Bolalikdagi jinsiy xulq-atvor: kichik yoshdagi bolalar
Kichik yoshdagi bolaning jinsiy xulq-atvori: bu yoshga nima xos?
Kichkintoyingizning jinsiy xulq-atvori sizni biroz esankiratib qoʻyishi mumkin, ayniqsa, uni birinchi marta koʻrsangiz. Shuni tushunish kerakki, bola oʻz tanasiga teginishi, unga qarashi va u haqda gapirishi shu yoshdagi bolaning meʼyoriy rivojlanishining bir qismi boʻlgan odatiy holatdir. Jinsiy farqlar, tana tuzilishi va insonlar orasidagi munosabatlar haqida ochiq va toʻgʻri gapirish farzandingizning shu davrdagi xulqini boshqarishga yordam beradi. Shuningdek, u jinsiy rivojlanish, hurmatga asoslangan munosabatlar va jinsiy aloqa haqida kelajakda gapirish uchun zamin yaratadi. Bu haqida gapirishni boshlash hech qachon erta emas.
Kichik yoshdagi bolaning odatiy jinsiy xulq-atvori: qanday koʻrinishga ega?
Kichik yoshdagi farzandingiz:
- oʻzining jinsiy aʼzosiga tegishi yoki silashi;
- jinsiy aʼzolarini boshqa birovga koʻrsatishi;
- oʻyin paytida, choʻmilishda yoki hojatxonada tanish bolalarning jinsiy aʼzolariga qarashi yoki tegishi;
- jinsiy aʼzolar, tana yoki tana qismlari vazifalari bilan bogʻliq soʻzlar, iboralarni takrorlashi;
- yalangʻoch boʻlishdan zavqlanishi;
- tana qismlariga va ular qanday ishlashiga qiziqish bildirishi mumkin.
Kichik yoshdagi bolaning jinsiy xulq-atvori nimani anglatadi?
Yuqorida tavsiflangan xatti-harakatlar kichik yoshdagi bolalarga xosdir. Farzandingiz oʻzini shunday tutishi mumkin, chunki:
- bu unga yoqadi;
- u teginish haqida va qabul qilingan ijtimoiy qoidalarni oʻrganadi;
- uni oʻgʻil va qiz bolaning tanalari oʻrtasidagi farqlar qiziqtiradi;
- u tananing qanday ishlashini tushunishga harakat qiladi;
- uning soʻz boyligi va nutq haqidagi tushunchasi rivojlanadi;
- u oila va munosabatlarni tushunishga harakat qiladi.
Baʼzi jinsiy xulq-atvorlar va oʻyinlar odatiy boʻlmaydi va hatto jiddiy muammoning alomati boʻlishi mumkin. Muammoli jinsiy xulq-atvorlar haqida koʻproq oʻqing.
Kichik yoshdagi bolaning odatiy jinsiy xulq-atvoriga qanday munosabatda boʻlish kerak?
Qanday munosabatda boʻlishingiz muhim, ammo bu sizning tanlovingizga bogʻliq. Baʼzi ota-onalar bunday xulq-atvorlarda xavf koʻrmaydilar, boshqalari uchun bu muammo boʻladi.
Eng muhimi, qanday munosabatda boʻlishingizdan qatʼi nazar, xotirjamlikni saqlashdir.
Kichik yoshdagi bolaning oʻrganishiga yordam berish uchun siz jinsiy xulq-atvordan foydalanishingiz mumkin. Kichkintoyingiz bilan gaplashing va uning savollariga ochiq hamda toʻgʻri, lekin u tushunadigan darajada javob bering. Tananing qismlari, jinsiy aʼzolar qizlar va oʻgʻil bolalarda qanday farq qilishi yoki tana tuzilishi haqida qanday gapirish kerakligi haqida suhbatlashing. Farzandingiz bilan gaplashayotganda tana aʼzolari – qin, vulva, koʻkrak, jinsiy olatni, moyak va boshqalar uchun toʻgʻri soʻzlardan foydalaning. Bu farzandingiz oʻz tanasini bilishiga yordam beradi va har qanday savolini osongina bera oladi. Baʼzida siz farzandingizning jinsiy xulq-atvorlarini toʻxtatishini xohlashingiz mumkin, masalan, agar u baland ovozda jamoat joyida shu boʻyicha savollar bersa. Bolaning diqqatini chalgʻitish bilan yoki qisqa vaqt ichida boshqa mashgʻulot topish bilan uning eʼtiborini boshqa narsaga qaratish mumkin.
Farzandingizga bu haqda keyinroq vaqtingiz boʻlganda va yolgʻiz qolganingizda gaplashishingiz mumkinligini xotirjamlik bilan tushuntiring.
Farzandingizning qiziquvchanligi me’yor ekanini va bu mavzular haqida birgalikda gaplashish yaxshi ekanini bilish muhim.