Doʻkon oʻyini
Kerak boʻladigan materiallar: doʻkonda “sotiladigan” turli xil uy-roʻzgʻor buyumlari; tangalar, jetonlar yoki fishkalar; yopishqoq yorliqlar; ruchka yoki qalam; kalkulyator (ixtiyoriy).
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: doʻkon uchun turli xil narsalarni yigʻib oling, bu oʻyinchoqlar, kitoblar va DVD-disklardan tortib kiyim-kechak, konservalangan ozuqa va mevalar boʻlishi mumkin. Soʻng bolalarni yopishqoq yorliqlardan narx yasashga jalb qiling. Ular har bir buyumni necha pul evaziga “sotish”ni xohlashadi? Kichikroq bolalar pul oʻrniga fishkalar, jetonlar yoki hatto munchoqlardan foydalanishlari mumkin (ularga shunchaki “tovar”ga almashtiradigan narsa kerak).
Keyin doʻkon sotuvchisi rolini kim oʻynashi va xaridor kim boʻlishini aniqlang. Agar pul bilan oʻynasangiz, tangalarni taqsimlang, shunda xaridorlar turli xil narsalarni sotib olishlari, sotuvchi esa qaytim qaytarishi mumkin boʻladi.
Mijozlar qancha pul sarflashlari kerakligini hisobga olgan holda qanday narsalarni sotib olishni xohlashlarini hal qilishlari kerak. Keyin doʻkon sotuvchisi umumiy narxni (qalam va qogʻoz yoki kalkulyator yordamida) hisoblab, pulni olib, qaytimni berishi kerak.
Bolalar har xil rollarni navbat bilan oʻynashlari zarur. Ular sotish va sotib olish uchun mahsulotlar tanlashni, sonlar yigʻindisini topishni mashq qiladilar!
Farzandingiz nimani oʻrganadi: rolli oʻyinlar kichkintoylar oʻz tasavvurlarini shakllantirishi, ijtimoiy koʻnikmalarni rivojlantirishi va oʻziga boʻlgan ishonchni mustahkamlashining ajoyib usuli. Doʻkon oʻyinini oʻynash bolalarni arifmetik sinovdan oʻtkazish va pul ishlatishni mashq qildirish imkoniyatini beradi.