Boshqalarga gʻamxoʻrlik qilish

Kerak boʻladigan materiallar: ikkita qoʻgʻirchoq yoki yumshoq oʻyinchoqlar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: mashgʻulotni boshlashdan oldin sizni hech kim chalgʻitmaydigan xona yoki joyni tanlab oling.

Qoʻgʻirchoqni qoʻlingizda koʻtarib yuring, keyin esa uni bolangizga sovgʻa qiling. Kichkintoyga qoʻgʻirchoqni qanday koʻtarib yurish va quchoqlashni koʻrsating. Qoʻgʻirchoqni quchoqlagan holda siz: “Qara, u charchadi” yoki “Men seni yaxshi koʻraman” deyishingiz mumkin. Bolangizga oʻz qoʻgʻirchogʻi bilan ham shunday qilishni ayting.

Shuningdek, qoʻgʻirchoqni maxsus idishdan ovqatlantirsangiz boʻladi. Ovqatlantirib boʻlgach, idishni farzandingizga bering, u ham oʻzining qoʻgʻirchogʻini ovqatlantirsin. Bolaga “U sovqotyapti” deng va qoʻgʻirchoqni kichkina adyolga oʻrang. Bolangizga ham qoʻgʻirchogʻini oʻrash uchun adyol bering, oʻzingizni xuddi qoʻgʻirchoqni uxlatmoqchi boʻlgandek koʻrsating.

Mashgʻulotni turli harakatlar bilan bajarishingiz mumkin, doim kichkintoyingizni sizning harakatlaringizni takrorlashga undang. Asta-sekinlik bilan farzandingiz qoʻgʻirchoqqa gʻamxoʻrlik qilishning boshqa usullarini oʻylab topadi. Qoʻgʻirchoqlar oʻrniga yumshoq oʻyinchoqlardan foydalansangiz, kichkintoyingiz jonivorlar va uy hayvonlariga ham gʻamxoʻrlik qilishni oʻrganadi.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot orqali kichkintoyingiz boshqalarning his-tuygʻulariga javob berish qobiliyatini rivojlantiradi. Shuningdek, ular odamlarga mehribon boʻlishni oʻrganadi va kelajakdagi ijtimoiy munosabatlarga tayyorlanadi.