Bolalarning odatdagi o'sishi: dastlabki 6 oy

Bola hayotning birinchi oylarida eng tez o'sadi, so'ngra o'sish asta-sekin sekinlashadi.
Body

Tugʻilgandan soʻng, dastlabki uch oyda bola juda tez oʻsadi, soʻngra jadal oʻsish davom etadi, ammo biroz sekinlik bilan. Ushbu davrda bolaning oʻsish surʼatlariga atrofidagilarning koʻmagi, bolaning ovqatlanishi va hali yetarlicha aniqlanmagan nasliy omillar asosiy taʼsir koʻrsatadi. Bolalik davri kasalliklari jadal rivojlanishni buzib yuborishi mumkin, ammo siz yetarli yordamingiz bilan ular odatda vaqtinchalik taʼsirga ega.

  • Farzandingizning oʻsish koʻrsatkichlari: tana vazni, tana uzunligi (uzunlik bolada 2 yoshgacha yotgan holatda oʻlchanadi) va bosh aylanasi, soʻngra ularni Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan ishlab chiqarilgan oʻsish standartlari bilan taqqoslash orqali baholanadi (JSST). Kundalik foydalanish uchun ushbu standartlar oʻsish jadvali – egri chiziqlar koʻrinishida berilib, bu egri chiziqlar oʻgʻil bolalar va qizlar uchun turlicha tarzda tuzilgan.
  • Har bir muntazam tibbiy tekshiruvda (tashriflar soni ilovada keltirilgan*), sizning farzandingizning oʻsish koʻrsatkichlari oʻlchanadi va olingan natijalar oʻsish jadvaliga kiritiladi, bu esa farzandingizning oʻsishi yaxshimi yoki yoʻqmi – kuzatish imkonini beradi.

Tugʻilganda:

  • Tugʻilganda tana vazni va tana uzunligining oʻrtacha koʻrsatkichlari oʻgʻil bolalarda (taxminan 3600 g va 51,5 cm) qizlar bilan taqqoslaganda (taxminan 3500 g va 50,5 cm) biroz kattaroq, bu nasliy omillarning oʻsishga taʼsirini aniq aks ettiradi. Bosh aylanasining oʻrtacha koʻrsatkichi taxminan 35 cm.

Birinchi oy:

  • Tugʻilgandan keyingi dastlabki kunlarda bolangiz tana vaznining 10% gacha qismini yoʻqotsa, ajablanmang. Bu – mumkin boʻlgan holat. Vazn yoʻqotish vaqtinchalik boʻlib, uning oʻrni toʻgʻri parvarish va ona suti bilan ovqatlantirish orqali hayotning ikkinchi haftasi oxiriga qadar qoplanadi.
  • Yaqin kunlarda bolaning vazni ortishi kuniga oʻrtacha 20-30 grammga kutilmoqda.
  • Birinchi oy bu – bolaning tashqi muhit sharoitlariga oʻrganish davri boʻlib, bu davrda oʻsishda farqlar kuzatiladi. Shuning uchun ham bolangiz vazni atigi 400 grammga koʻpayishi mumkin. Agar u katta vazn bilan tugʻilgan boʻlsa, tez-tez emib, yaxshi uxlasa, 1000 gramm va undan koʻp vazn qoʻshishi mumkin. Shu vaqt ichida oʻrtacha 4,5 dan 5 cm gacha oʻsadi.
  • Boshning oʻsishi alohida kuzatiladi, chunki u miyaning oʻsish tezligi bilan bogʻliq. Miya atrof-muhitdan koʻplab maʼlumotlar toʻplab boradi va juda katta tezlik bilan oʻsadi, shuning uchun bu oy davomida bosh aylanasi taxminan 3-5 cm ga kattalashishi mumkin.

Birinchi uch oy:

  • Farzandingiz hayotning dastlabki bir necha haftasidagi kabi tez oʻsishda davom etadi. Ushbu oylar davomida u 700 dan 900 grammgacha vazn qoʻshishi, oyiga 2,5–4 cm oʻsishi va bosh aylanasi 1,2 cm ga oʻsishi kutilmoqda. 3 oylikda bosh aylanasi oʻrtacha 40,5 cm boʻlishi kerak. Koʻrsatilgan koʻrsatkichlar faqat oʻrtacha qiymatlardir. Baʼzan odatdagi oʻsishdan yengil ogʻishlar kuzatilishi mumkin va farzandingizning rivojlanishi umumiy baholar yigʻindisi asosida baholanadi.

6-oy

  • Toʻrtinchi oydan yettinchi oygacha bola oyiga 450 dan 550 grammgacha vazn qoʻshishi davom etadi. Shu vaqt ichida u taxminan 6 cm ga oʻsadi va bosh aylanasi taxminan 2,5 cm ga koʻpayadi.
  • Toʻrtinchi oydan yettinchi oygacha davr mobaynida bolalarning vazni tugʻilgandagi vazndan ikki barobar ortadi. Muddatidan oldin tugʻilgan chaqaloqlarda bu holat 3–4 oylik davrida yuz berishi mumkin.

Har bir bolaning oʻsishi oʻziga xos. Agar toʻlaqonli ovqatlanish va parvarish uchun qulay muhit bilan taʼminlansa, bola odatda hayotning birinchi oylarida belgilangan oʻsish tartibiga amal qiladi, shu bilan birga muntazam oʻlchovlar oʻtkazish va oʻsish jadvallarini belgilab borish bizga uni toʻgʻri nazorat qilishga yordam beradi.

Ilova: *

Dastlabki oʻlchash – tugʻilganda.

Ikkinchi oʻlchash – 15 kunlikda.

Uchinchi oʻlchash – 30 kunlikda.

Har oyda – 1 yoshgacha.

Har 3 oyda – 3 yoshgacha.

Har 6 oyda – 5 yoshgacha.

Har yili – keyingi yillarda.