Bu nima va u qanday nomlanadi?

Sizga kerak boʻladigan materiallar: har xil kitoblar, jurnallar, peshlavhalar, kataloglar, shuningdek, harflari, soʻzlari va boshqa belgilari boʻlgan, gaplashishga va qiziqarli suhbatlar qurishga undaydigan narsalar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: bolangiz bilan juda erta, bir necha oylik boʻlganidan eʼtiboran muloyim ovozda gaplashishni boshlang. U bilan ovqatlantirish paytida, tagliklarini almashtirishda, quchogʻingizga olganda, yoningizda gilamchada yoki aravachada boʻlganida suhbatlashing. Garchi barcha soʻzlarni tushunmasa ham, yangi tugʻilgan chaqaloq ovozingizni taniydi va bu unga yoqadi. Bolangiz ovozingizga munosabat bildirayotganini koʻrsangiz, bunga iliq tabassum bilan javob bering, uni erkalang. U javob qaytarmasa ham, harakatlarni toʻxtatmang! U javob bera boshlaydi.

Bolalar kitoblarini oʻqib bering yoki birinchi kundanoq ertaklar aytib bering. Garchi u voqeani tushunmasa ham, chaqaloq sizning yaqinligingizdan va ovozingizdan zavqlanadi. U siz koʻrsatgan rasmlarga qarashni yoqtiradi. Kichkintoylar uchun yozilgan kitoblarni yoki rangdor jurnallarni oʻqing, rasmda nimalar aks etganini koʻrsating va bu haqda aytib bering. Farzandingiz kitobdagi rasmlarni silab koʻrsin. U koʻrsatadigan hamma narsani oddiy soʻzlar bilan tushuntirib bering.

Kitoblar muhim, ammo farzandingiz bilan har xil mavzularda gaplashish ham bundan kam emas. Ob-havo yaxshi boʻlsa, farzandingiz bilan ochiq havoda sayr qiling. Bu hatto uyingizga yaqin joy boʻlishi ham mumkin. Unga koʻrgan narsalaringiz haqida aytib bering.

Agar kitoblaringiz boʻlmasa, tana aʼzolari, har kuni foydalaniladigan narsalar va bola biladigan odamlar haqida gaplashishingiz mumkin. Shunday qilib, u hamma narsaning nomi borligini tushunadi va asta-sekin bu nomlarni oʻrganishni boshlaydi. Har kuni qiladigan ishlaringiz haqida ham aytib bering. Narsalarni nomlash paytida obyektni yoki nima qilayotganingizni koʻrsating. “Oyisi farzandi uchun sharbat tayyorlaydi”. “Bu – sharbat”, deb sharbatni koʻrsatasiz. “Oyisi bolaning tagligini almashtiradi”. “Bu – yoʻrgak”, yoʻrgakni koʻrsatasiz. Bolaning unga koʻrsatayotganingizni eshitayotgani va koʻrayotganiga ishonch hosil qiling. Masalan, “Biz bugun brokkoli (gulkaram) yeymiz, oh, oh, qanday mazali!” deng va idishni koʻrsating. Bular “darslar” emas, siz goʻdakni dunyodagi barcha ajoyib narsalar bilan tanishtiradigan yoqimli minutlardir!

Imkon boʻlganida kundalik yumushlarni bajarish payti (kiyim almashtirish, ovqatga tayyorgarlik koʻrish va h.k.) yuqoridagi misollardan foydalanishingiz mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganmoqda: Farzandingiz sizni tushunmasa ham, rasmlarni, tovushlarni, hidlarni va ovozingizni kuzatib boradi. U hamma narsaning nomi borligini tushunadi va asta-sekin bu ismlarni oʻrganishni boshlaydi.