Bolalarning tirnoqlarini olish
Fazandingizning tirnoqlari haqida
Bolaning tirnoqlarini tez-tez olib turish shart emas.
Yangi tugʻilgan chaqaloqlarning tirnoqlari yumshoq boʻlib, kiyimlariga tegib oʻz-oʻzidan yeyilib ketadi. Yoshi kattaroq bolalarning tirnoqlari oʻyin vaqtida va ularni oʻrab turgan atrof-muhit bilan oʻzaro munosabat vaqtida yeyiladi.
Juda uzun va oʻtkir tirnoqlar terining tirnalishiga sabab boʻladi, baʼzi holatlarda kichkintoylar koʻzlarini tirnab olishi ham mumkin. Bolaning tirnoqlari juda tez oʻsadi, shuning uchun zarurat boʻlganda qoʻl va oyoq tirnoqlarini olib turishingiz kerak. Bolalar uchun maxsus tirnoq olish moslamasidan (kusachka) yoki bolalar qaychisidan foydalaning. Tirnoq silliq boʻlishi uchun uning burchaklarini aylanasimon qilib olish yetarli.
Bolaning tirnoqlarini qanday olish kerak?
Yangi tugʻilgan chaqalogʻingizning tirnoqlarini uxlayotganda, juda xotirjam boʻlganda yoki uyqusirab turganda olishga harakat qiling.
Bizning tavsiyalarimiz ishni osonlashtirishi mumkin:
- hamma narsa yaxshi koʻrinishi uchun yorugʻlik yetarli boʻlishini taʼminlang, lekin bolaning koʻzi qamashmasin;
- yordam soʻrashga uyalmang, kimdir kichkintoyni ushlab tursin, yana birortasi tirnoq olsin;
- teri kesilmasligi uchun barmoqning boʻrtib chiqqan qismini ehtiyotkorlik bilan tirnoqdan uzoqroqqa tortib turing;
- oyoq tirnoqlari teriga qarab oʻsib ketmasligi uchun burchaklarini dumaloq qilmasdan tekis oling.
Kichkintoyingiz tirnoqlarini olishda injiqlik qilganda yordam beradigan tavsiyalar:
- kichkintoyga past ovoz bilan nima qilayotganingiz haqida gapiring yoki ashula aytib bering;
- kichkintoyni oʻyinchoq yoki biror faoliyat bilan chalgʻitishga harakat qiling. Bu koʻpincha kattaroq bolalarda samara beradi;
- kichkintoyni ishni tugatishga yordam bergani uchun maqtang. Bu ikkalangizga ham bajarilgan ishdan quvonch va qoniqish hissini tuyishga yordam beradi.
Agar tasodifan kichkintoyingizning terisini kesib yuborsangiz va qon ketayotgan boʻlsa, kesilgan joyga yumshoq mato, paxta yoki bintni qon ketishi toʻxtaguncha bosib turing. Jarohatni bogʻlamang, chunki bola bogʻlamni ogʻziga solishi mumkin.
Agar jarohatdan xavotirda boʻlsangiz, farzandingizni shifokor koʻrigiga olib boring.
Kichkintoylar qoʻllari va oyoqlarining harakatini nazorat qila olmasligi sababli tasodifan tez-tez oʻzlarini tirnab oladi. Shuningdek, ular qoʻllari bilan yuzlarini ushlab oʻrganishni yaxshi koʻradi, shu bois koʻzlarini tirnab olishi mumkin.
Farzandingiz sizning kuzatuvingiz ostida boʻlmagan vaqtda uning qoʻllariga paxta ipdan tayyorlangan yumshoq qoʻlqop yoki paypoq kiygizib qoʻysangiz, kichkintoyingizni oʻzini oʻzi tirnab olishdan himoya qilgan boʻlasiz. Agar farzandingiz oʻynayotgan boʻlsa, qoʻllari bilan narsalarni ushlashi va oʻrganishi uchun qoʻlqoplarni yechib qoʻying.
Bola koʻzini tirnaganini koʻrsatadigan belgilar:
- koʻz qizarishi – koʻzning “oqi” juda qizargan va zoʻriqqandek koʻrinadi;
- koʻz yoshlarining haddan tashqari koʻp oqishi;
- bolaning bexosdan bezovta boʻlib qolishi;
- koʻz atrofidagi tirnalish izlari;
- belgilarning faqat bitta koʻzda boʻlishi.
Agar farzandingiz koʻzini tirnab olgan deb oʻylasangiz, pediatrga murojaat qiling, u koʻzga malham surtish yoki surtmaslik toʻgʻrisida maslahat beradi. Lekin tashvishlanmang! Koʻzdagi tirnalishlarning aksariyati unchalik jiddiy emas va parvarish toʻgʻri boʻlganda tezda bitib ketadi.
Kichkintoy tirnoqlaridagi muammolar
Koʻp hollarda bolalarning qoʻl yoki oyoq tirnoqlari atrofida jiddiy boʻlmagan yalligʻlanish (paronixiya) uchraydi. Odatda u davolashsiz oʻtib ketadi. Ammo tirnoqqa oz miqdorda antiseptik krem yoki suyuqlik surtishingiz kerak boʻlishi mumkin.
Baʼzida bunday yalligʻlanish qoʻl yoki oyoq barmoqlarining terisiga tarqalib, bu joy shishib, qizarishi mumkin.
Agar bunday belgilarni koʻrsangiz, shifokoringizga murojaat qiling, u kichkintoyingizga infeksiyani bartaraf etadigan antibiotik yozib beradi. Agar infeksiyani davolash maqsadida krem surtsangiz, bola qoʻli yoki oyogʻini ogʻziga solib, kremni yeb qoʻymasligi uchun unga qoʻlqop yoki paypoq kiygizish esingizdan chiqmasin.