Bolaning najasi va siydigi

Asosiy maʼlumotlar: yetarli miqdordagi tiniq, rangsiz siydik bolaning sogʻlom ekanini va yetarli miqdorda suyuqlik ichayotganini koʻrsatadi; bolalarda ichkelish soni, axlat rangi, quyuq-suyuqligi va hidi turlicha boʻladi; bolaning ovqatlanish ratsioni uning najasiga taʼsir qiladi; najas muammolari ichqotish va diareyani oʻz ichiga oladi. Najas bilan bogʻliq muammolar boʻlsa, pediatrga murojaat qiling.
Body

Bola siydigi: nimalarni bilish kerak?

Kichkintoylar bir kunda koʻp marta siyishi mumkin.

Tagliklar yetarli miqdorda hoʻl boʻlishi yaxshi belgi: bu kichkintoyingiz yetarli miqdorda sut va suyuqlik ichayotganini koʻrsatadi. Bolaning yoshi katta boʻlgan sayin u kam siyadi, ammo kuniga kamida 6–8 marta boʻlishi mumkin.

Har safar kichkintoyingiz siyayotganda, siydik oqimiga yoki taglikdagi siydik dogʻining rangiga qarang. Bu sizga bolaning sogʻligʻi haqida koʻp maʼlumot beradi.

Yetarli miqdordagi tiniq, rangsiz siydik normal holat hisoblanadi. Taglikning ogʻirligi kichkintoy yetarli miqdorda siyayotganini bildiradi. Agar bola kam siysa yoki siydik rangi toʻq boʻlsa, bu bola yetarli miqdorda sut / suyuqlik ichmayotgani va unda suvsizlanish boʻlishi mumkinligidan darak beradi.

Agar och pushti yoki sap-sariq dogʻlarni koʻrsangiz, xavotirlanmang. Ular taglikdagi siydikning kimyoviy moddalar bilan aralashuvidan kelib chiqadi va juda keng tarqalgan holat. Shuningdek, baʼzida bir marta ishlatiladigan taglikning ichki yuzasida mayda “tuzchalar” boʻlishi mumkin. Ular kichkintoyniki emas, balki taglikning ichki qismida paydo boʻlgan tuzlardir.

Agar dogʻlar qizil yoki jigarrang boʻlsa va siz siydikda qon boʻlishi mumkin deb oʻylasangiz yoki bolaning ahvoli yomonligini sezsangiz, darhol shifokorga murojaat qiling.

Bolaning najasi: nimalarni bilish kerak?

Yangi tugʻilgan chaqalogʻingizning birinchi najasi toʻq yashil boʻlib, “mekoniy” deb ataladi. Bu 9 oylik ona qornidagi davrdan keyin chaqaloqning oshqozon va ichaklari boʻshashi natijasidir, bu normal holat. Toʻq yashil najas bir necha kun davomida kuzatilishi mumkin.

Shundan soʻng chaqaloqning doimiy najasi shakllana boshlaydi. Najasning koʻrinishi, hidi, necha marta kelishi hamma bolada turlicha boʻladi. Har bir bolada “meʼyor” har xil boʻlishi mumkin.

Najasning ajralishi baʼzi bolalarda kuniga bir necha marta, baʼzilarida esa haftasiga bir necha marta sodir boʻladi. Bu normal holat.

Odatda najas ovqatlanish paytida yoki undan keyin koʻp vaqt oʻtmay keladi. Bu “gastrokolik refleks” deb ataladi.

Vaqt oʻtgan sari, haftalar va hatto oylar oʻtishi bilan najasda quyidagi oʻzgarishlarni kuzatishingiz mumkin:

  • najas ajralishi soni;
  • rangi;
  • suyuq yoki quyuqligi – najas quyuqdan suyuq holatgacha boʻlishi mumkin;
  • hidi – odatda bola quyuq ovqat yeyishni boshlaganda u yanada oʻtkir boʻladi.

Ovqatlanish ratsioni bolaning najasiga qanday taʼsir koʻrsatadi?

Kichkintoy najasining tashqi koʻrinishi uning ovqatlanish ratsioniga bogʻliq boʻlishi mumkin.

Koʻkrak suti

Najas:

  • juda yumshoq va hatto suyuqroq boʻladi, xantalga oʻxshaydi, koʻpincha toʻq sariq, lekin baʼzida yashil rangda boʻladi;
  • tez-tez kelmasligi mumkin, lekin bola quyuq ovqat yeyishni boshlamaguncha yumshoq boʻlib qoladi;
  • najas hidining qanday boʻlishi ona nima yeyishiga bogʻliq boʻlishi mumkin.

Sunʼiy sutli qorishmalar

Najas:

  • odatda quyuq, lekin rangi va quyuq-suyuqligi jihatidan turli-tuman boʻlishi mumkin;
  • kulrang-sariq (yoki hatto kulrang-koʻk) yoki jigarrangsimon boʻlishi mumkin.

Bir sunʼiy sutli qorishmadan boshqasiga oʻtish

Bu najasning tashqi koʻrinishi va quyuq-suyuqligi oʻzgarishiga olib kelishi mumkin.

Quyuq ovqat

Najas:

  • bolaning ratsioniga quyuq ovqat qoʻshishingiz bilan najas quyuq va oʻtkir hidli boʻlib qoladi;
  • ovqatning baʼzi qattiq moddalari hazm boʻlmagandek koʻrinishi mumkin. Bu bolaning ovqat hazm qilish tizimi hali ham rivojlanayotganini bildiradi. Odatda bu meʼyoriy holat.

Najas chiqarishdagi muammolar

Ichqotish / qabziyat

Najas qattiq va quruq boʻlib, shuningdek, kichik qumaloqlarga yoki toshlarga oʻxshab qolganda qabziyat paydo boʻladi. Bolalar bunday najasni chiqarishi qiyin kechadi, bu esa ularning injiqlik qilishiga sabab boʻladi.

Qabziyat sunʼiy sut aralashmasi bilan boqiladigan bolalarda uchrashi ehtimoli koʻproq. Odatda bu sunʼiy sut aralashmasini juda oz miqdordagi suv bilan tayyorlaganda yuz beradi.

Kichkintoylar quyuq ovqatlar yeyishni boshlaganda ham ich qotishi mumkin. Odatda bu bir necha hafta ichida oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi.

Agar farzandingiz kuchansa va uning najasi qattiq, quruq toshchalarga oʻxshab qolsa yoki najasda qon borligini sezsangiz, pediatrga murojaat qiling.

Diareya

Diareya bu – bir sutkada 3 va undan koʻp marta axlatning suvsimon boʻlib odatdagidan koʻra tez-tez kelishi. Bolada qayt qilish ham kuzatilsa, bu ichak infeksiyasi boʻlishi mumkin. Bunday holatda bolada suvsizlanish yoʻqligiga ishonch hosil qilish uchun darhol shifokor qabuliga borish kerak.

Oqish najas

Agar sariqlik bilan ogʻrigan bolada najas och sariq, oq yoki kulrang boʻlsa, darhol shifokoringizga murojaat qiling, bu kamdan-kam uchraydigan jigar kasalligining alomati boʻlishi mumkin. Tekshirish uchun boladan qon tahlili olish kerak boʻladi. Shifokor tekshirishi uchun bolaning najasidan namuna olib boring yoki suratga tushirib oling.