Doʻstlar orttiramiz
Sizga kerak boʻladigan materiallar: yoʻq.
Birgalikda nima qilishingiz mumkin: farzandingiz turlicha yigʻlashi va bu bilan u har xil xabarlarni yetkazishga harakat qilishi mumkin. Ushbu davrda yangi va nomaʼlum odamlar paydo boʻlganda bola bezovta boʻla boshlaganini sezishingiz mumkin, chunki ilgari bunday boʻlmagan. Bu kutilgan holat. Yangi odamlarni toʻsatdan emas, bosqichma-bosqich tanishtirishga, buni bolaga allaqachon tanish boʻlgan muhitda amalga oshirishga harakat qiling. Unga yangi chehralar yaqinlashganda yoki murojaat qilganda farzandingiz bilan birga boʻling. Agar bezovtaligi va yigʻisi kuchaysa, uni tinchlantiring. Uni tashlab ketmasligingizga ishontirish uchun farzandingizni quchogʻingizga oling va u bilan sokin ovozda gaplashing. Bolani muloyimlik bilan tebratib, quchoqlashingiz yoki unga qoʻshiq aytishingiz mumkin. Farzandingiz qachon yangi doʻstlar orttirishga tayyor boʻlishini bilish uchun uni diqqat bilan kuzatib boring. U atrofga nazar tashlab, narsalar va odamlarni oʻrganganishni boshlagani shunday fursat kelganidan darak. Sekin-asta uni yangi odamlar bilan tanishtirishga yana bir bor urinib koʻring. U buni maʼqullayotgani yoki xushlamayotganiga diqqatli boʻling.
Har bir chaqaloq oʻziga xos. Farzandingiz har qanday yangi odamga juda qiziqishi yoki doʻstona munosabat bildiradiganlarga ham juda sekin koʻnikishi mumkin. Kichkintoyingizning koʻrsatmalariga rioya qiling va uning noyob feʼlidan zavqlaning!
Farzandingiz nimani oʻrganmoqda: u yangi vaziyatlarga va odamlarga qanday munosabatda boʻlishni oʻrganmoqda, uning reaksiyalari haftadan haftaga oʻzgarishi ham mumkin. Agar yangi odamlar farzandingiz dunyosining bir qismiga aylansa, u sizning yordamingiz tufayli ularga asta-sekin oʻrganib boradi va bu jarayonda oʻzini qulay his qiladi.