Choʻmilish vaqtida oʻynash

Kerak boʻladigan materiallar: vanna oʻyinchoqlari yoki bir nechta plastik stakan yoki likopchalar.

Birgalikda nima qilishingiz mumkin: fikrlash va kognitiv rivojlanishni ragʻbatlantirish uchun choʻmilish vaqtidan foydalaning. Bir nechta plastik stakan oling va farzandingiz bilan birga tajriba oʻtkazing. Stakanni suv bilan toʻldiring va bolangizga u toʻlganda choʻkib ketishini koʻrsating. Stakanni tepaga koʻtaring va uni qiyshaytirganingizda suv qanday toʻkilishini koʻrsating.

Ushbu mashqni bajarayotganda nima sodir boʻlayotganini tasvirlab bering: “Oʻh, stakanga qarang! U suvga choʻkyapti. U qayerga yoʻqoldi?” Sizning yordamingiz bilan choʻmilish bolaga bu holatlar qanday amalga oshayotganini tushunish, shu bilan birga, bir olam zavq olish imkonini beradi. Farzandingiz harakatlanganda unga tabassum qiling va har bir harakati uchun maqtang. Choʻmilish bolangizga turli xil his-tuygʻularni (hayajon, qiziquvchanlik yoki qaygʻu) namoyon qilish imkonini ham beradi. Farzandingizning har xil his-tuygʻularni ifodalash qobiliyati oʻsib borayotganiga eʼtibor qarating va zavqlaning.

Siz bu mashqni choʻmilish vaqtida bajarishingiz mumkin yoki chaqaloqning izlanishlarini turli materiallar bilan qoʻllab-quvvatlash uchun qum, shagʻal yoki quruq guruch bilan ham bajarishingiz mumkin. Doim ehtiyot boʻling, chunki chaqalogʻingiz bu materiallarni ogʻziga solishi mumkin.

Farzandingiz nimani oʻrganadi: bu mashgʻulot yordamida farzandingiz asta-sekin narsalar bir-biri bilan qanday bogʻliqligini anglay boshlaydi va tushuncha va mantiqni rivojlantiradi. Bu mashgʻulot, shuningdek, bolaning motorikasi rivojlanishiga ham yordam beradi.