Bolaning tanasi bilan o‘ynash

Kerak boʻladigan materiallar: ogʻzingiz; yumshoq adyol; yumshoq yuza.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: chaqaloqlarning til va nutq qobiliyati ular birinchi soʻzlarini aytishidan ancha oldin rivojlana boshlaydi. Ushbu oʻyin orqali kichkintoyingizga bu jarayonni oson va qiziqarli tarzda amalga oshirishga yordam berasiz.

Oʻyinni boshlashdan oldin chaqalogʻingiz sovqotmaydigan yopiq joy topishingiz kerak. Mashgʻulotni yumshoq yuzada, masalan, adyolda oʻtkazishingizga ishonch hosil qiling va hududning xavfsizligini tekshiring.

Chaqalogʻingizning kiyimlarini yechib oling va yumshoq adyolga orqasi bilan yotqizing. Uning yoniga tizzalab oʻtiring va eʼtiborini torting. Buning uchun siz u bilan gaplashishingiz, qoʻshiq aytishingiz, ovoz chiqarishingiz va qornini silashingiz mumkin.

Endi chaqaloqning qorniga lablaringizni tekkizib, gapirishni, qoʻshiq aytishni, sheʼr yoki ijobiy xabarni aytishni boshlashingiz kerak. Gapirayotganda ovozingizning ohangini va balandligini oʻzgartiring. Har safar biror narsani aytib tugatganingizda, bolani oʻpishingiz va qornini silashingiz mumkin.

Ushbu mashqni bajarayotganda tabassum qilishni va xotirjam boʻlishni unutmang. Ogʻzingiz bilan turli xil tovushlarni chiqarish (til bilan chiqillash, shivirlash, gʻuvillash) orqali mashgʻulotni oʻzgartirishingiz mumkin, puflash yoki qitiqlash ham yaxshi fikr. Farzandingizni qoʻrqitib yubormaslik uchun juda baland ovozda gapirmang.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot bilan chaqalogʻingiz oʻz tanasi haqidagi bilimlarini oshiradi, nutqini rivojlantiradi, ijtimoiy munosabat va sensorimotorikasini  yaxshilaydi.