Bolalardagi semizlik

Bolalikdagi semirish bu – bolalarda juda koʻp yogʻ toʻplanishidir. Ortiqcha vazn va semizlik bolalar salomatligi uchun xavf tugʻdiradi. Oilangizning turmush tarzidan, shu jumladan, ovqatlanish, jismoniy faollik va ekran vaqtidan kelib chiqib, bolangizga sogʻlom vaznni saqlashda yordam bering. Agar bolangizda vazn muammosi boʻlishi mumkinligidan xavotirlansangiz, diyetologga murojaat qiling.
Body

Bolalardagi semizlik haqida

Ortiqcha vazn va semizlikda bolalar oʻz yoshiga nisbatan koʻproq vaznga ega va ortiqcha yogʻga ega boʻladi. Semizlik – ortiqcha vaznning yanada jiddiy shakli.

Ortiqcha vazn va semizlik bolalarning oziq-ovqat va ichimliklardan olingan energiyasi kundalik faoliyatda sarflanadigan energiyadan ortib ketganda yuzaga keladi.

Ortiqcha vazn va semizlik bolalar salomatligi uchun jiddiy muammodir. Agar bolalarga ushbu muammolarni bolalik davrida hal qilishda yordam bersangiz, ular keyinchalik hayotida ortiqcha vazn va semirib ketish bilan bogʻliq muammolarga duch kelish ehtimoli kamroq boʻladi.

Sogʻlom vazn, ortiqcha vazn va semizlikka taʼsir qiluvchi omillar

Bolalarda semizlik va ortiqcha vaznning rivojlanishiga olib keluvchi yuqori xavfi omillari quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • nosogʻlom oziq-ovqat va ichimliklar tanlovi;
  • jismoniy faoliyatning yetishmasligi;
  • taqlid uchun “oilaviy namunalar”;
  • oila tarixi (anamnezi) va tibbiy omillar;
  • televizor/planshet ekranini tomosha qilish vaqti va uyqu vaqti kabi boshqa omillar.

Oilangizning turmush tarzidagi ushbu omillarni oʻrganib, farzandingizga sogʻlom vaznni saqlashga yordam bera olasiz.

Oziq-ovqat va ichimlik tanlovi

Agar farzandingizga turli xil sogʻlom taomlarni taklif qilsangiz, bu uning sogʻlom oʻsishi va rivojlanishiga yordam beradi.

Sogʻlom va toʻyimli oziq-ovqatlarga sabzavotlar, mevalar, donli mahsulotlar, kam yogʻli sut mahsulotlari va oqsilga boy mahsulotlar, masalan, goʻsht, baliq, tovuq, tuxum, noʻxat, loviya va yasmiq kiradi. Sogʻlom rivojlanish uchun farzandingiz turli yoshda ushbu mahsulotlarning turli miqdorini isteʼmol qilishi kerak.

Ichimlik suv va kam yogʻli sut bolalar uchun eng foydali ichimliklardir.

Jismoniy faollik

Iloji boricha piyoda yurish va ochiq havoda oʻynash orqali bolangizni jismoniy faollikka undashingiz mumkin.

Taqlid uchun “oilaviy namunalar”

Farzandingiz siz sogʻlom oziq-ovqat isteʼmol qilayotganingizni va faol turmush tarzini tanlaganingizni koʻrsa, sogʻlom taomni tanlashi va jismoniy faol boʻlishi ehtimoli ortadi. Yosh bolalar barcha qilayotgan xatti-harakatingizni qaytaradilar, shuning uchun sogʻlom ovqatlanishingiz va muntazam jismoniy mashgʻulotlaringiz ularga katta taʼsir koʻrsatadi.

Oila tarixi (anamnezi) va tibbiy omillar

Baʼzi bolalarda nasliy moyillik tufayli yoki sogʻligʻida maʼlum bir muammolari tufayli semirib ketish xavfi yuqori boʻladi.

Bunday holda oilangiz uchun sogʻlom ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini tanlash yanada muhimroqdir.

Boshqa omillar

Bolalikdagi semirishining yana bir xavf omili uyqu muammolaridir. Kechasi yetarli darajada uxlamaydigan bolalarda ortiqcha vazn qoʻshishga yoki semirib ketishga moyillik koʻproq boʻladi.

Farzandingizni erta yoshda sogʻlom va yangi oziq-ovqatga oʻrgatish, jismoniy faollikka jalb qilish kelajakda ortiqcha vazn yoki semizlik bilan bogʻliq muammolarni kamaytirishga yordam beradi.

Nima uchun farzandingizning sogʻlom vaznini saqlab turish kerak?

Sogʻlom vaznni saqlab qolish farzandingizda quyidagilarning rivojlanish ehtimolini kamaytiradi:

● kattaroq yoshda ortiqcha vazn yoki semirib ketish;

● 2-toifa qandli diabet, uyqudagi obstruktiv apnoe, tos-son suyagi boʻgʻimi va boʻgʻimlar muammolarini oʻz ichiga olgan bolalik davridagi jiddiy salomatlik buzilishlarining rivojlanishi;

● kamsitilish va bezorilik, oʻz-oʻziga past baho berish, tushkunlikka tushish kabi hissiy va ijtimoiy muammolardan azob chekish;

● balogʻat yoshida jismoniy sogʻliq muammolari, shu jumladan, yurak kasalligi, 2-toifa diabet, saratonning ayrim turlari, bepushtlik va teri kasalliklari.

