D vitamini: nimani bilishingiz kerak?
Nima uchun bolalar va kattalarga D vitamini kerak?
Bolalarda suyak oʻsishi va rivojlanishi uchun D vitamini kerak. Bachadon ichida rivojlanayotgan homila uchun ham shunday. D vitamini kalsiyni oʻzlashtirishga yordam beradi.
D vitaminining jiddiy yetishmasligi raxit, harakat rivojlanishining kechikishi, mushaklarning kuchsizligi, ogʻriq va suyak sinishlariga olib kelishi mumkin.
Kattalardagi D vitamini yetishmasligi osteoporoz, saratonning baʼzi turlari, yurak kasalliklari va qandli diabet bilan ham bogʻliq.
Agar homiladorlik paytida ayollarga D vitamini yetarlicha berilmasa, ularda neonatal gipokalsemiya (qondagi kalsiy yetishmasligi), tugʻilgan chaqaloqlarda esa raxit rivojlanishi mumkin.
D vitamini va quyosh nuri
Farzandingiz D vitamini ishlab chiqarishi uchun tanasiga quyosh nurlari kerak. U D vitaminining 80 foizini shu yoʻl bilan oladi.
Olimlar D vitaminining kerakli miqdori uchun bolalarga quyosh nuri qancha miqdorda zarurligini aniq bilmaydi. Lekin bir narsa aniq: bolangizga kerak boʻlgan quyosh nuri miqdori yashash joyingizga va faslga bogʻliq.
Bundan tashqari, terining rangi ham ahamiyatli. Toʻqroq rangli teriga ega boʻlgan insonlar D vitamini ishlab chiqarishi uchun 3–6 marta koʻproq quyosh nuri kerak boʻladi.
Quyidagi rasmda bolaning tanasi D vitamini ishlab chiqarishiga yordam berish uchun quyosh nuri qancha miqdorda boʻlishi kerakligini koʻrsatib berilgan.
Qayerda yashashingizdan qatʼi nazar, bolangiz terisiga qancha quyosh tushishini diqqat bilan kuzatib borishingiz kerak. Quyoshning haddan tashqari koʻpligi kuyish, terining shikastlanishi va hatto teri saratoniga olib kelishi mumkin. Shuning uchun quyoshdan himoyalovchi vositalardan foydalanish muhim.
Yozda, ayniqsa, ertalab soat 10 dan kechki 16 ga qadar bola xavfsizlikda boʻlishi uchun uni bosh kiyim, quyoshdan himoya qiluvchi koʻzoynak, quyoshdan saqlaydigan kiyim bilan taʼminlang, istagan payt soyaga oʻta olish imkoni boʻlsin.
Farzandingizga quyosh qay darajada kerakligi haqida koʻproq maʼlumot va maslahat olish uchun shifokor bilan suhbatlashing.
D vitamini va oziq-ovqat
D vitaminini yetarli darajada olishda oziq-ovqatning oʻzi aksariyat bolalar uchun kamlik qiladi. Ammo tarkibida D vitamini koʻp oziq-ovqat bola uchun quyosh nuridan olinadigan D vitaminiga qoʻshimcha boʻlishi mumkin.
D vitamiga tabiiy ravishda ega oziq-ovqatlarlar orasida yangi yogʻli baliq (losos, seld, skumbriya va sardina baligʻi), jigar, ayrim qoʻziqorinlar va tuxum sarigʻi kabilar bor.
Baʼzi ozuqa mahsulotlariga D vitamini qoʻshilgan. Bularga kam yogʻli sut mahsulotlari va margarin kiradi. Barcha bolalar sunʼiy aralashmalarida D vitamini mavjud.
Farzandingiz har kuni quyoshli toza havoda boʻlganida, ayniqsa, jismoniy mashqlar bilan shugullanganida katta foyda koʻrishi mumkin. Buning sababi shundaki, kundalik jismoniy mashqlar bolangizning tanasida D vitamini ishlab chiqarishga yordam beradi.
D vitamini yetishmasligi
Bolalarda D vitamini yetishmasligi xavfi mavjud boʻlishi mumkin, agar:
- butun terisi kiyim bilan yopiq holda boʻlsa;
- koʻp vaqtlarini yopiq xonalarda oʻtkazib, quyosh nurlarini kam olsa yoki umuman olmasa;
- organizmda D vitaminini nazorat qilishiga taʼsir qiladigan kasalliklari boʻlsa. Masalan, jigar va buyrak kasalliklari, hazm qilish bilan bogʻliq muammolarni keltirib chiqaradigan holatlar va baʼzi dorilar D vitamini darajasiga taʼsir qilishi mumkin;
- toʻqroq rangli teriga ega boʻlsa;
- onaning oʻzida D vitamini kam boʻlsa va u oʻz vaqtida (6 oylikdan) qoʻshimcha ovqat qoʻshmasdan, uzoq vaqt davomida emizsa.
D vitamini yetishmasligining belgilariga raxit, harakat (motor) rivojlanishining kechikishi, mushaklarning kuchsizligi, ogʻriq va suyak sinishlari kiradi.
D vitamini yetishmasligini davolash
Agar farzandingizning D vitamini darajasidan xavotirlanayotgan boʻlsangiz yoki homilador boʻlsangiz va D vitamini kam boʻlishi mumkin deb oʻylasangiz, shifokoringiz bilan maslahatlashing.
Shifokoringiz qon tahlilini buyurishi mumkin, bu D vitamini darajasini tekshirishning eng yaxshi usulidir.
Yengil yetishmovchilik yuzaga kelganda shifokor farzandingiz koʻproq quyosh nuriga muhtojligini aytishi mumkin.
Agar sizda yoki farzandingizda D vitamini yetishmovchiligi bor boʻlsa, shifokor D vitamini qoʻshimchalarini qabul qilishni va quyoshda koʻproq boʻlishni maslahat berishi mumkin.
Agar siz yoki farzandingiz quyoshda toblanishi mumkin boʻlmasa, shifokor D vitamini qoʻshimchalarini qabul qilish maʼqul ekanini aytishi mumkin. Siz D vitamini qoʻshimchasini bir marta katta dozada yoki bir necha hafta yo oy davomida qabul qilishingiz mumkin.
Shuningdek, D vitamini qoʻshimchalari haqida diyetolog bilan maslahatlashishingiz mumkin.
Solyariylar D vitamini darajasini yaxshilash yoki D vitamini yetishmasligini davolash uchun mutlaqo ishlatilmasligi zarur. Solyariylar teri saratoniga olib kelishi mumkin.
D vitamini, homiladorlik va koʻkrak bilan emizish
D vitamini zaxiralari homila rivojlanishi vaqtida koʻpayadi, bola tugʻilgach, quyosh nuridan va oziq-ovqatdan D vitamini qabul qila boshlamaguncha esa kamayadi.
Emadigan bolalar ona sutidan koʻp miqdorda D vitamini ololmaydilar, chunki ona sutida uning miqdori kam. Agar emizikli onada D vitamini miqdori kam boʻlsa, u bolaga yetarli miqdorda D vitamini bera olmaydi.
D vitaminini kamaytiruvchi bitta boʻlsa-da xavf omili bor boʻlgan, masalan, toʻqroq rangli teriga ega emizikli bolalarga kuniga 500–1000 XB da (xalqaro birlikda) D vitamini qoʻshimchalarini berish tavsiya etiladi. Agar farzandingizga D vitamini yetishmasligi xavfi bor deb oʻylasangiz, shifokor bilan maslahatlashgan maʼqul.