Bolani parvarish qilishni boshlanish: hissiyotlar

Koʻpgina bolalar maktabgacha taʼlim tashkilotiga bora boshlaganlarida, ularda ajralish xavotiri va begona odamlardan qoʻrqish hissi boʻladi. Bu – bolaning rivojlanishidagi normal davr. Siz MTTga tashrif buyurganingizda hayajon yoki xavotir kabi kuchli his-tuygʻularni boshdan kechirishingiz mumkin. Farzandingizga ijobiy, yaxshi kayfiyatli munosabatda boʻling va kerak boʻlganda tashvishlaringizni doʻstlaringiz va oilangiz bilan baham koʻring.
Body

Farzandingizning MTTga munosabati: ajralish xavotiri va notanish odamlardan qoʻrqish

Koʻpgina kichkintoylar va bolalar oʻzlarini MTTda baxtiyor va qulay his qilishadi.

Shunga qaramasdan, bu boradagi taassurotlari ijobiy boʻlmagan bolalar ham talaygina:

  • Ajralish xavotiri – bu siz bolangizni MTTda qoldirib ketganingizda ularning xafa boʻlishlari. Ajralish xavotiri bolaning 14–18 oylik davrida juda yuqori boʻladi, ammo kattaroq yoshdagi bolalarda ham bunday holatlar kuzatilishi mumkin.
  • Notanish odamlardan qoʻrqish – bolalarning begona odamlardan hayiqadigan davrlari. Bu odatda bolalarning 7–10 oyligida oʻz choʻqqisiga chiqadi.

Ajralish xavotiri va begona odamlardan qoʻrqish bolaning rivojlanishidagi normal bosqichlar boʻlib, koʻplab kichkintoylar va bolalar maʼlum darajada bu his-tuygʻularni boshdan kechirishadi. Bolalar maktabgacha taʼlim tashkilotiga borish-bormasligidan qatʼi nazar, bu holatga duch keladi.

Qiyin tomoni shundaki, bola rivojlanishining bu davrida, yaʼni ajralish xavotiri va begona odamlardan qoʻrqish hislari paydo boʻlgan paytda ota-onalar koʻpincha ishga qaytish va bolani maktabgacha taʼlim tashkilotiga yuborish haqida oʻylashadi.

Unutmang, kichkintoyingiz yoki kattaroq bolangiz ajralishdan xavotirlanayotgan va begona odamlardan qoʻrqayotgan boʻlsa, bu sizning aybingiz emas – bu uning rivojlanishidagi maʼlum bir bosqichdir.

Maktabgacha taʼlim tashkilotida ajralish xavotiri va begona odamlardan qoʻrqish: nima qilish mumkin

Xavotir olmaslikka harakat qiling. Bolalar odatda atrofdagi yangi odamlar tanish boʻla boshlaganlarida moslashadi. Baʼzi bolalar boshqalarga qaraganda biroz koʻproq vaqt talab qilishi mumkin.

Siz maktabgacha taʼlim tashkilotida birga vaqt oʻtkazish orqali bolangizga xavotirlarini yengishda yordam berishingiz mumkin.

Shu bilan birga, farzandingizni yolgʻiz qoldirishdan oldin u bilan biroz vaqt oʻtkazishingiz ham yashi natija beradi. Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishning birinchi haftalarida bolangizni iloji boricha qisqa vaqtga qoldiring, keyinchalik asta-sekin bu vaqtni uzaytiring.

Bolalarning maktabgacha taʼlim tashkilotiga munosabati: boshqa omillar

Farzandingizning maktabgacha taʼlim tashkilotiga qanday munosabatda boʻlishi va uni qanday qabul qilishiga taʼsir koʻrsatuvchi yana bir qancha omillar mavjud:

  • pedagog va tarbiyachilar bilan ishonchli, gʻamxoʻr munosabatlar: bu munosabatlar bolangizga maktabgacha taʼlim tashkilotiga yaxshi munosabatda boʻlishga yordam beradi.
  • bolalarga gʻamxoʻrlik: atrofdagi muhit farzandingizga tanish boʻlgan boshqa joylarga oʻxshasa, bolangiz oʻzini qulayroq his qilishi mumkin.
  • farzandingizga oiladan tashqarida boʻlgan gʻamxoʻrlik tajribasi: bu tajriba bolangizga munosabatlarni oʻrnatish amaliyotini beradi va unga siz doimo qaytib kelishingizni tushunishga yordam beradi.
  • farzandingizning temperamenti: uning oʻzgarishlarga, jumladan, maktabgacha taʼlim tashkilotidagi yangi sharoitlarga munosabati.
  • farzandingizning shaxsiy xohish-istaklari: bolani ovqatlantirish va uxlatishdagi kunlik tartib u odatlanganiga mos kelsa, oʻzini qulayroq his qilishi mumkin.
  • farzandingizning yoshi va rivojlanish bosqichi: masalan, olti oygacha boʻlgan bolalar koʻpincha ularni tarbiyachilar bilan qoldirishganlaridan xursand boʻlishadi, chunki ularda hali ajralish xavotiri yoki begona odamlardan qoʻrqish hissi shakllanmagan boʻladi.
  • farzandingiz nazoratda boʻladigan kunlar soni: MTTga haftasiga kamroq keladigan bolalar yangi muhitga koʻnikishlari va oʻzlarini qulay his qilishlari uchun uzoqroq vaqt kerak boʻladi.

Bolajoningiz MTTda haqiqatan ham oʻzini noqulay sezadi deb hisoblasangiz, fikr va takliflaringizni tarbiyachilar bilan boʻlishing.

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishni boshlash haqida qanday fikrdasiz?

Maktabgacha taʼlim tashkilotiga borishni boshlash – bu katta oʻzgarish. Bu butun oila – bolalar va ota-onalar uchun hayajonli va hissiyotlarga boy vaqt boʻlishi mumkin.

Oilaviy hayotingizdagi oʻzgarishlar haqida his-tuygʻularingiz turlicha boʻlsa ham, farzandingiz bilan MTT haqidagi fikringiz ijobiy boʻlishi muhimdir. Bolalar oʻz ota-onalarining xavotirlanayotganini ilgʻab oladigan ajoyib qobiliyatga ega, shuning uchun uning oldida oʻz xavotirlaringiz yoki tashvishli his-tuygʻularingizni koʻrsatmaslikka harakat qiling. Farzandingiz sizga tashkilot yoqayotgani va tarbiyachilarga ishonayotganingizni sezsa, bu tuygʻularni u ham his qiladi.

Biroq bu siz oʻz his-tuygʻularingizni namoyon qila olmaysiz degani emas. Siz ularni turmush oʻrtogʻingiz, doʻstingiz yoki oila aʼzolaringiz bilan baham koʻrishingiz va ulardan bunday hayajonli vaqtda yordam olishingiz mumkin.