Bolani sovuq urganida nima qilish kerak?

Sovuq urgan teri dastlab yaltiroq va pushti rangda boʻladi, keyin oqish yoki yorugʻda mumsimon rangda, tekkanda qattiq boʻladi. Sovuq haroratda teri pufakchalar bilan qoplanadi yoki keyingi bir necha kun davomida koʻchib tushishi mumkin.
Body

Sovuq urganida nima qilish kerak?

  • Bolaning hoʻl kiyimlarini yeching. Asta-sekin tananing sovuq tekkan qismlarini iliq suv (lekin issiq emas) yoki tana harorati bilan (masalan, bolaning qoʻlini qoʻltiq ostiga yoki qorniga qoʻyib) isiting. Bolani isitayotganda, sovib qolmasligi uchun, suvning haroratini doimo tekshirib turing. Issiqlik teng ravishda tarqalishi uchun, tananing shikastlangan qismining atrofidagi suvni doimo aralashtirib turing.
  • Quruq issiqlik manbalarini (masalan, isitilgan buyumlarni) ishlatmang, chunki ularni nazorat qilish juda qiyin va ular bolani kuydirishi mumkin.
  • Sovuq urgan sohani isitayotganda, bola kuchli ogʻriqni his qilishi va bundan shikoyat qilishi mumkin. Tananing sovuq urgan qismi bilan oʻta ehtiyotkor bo‘lib shugʻullanish kerak.
  • Tananing sovuq urgan qismining rangi va sezgirligi qaytgunicha isitishni davom ettiring. Issiq hammomdagi muolajadan soʻng, sovuq urgan tana qismini sochiq bilan asta-sekin artib quriting, terini ishqalamang.
  • Sovuq urgan joyni quruq steril bogʻlam bilan oʻrab qoʻying.
  • Agar qoʻl yoki oyoqni sovuq urgan boʻlsa, steril bogʻlamni barmoqlar orasidan oʻtkazib bogʻlang, shishni kamaytirish va isitilgan tana aʼzosi takroran sovishining oldini olish uchun oyoq va qoʻllarni biroz yuqoriga koʻtaring.
  • Siz bolaning yoshiga qarab, ishlab chiqaruvchining koʻrsatmalariga rioya qilgan holda, unga ogʻriq qoldiruvchi dori-darmonlar (paratsetamol yoki ibuprofen, yoshiga mos dozada) berishingiz mumkin. Agar bola oldin bu dori-darmonlarni qabul qilmagan boʻlsa, albatta, allergik reaksiya boʻlishi mumkinligi haqida shifokor bilan maslahatlashing.
  • Bolada suvsizlanish boʻlmasligi uchun koʻproq suyuqlik bering.
  • Farzandingizda bir vaqtning oʻzida sovuq qotish va sovuq olish belgilari boʻlsa, sizning birinchi navbatdagi harakatlaringiz sovuq qotishdagidek boʻlishi kerak!

Nima qilmaslik kerak?

  • Hech qachon sovuq urgan joyni ishqalamang va u joyga qor qoʻymang, chunki bu yanada koʻproq zarar yetkazadi.
  • Sovuq urgan joydagi pufakchalarni teshmang. Infeksiyaning oldini olish uchun ularni steril doka yoki toza quruq mato bilan yengilgina yopib qoʻying.
  • Sovuq urgan tana aʼzolarini issiq radiatorga qoʻymang, ularni issiq kompresslar yoki issiq suvli shisha (grelka) bilan isitmang, olov kabi issiqlik manbalariga yaqinlashtirmang.

Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar siz sovuq urgan joyga iliq suv qoʻyganingizdan keyin, 20 daqiqa ichida sezgirlik va terining meʼyordagi rangi tiklanmasa yoki pufakchalar paydo boʻlsa, teri koʻkarsa va shishsa, shifokorga murojaat qilish kerak.

Tana qismlari sovuq yuzalarga yopishib qolsa

Oʻynayotganda, bola tili yoki lablari bilan sovuq buyumga tegishi mumkin va keyin uni ajrata olmaydi, chunki muzdek sirtga tekkan tana qismi muzlab yopishib qoladi. Bu holatda nima qilish kerak:

  • Bolani tinchlantiring, u keyingi jarohatlarning oldini olish uchun harakat qilmasligi kerak.
  • Tananing muzlagan qismini kuch bilan tortib olishga yoki uni sirtdan majburan ajratishga harakat qilmang.
  • Terining yopishgan qismiga yoki buyumning yuzasiga iliq (issiq emas) suv quying.
  • Teri buyumdan ajralishni boshlaganida, bolaga sekin-asta metall yuzadan ajratib olishga yordam bering.
  • Bunday jarohatni ochiq yara kabi davolash kerak.