishining buzilishi yoki qonda kislorod miqdorining ozligi sabab boʻlishi mumkin.
Shaytonlash xurujlari
Agar bolangizda shaytonlash boʻlsa, koʻzlari tepaga ketishi mumkin. U tashqi taʼsirga javob bermaydi, oyoq va qoʻllarida qisqa vaqt davomida mushaklarning qisqarishi, shuningdek, nafas olishi yuzaki yoki noodatiy boʻlishi ehtimoli bor.
Shaytonlash vaqtida qusgan narsalari nafas yoʻllariga tushmasligi uchun bolani yonboshga yotqizing. Bolangizning ogʻziga hech narsa (barmoqlarni ham) solmang. Bu bolaning nafas olishini qiyinlashtirishi mumkin.
Shaytonlashga qarshi dori bering va xurujni toʻxtatish uchun zudlik bilan tez yordam chaqiring.
Bola terisidagi toshma bosganda yoʻqolmasligi
Bola terisiga stakanni bosganingizda toshma yoʻqolmasa (tiniq stakan orqali toshma yoʻqolyaptimi yoki yoʻqmi, koʻrish mumkin) hayot uchun xavfli boʻlgan meningokokk infeksiyasining erta belgilari boʻlishi mumkin.
Isitma yoki tana haroratining 37,5 °C dan yuqori boʻlishi
Isitma – tana haroratining 37,5 °C dan yuqori boʻlishi. Bu – tananing infeksiyaga qarshi kurashishining odatiy usuli. Isitmalagan bolalarning aksariyatida jiddiy kasallik boʻlmaydi. Ammo baʼzi hollarda isitma jiddiy infeksiyaning belgisi boʻlishi mumkin. Isitmalayotgan bolani shifokorga koʻrsatish kerak, chunki u toʻgʻri tashxis qoʻyadi va davolash muolajalarini tavsiya etadi.
Agar chaqalogʻingiz ikki oylikkacha boʻlsa va tana harorati 37,5 °С va undan yuqori boʻlsa, darhol shifokorga murojaat qiling. Chunki bu yoshdagi bolalarda isitma jiddiy kasallik belgisi hisoblanadi.
Ammo agar bolangiz ikki oylikdan katta boʻlsa va jiddiy kasallikning boshqa belgilari boʻlmasa, shifokorga shu kuni murojaat qilish foydali boʻladi.
Qoʻlingizni peshonasiga qoʻyib bolangizning tana haroratini aniqlash ishonchli usul emas. Farzandingizning tana haroratini oʻlchashning eng toʻgʻri usuli – termometr yordamida oʻlchash.
Shu narsani bilish kerakki, tana harorati 38,5 °C gacha koʻtarilgan boʻlsa, uni dorilar bilan tushirish kerak emas. Bolaga koʻp miqdorda suyuqlik berish, teri orqali issiqlikni chiqarish uchun yechintirish va shifokorga murojaat qilish kerak
Odatdagidan kam siyish
Koʻpgina jiddiy kasalliklarning dastlabki belgisi odatdagiga qaraganda kam siyish – yaʼni bolangizning har kungi almashtiriladigan tagliklari sonining yarmidan kam boʻlishi. Bu bolangizda suvsizlanish borligini anglatadi.
Yomon ovqatlanish
Agar chaqalogʻingiz yaxshi ovqatlanmasa yoki ovqatlanishga qiziqmasa, bu undagi kasalliklarning dastlabki belgisi boʻlishi mumkin.