Bronxiolit
Bronxiolitning sabablari
Bronxiolitga turli xil viruslar sabab boʻlishi mumkin. Bu virus aksirish, yoʻtalish yoki aloqa paytida yuqadi.
Bronxiolit belgilari
Bronxiolit boshlanganda uning belgilari biroz shamollashni eslatadi. Tumov va aksirish, yengil yoʻtal, baʼzida tana haroratining koʻtarilishi kuzatiladi.
Bronxiolitning rivojlanishiga qarab bolangizning nafasi tezlashishi va qiyinlashishi, yoʻtali esa kuchayishi mumkin.
Bolangiz nafas olishga qattiq urinayotganini sezishingiz mumkin – masalan, qovurgʻalari odatdagidan koʻproq, tez-tez harakatlanib, kengayib boradi va burun teshiklari kattalashadi. Nafas chiqarayotganda esa hushtaksimon baland xirillash eshitiladi. Ogʻir holatlarda bolangizning lablari koʻkargandek koʻrinishi ehtimoli bor.
Bolangizni ovqatlantirish qiyinlashishi va u bundan juda asabiylashishi mumkin.
Bronxiolitning juda qiyin davri odatda ikkinchi yoki uchinchi kunlariga toʻgʻri keladi, ammo davomiyligi 10 kungacha choʻziladi. Farzandingizning ahvoli yaxshilanishi bilan xirillash va tez nafas olish susayadi. Yoʻtal uzoqroq davom etishi mumkin.
Bronxiolit koʻpincha goʻdaklarda va erta yoshdagi bolalarda uchraydi.
Bronxiolit astma bilan oʻxshash alomatlarga ega, ammo bu boshqa holat va har xil davolanishni talab qiladi.
Bronxiolit belgilarida shifokorga qachon murojaat qilish kerak?
Agar bolangizda quyidagi belgilar boʻlsa, shifokorga borishingiz kerak:
- juda tez yoki tartibsiz nafas olsa;
- yoʻtal va umumiy oʻzgarishlar kuzatilsa;
- ovqatlanish yoki ichishda qiynalsa, tagliklari odatdagidan kamroq hoʻl boʻlsa;
- yoʻtalayotganida yuzining rangi oʻzgarsa;
- odatdagidan koʻproq charchasa yoki uyquchan boʻlsa.
Agar bolada nafas qisilishi, nafas olishda qiynalish kuzatilsa yoki lablar atrofida koʻkarish paydo boʻlsa, uni darhol kasalxonaga olib boring.
Bronxiolitni davolash
Agar bolangizda bronxiolitning yengil darajasi kuzatilayotgan boʻlsa, uni uyda davolashingiz mumkin:
- Bolangiz koʻkrak suti bilan ovqatlanadigan va olti oylikdan kichik boʻlsa, tez-tez emizing.
- Bolangiz ona suti oʻrnini bosuvchi aralashma bilan ovqatlanadigan va olti oydan kichik boʻlsa, unga odatiy miqdordagi aralashmani taklif qiling. Agar u sogʻlom boʻlmasa, tez-tez va ozroq miqdorda ovqatlantirishga toʻgʻri kelishi mumkin.
- Farzandingiz olti oylikdan katta boʻlsa, emizishni davom ettiring, agar suniy ovqatlantirilsa aralashma bilan boqishda davom eting. Qoshimcha ovqatlantirishni davom ettiring, lekin bolaga yangi taom kiritmang. Shuningdek, siz bolangizga suv taklif qilishingiz mumkin. Agar bolangiz isitmalagan paytida qorni och boʻlmasa, bu meʼyoriy holatdir.
- Bolada yuqori isitma boʻlsa (38,5 ºС va undan yuqori), paratsetamolni shifokor koʻrsatmalariga muvofiq bering.
- Farzandingiz iloji boricha koʻproq dam olayotganiga ishonch hosil qiling.
- Farzandingizni turgan joy tamaki tutunidan xoli boʻlsin. Bundan tashqari, dastlabki bir necha kun davomida boshqa goʻdaklar va bolalar bilan aloqa qilishidan himoyalang, chunki bronxiolit yuqumli.
Bolangiz antibiotiklarga muhtoj emas, chunki bronxiolitga virus sabab boʻladi, antibiotiklar esa viruslardan davolamaydi.
Agar bolangizda bronxiolit kasalligi jiddiyroq kechsa, uni kasalxonaga olib borishga toʻgʻri kelishi mumkin. Bu odatda uning toʻgʻri ovqatlanmasligi, suvsizlanishi yoki kislorodga muhtojligi sababli yuz beradi. Shifokoringiz bola kasalxonaga yotqizilishi kerakmi-yoʻqmi – aytadi.