Ogʻirlik yoki bolalikdagi semizlik haqida tashvishlanish: nima qilish kerak?

Kundalik oilaviy ovqatlanish tartibida foydalansa boʻladigan oddiy tavsiyalar:

  • Yaxshi namuna boʻling va bolangizga sogʻlom ovqatlanishdan zavqlanishingizni koʻrsating.
  • Farzandingizni sogʻlom oziq-ovqat tanlash va tayyorlash uchun jalb qiling. Bu bolalar sogʻlom oziq-ovqat haqida koʻproq maʼlumot olishiga va toʻgʻri tanlov qilishiga yordam beradi. Bolalar tayyorlashda oʻzlari ishtirok etgan taomlarni xush koʻrib yeydi.
  • Sabzavot va salatlarni koʻproq isteʼmol qiling. Asosiy ovqatlanish vaqtida likobchaning yarmini salat yoki sabzavotlar bilan toʻldirishga harakat qiling.
  • Uyga nosogʻlom oziq-ovqat va ichimliklar olib kelmaslikka harakat qiling. Ularga fastfud, kartoshka chipslari, pechenye, kremli pishiriqlar, xushboʻy taʼm berilgan sut va gazlangan ichimliklar kiradi. Agar bu mahsulotlar uyda boʻlmasa, farzandingiz ularni isteʼmol qilishi qiyinroq boʻladi.
  • Muntazam oilaviy ovqatlanishlarni tashkil qiling va tez-tez oila bilan dasturxon atrofida yigʻilib, televizorni oʻchirgan holda, birgalikda ovqatlanishdan bahramand boʻling.
  • Sizda farzandingiz och qolishi bilan taklif qila oladigan sogʻlom va foydali tamaddilar doim tayyor bolsin. Masalan, stolda laganga solingan yangi mevalar va sovitkichda idishga toʻgʻralgan yangi sabzavotlar saqlang.

Oilangiz hayotida jismoniy faollikni oshirish uchun oddiy tavsiyalar:

  • Farzandingiz ekran vaqtini jismoniy faollik kabi sogʻligʻi uchun foydali boʻlgan boshqa mashgʻulotlar bilan muvozanatlashiga ishonch hosil qiling. Ekran vaqtiga televizor, DVD, kompyuter, video oʻyinlar, mobil telefonlar va planshetlar bilan mashgʻul boʻlish vaqti kiradi.
  • Farzandingizga faol oʻynash uchun imkoniyat bering. Unga kamida bir soat jismoniy faollik kerak va bu faollikni butun kun boʻyicha taqsimlash mumkin. Oʻquv kunida jismoniy faollik odatda yetarli boʻlmaydi.
  • Kundalik oilaviy hayotda jismoniy faollikni kiriting – masalan, butun oila bilan sayrga piyoda chiqing yoki birgalikda velosipedda uching.
  • Iloji boʻlsa, maktabga, doʻkonlarga yoki doʻstlaringizga mehmonga piyoda boring.

Ortiqcha vazn muammosi boʻlgan har bir inson oʻz vaznini boshqarish uchun yordamga muhtoj. Farzandingiz sizning yordamingizsiz buning uddasidan chiqa olmaydi. Agar butun oila sogʻlom ovqatlanishni tanlasa va faol hayot tarzi bilan yashasa, bolangiz sogʻlom turmush tarziga rioya qilishni davom ettirishi oson boʻladi.

Sogʻlom vazn va bolalikdagi semizlik haqida suhbat

Bolalikdagi semizlik – nozik masala

Agar farzandingiz ortiqcha vazn bilan bogʻliq muammolarga duch kelsa, “ortiqcha vazn” yoki “semizlik” yorligʻini osib qoʻyish yaxshi emas. Buning oʻrniga bolangiz sogʻlom vaznga erishishiga yordam berish uchun oilangiz nima qilishi kerakligi haqida gapiring.

Quyida ortiqcha vazn va semizlik haqida bolaga qanday gapirish haqida baʼzi maslahatlar bilan tanishasiz:

  • Ortiqcha vaznni yoʻqotishdan koʻra sogʻlom turmush tarziga eʼtibor qarating.
  • “Yogʻliʼ”, “yaxshi”, “yomon”, “qisqa” yoki “semirib ketgan” kabi belgilar oʻrniga “sogʻlom vazndan yuqori” kabi soʻzlarni ishlatishga harakat qiling.
  • Farzandingizning tashqi koʻrinishi bilan bogʻliq boʻlmagan boshqa fazilatlarini maqtang va ragʻbatlantiring. Masalan, “Bu qiyin uy vazifasini bajarganing menga yoqdi”, “Oʻzingdan kichik bolalarga gʻamxoʻrlik qilishingdan faxrlanaman” va “Taqdimotdan oldin xotirjam boʻlganing qanchalik ajoyib”.
  • Quyidagi jumlalarni qoʻllamaslikka harakat qiling: “Senga falon narsa kerak emasligini oʻylaysanmi oʻzi?” yoki “Buni qilish kerak emas edi…”. Bolalar ularni ayblayotganingizni his qilishlari mumkin, natijada siz xohlayotgan natijaga erishish ehtimoli kamayadi.

Yordam olish

Siz pediatr, diyetolog va zarur hollarda psixologdan maslahat va yordam olishingiz mumkin.