Bolaning yuragidagi shovqinlar
Bola yuragidagi shovqinlarning yuzaga kelish sabablari
Yurakdan oʻtayotgan qon, odatda, “tuk-tuk” qilib tovush chiqaradi. Yurak shovqini bu – yurakdagi begona tovush, hushtak. Bu shovqin qon yurak orqali bir maromda oʻtmagani tufayli sodir boʻladi.
Yurakdagi shovqinlarning aksariyati oddiy fiziologik “beziyon” shovqinlardir. Bu bolaning yuragida muammo yoʻqligini va shovqin vaqt oʻtishi bilan yoʻqolishini anglatadi. Farzandingizning isitmasi koʻtarilganda “beziyon” yurak shovqinlari paydo boʻlishi mumkin.
Kamida ellik foiz bolalarning yuragida “beziyon” shovqinlar mavjud. Bu yurak shovqinlarining bolalar va oʻspirinlarda eng koʻp tarqalgan turi hisoblanadi.
Yurakning gʻayritabiiy shovqinlari yurak kasalliklarida, masalan, yurak klapanlari nuqsonida yoki yurak boʻlmachalari orasidagi devorda teshikcha boʻlganda uchraydi. Bu muammolar tugʻma yoki keyinchalik orttirilgan boʻlishi mumkin.
Bolalardagi yurak shovqinining belgilari
Agar farzandingizning yuragida “beziyon” shovqin boʻlsa, unda yurak xastaligining alomatlari boʻlmaydi.
Agar unda gʻayritabiiy yurak shovqini boʻlsa, odatda yurak kasalliklari bilan bogʻliq belgilar kuzatiladi. Bularga charchoq, nafas qisilishi va / yoki lablarning, qoʻl va oyoq barmoqlarining koʻkarishi kiradi. Agar shovqin tugʻma boʻlsa, bu belgilar tugʻuruqdan keyinoq yoki koʻp oʻtmay paydo boʻlishi mumkin.
Yurak shovqinini stetoskopsiz eshitishning iloji yoʻq.
Qachon shifokorga murojaat qilish kerak?
Bolaning yuragi bilan bogʻliq muammolarning aksariyati (lekin hammasi emas) tugʻilish vaqtida yoki chaqaloq hayotining dastlabki bir necha haftalarida, shifokor yangi tugʻilgan chaqaloqni tekshirganda aniqlanadi.
Agar farzandingizning nafas olishi yoki terisining rangi sizni xavotirga solsa, pediatrga murojaat qiling.
Yurak shovqinlarini tekshirish
Agar pediatr farzandingizdagi yurak shovqinidan xavfsirasa, EKG va koʻkrak qafasi rentgenografiyasi oʻtkazishni tayinlashi mumkin.
Pediatr, shuningdek, farzandingizni qoʻshimcha maslahat olish va tekshiruv uchun bolalar kardiologiga yuborishi mumkin.
Yurak shovqinini davolash
Yurakning “beziyon” shovqini hech qanday muolajani talab qilmaydi, chunki farzandingizning yuragida hech qanday muammo yoʻq. U vaqt oʻtishi bilan oʻtib ketadi.
Agar shifokor farzandingizda yurak kasalligini aniqlasa, uning shakli va ogʻirlik darajasiga qarab muolaja tayinlaydi. Ehtimol, bolani shifokor nazoratida qoldirish zarur boʻlar yoki u dorilar ichishi yoki hatto jarrohlik amaliyotini boshdan oʻtkazishiga ham toʻgʻri kelishi mumkin.