Burundan qon ketishi
Bolalarda burundan qon ketishi
Bolalarda burundan qon ketishi juda keng tarqalgan. Baʼzi bolalarda ular tez-tez uchraydi.
Bolalarda burundan qon ketishi mumkin, agar:
· ular burunlarini kovlashsa
· burunlarini qattiq urib olishsa yoki juda qattiq qoqishsa
· yot jismlarni burunlariga tiqib yuborishsa
· ularda allergiya boʻlsa
· burun, tomoq yoki burun boʻshliqlarida infeksiya boʻlsa
· burun spreyi kabi dorilar notoʻgʻri ishlatilsa
· ich qotib qolganda koʻp zoʻriqishlar kuzatilsa
· quruq havo tufayli burunda taʼsirlanish boʻlsa
Burundan qon ketishining kam uchraydigan sabablariga qon ivishining buzilishi, qon tomirlari kasalliklari va boladagi boshqa kasalliklar kiradi.
Bolaning burnidan qon ketganda shifokorga murojaat qilish kerakmi?
Farzandingizni shifokorga koʻrsatishingiz kerak, agar:
· burun qattiq bosib turilishiga qaramay, qon ketish 20 daqiqadan keyin ham toʻxtamasa
· farzandingizning umumiy ahvoli yomon, rangi oqarib ketgan yoki tanasida sababsiz koʻkarishlar boʻlsa
· farzandingiz ikki yoshga toʻlmagan va burnidan qon ketayotgan boʻlsa
· farzandingizda muntazam burundan qon ketishi kuzatilsa
Burundan qon ketishini davolash
Burundan qon ketishini davolashning birinchi qadami – xotirjamlikni saqlash. Bu qon koʻrinishi va taʼmidan bezovtalangan farzandingizga yordam beradi. Yigʻlash burundan qon ketishini yomonlashtirishi mumkin.
Keyingi qadam – koʻrsatkich barmogʻingiz va bosh barmogʻingiz bilan burun teshigining yon tomonlarini (burunning yumshoq qismi) qattiq siqib turish lozim.
Farzandingiz oʻtirgan holda, boshini qimirlatmasdan biroz oldinga egilib turgan holatda boʻlishi va burun teshiklarini 10 daqiqa siqishda davom etishingiz kerak. Uni yotqizmang va boshini orqaga tashlamang. Toʻliq 10 daqiqa kuting. Qon ketishi toʻxtaganini tekshirmang.
Farzandingizning burnini 10 daqiqalik siqishdan keyin ham qon ketishi toʻxtamagan boʻlsa, muolajani yana 10 daqiqa takrorlang.
Agar qon toʻxtasa
Farzandingiz taxminan 24 soat davomida burnini qoqmasligi yoki kovlamasligi uchun uni kuzating. Bu burundagi qonning qotishiga yordam beradi.
Farzandingiz biroz qon yutgan boʻlsa, burundan qon ketishi paytida yoki undan keyin qusishi mumkin. Bu juda keng tarqalgan holat boʻlib, farzandingiz qonni tupurib tashlashi kerak.
Agar qon toʻxtamasa
20 daqiqa ichida yuqoridagi muolaja yordamida qon ketishini toʻxtata olmasangiz, darhol shifokorga murojaat qiling yoki bolani shifoxonaga olib boring.
Burunni tamponlash (marli mato bilan berkitish)
Bu burun qonashining keng tarqalgan davolash usuli. Shifokor farzandingizning burniga maxsus matoli tampon kiritadi. Mustaqil tamponlash mumkin emas: notoʻgʻri yoki qoidaga koʻra qilinmagan harakatlar bilan burunni yanada koʻproq shikastlash mumkin. Jarayon mutaxassis tomonidan amalga oshirilishi shart.
Juda kamdan kam hollarda, bolani otolаringolog mutaxassisiga koʻrsatish va davolash uchun shifoxonaga yotqizish kerak boʻlishi mumkin.
Burundan qon ketgandan keyin
Farzandingizning burnidan qon ketgandan keyin nima qilish kerak?
· keyingi 24 soat ichida uning dam olishiga ishonch hosil qiling
· issiq hammom/vanna qabul qilishiga ruxsat bermang
· burnini qoqmasligi va kovlamasligi uchun uni kuzating
Shifokor farzandingizga burun quruqligini yoʻqotish uchun tuzli burun spreyi yoki malhamidan foydalanishni tavsiya qilishi mumkin.