Bolaning vazni ortmayapti: 6 oylikdan 24 oylikkacha
Bir ikki oy davomida vazni ortmagan bola har ovqatlanishda koʻproq ovqat, yanada toʻyimli taomlar yeyishi yoki tez-tez ovqatlanishi zarur boʻlishi mumkin. Bola kasal boʻlganda unga koʻproq eʼtibor va gʻamxoʻrlik yoki sabr bilan ovqatlantirish kerak boʻladi.
Oʻsish va rivojlanish muammolarining sabablarini aniqlashga yordam beradigan baʼzi muhim savollar:
Bola yetarlicha ovqatlanadimi? Emizishdan tashqari, 6–8 oylik bolaga 2–3 mahal, 9 oylikdan boshlab esa 3–4 mahal meva boʻlaklari yoki buterbrod (sariyogʻ yoki pishloqli non) singari qoʻshimcha ovqatlarni berish kerak. Rivojlanishi kechikkan yoki buzilgan chaqaloqlarga baʼzida qoʻshimcha yordam va ovqatlanish uchun koʻproq vaqt talab qilinadi.
Bolaga yetarli ovqat berildimi? 6–8 oylik bolaga dastlab 2–3 oshqoshiq ovqat beriladi va bu miqdor 9–12 oylikkacha asta-sekin har ovqat mahali uchun 125 ml gacha oshiriladi.
Bolaning ovqatida yetarlicha energiya va ozuqa moddalari bormi? Bolaning oʻsishiga yordam beradigan mahsulotlar – loviya, yongʻoq, goʻsht, baliq, tuxum, sut mahsulotlari va yormalardir. Ayniqsa, hayvonlar mahsulotlarini har kunlik taomnomaga kiritish muhim. Ozgina miqdordagi oʻsimlik yogʻi qoʻshimcha energiya berishi mumkin. Vazn ortishi va boʻy oʻsishi uchun sifatli “boʻy oʻstiradigan oziq-ovqat” alohida ahamiyatga ega. Yogʻi koʻp yarim tayyor ovqatlar yoki shirinliklarda yetarlicha vitaminlar, minerallar yoki boshqa zarur oziq moddalar boʻlmaydi va boʻyga mos kelmaydigan tarzda vazn ortishiga olib kelishi mumkin.
Farzandingiz ovqatlanish yoki tamaddi uchun juda koʻp shirinliklar (pirojniy, pechenye), shakarli ichimliklar (sharbatlar, yaxna choylar) yoki boshqa nosogʻlom taomlarni isteʼmol qiladimi? Parhez qilish boʻyicha tavsiyalarga mos ravishda ularni kamaytiring yoki mevalar, sabzavotlar, dukkakli donlar, goʻsht kabi ozuqa moddalariga boy mahsulotlar bilan almashtiring.
Bolaga sut aralashmasi yoki boshqa suyuqliklar (sharbatlar, choylar) juda koʻp, quyuq ovqat esa kam beriladimi? Suyuqlik oshqozonni toʻldiradi va bolaning ovqatga boʻlgan ehtiyojini kamaytiradi.
Bola ovqatdan bosh tortadimi? Agar bolaga maʼlum bir turdagi taomning taʼmi yoqmasa, unga boshqa yegulik taklif qilish kerak. Yangi ovqatlar asta-sekin kiritilishi kerak.
Bola kasalmi? Kasal bolani kamroq va tez-tez ovqatlantirish, tez-tez emizish kerak. Kasallikdan soʻng, yoʻqotilgan vazn, energiya va ozuqa moddalarining oʻrnini qoplash uchun bola odatdagidan koʻproq ovqatlanishi zarur. Agar bola tez-tez kasal boʻlsa, shifokorga murojaat qiling.
Bola tarkibida A vitamini bor oziq-ovqatlarni yetarlicha isteʼmol qilyaptimi? Ona suti A vitaminiga boy. Jigar, tuxum, sut mahsulotlari, sariq va toʻq sariq rangli meva-sabzavotlar, shuningdek, koʻkatlar tarkibida ham bu vitamin koʻp. Agar sizda bu mahsulotlarni yetarli miqdorda berish imkoniyati boʻlmasa, bola A vitamini (har 6 oyda tabletka yoki sirop) qabul qilishi kerak.
Bola sut aralashmasini shishadan ichadimi? Agar bolaga sut aralashmasi berilsa, soʻrgʻichli shishadan koʻra toza piyola yoki stakandan foydalanish tavsiya etiladi.
Mahsulotlarni tayyorlash va saqlashda tozalik va xavfsizlik boʻyicha barcha talablarga rioya qilasizmi? Aks holda, bola tez-tez kasal boʻla boshlaydi. Xom mahsulotlar yaxshilab yuvilishi va xavfsiz manbadan olingan toza suvda pishirilishi kerak. Pishirilgan ovqatni darhol isteʼmol qilish kerak; qolgan oziq-ovqat alohida toza idishda toʻgʻri saqlanishi va yeyishdan oldin isitilishi kerak.
Bola koʻpincha yolgʻiz qoladimi yoki katta yoshdagi bolalarning nazorati ostida boʻladimi? Kattalar bolaga koʻproq eʼtibor qaratishi zarur, ayniqsa, ovqatlanish paytida.