Duduqlanish
Bolalardagi duduqlanish
Duduqlanish – nutq bilan bogʻliq muammo boʻlib, bolalarning ravon gapirishini qiyinlashtiradi.
Koʻpincha duduqlanadigan bolalarda duduqlanish gap boshida sodir boʻladi, lekin gap davomida ham boʻlishi mumkin.
Duduqlanish paytida bolalar koʻzlarini pirpiratishi, qiyshayishi, yuzlarini burushtirishi yoki mushtlarini siqishi mumkin.
Duduqlanishning uchta asosiy turi mavjud. Duduqlanadigan bolalarda bitta yoki bir nechta turi boʻlishi mumkin.
Takrorlanishlar
Bu tovush, soʻzning bir qismi, butun soʻz yoki iboraning qayta-qayta takrorlanishidir. Masalan:
- “Men buni xo-o-o-o-hlayman”
- “Men buni xo-xo-xo-hlayman”
- “Men-men-men buni xohlayman”
- “Men shuni xohlayman – xohlayman – xohlayman”.
Uzayishlar
Bu vaqtda ovoz uzayadi – masalan, “Men buni xo-o-o-o-ohlayman”.
Gapira olmay qotib qolishlar
Bu vaqtda bola gapirishga harakat qiladi, ammo ovozi chiqmaydi.
Bolalarda duduqlanishning sabablari
Duduqlanishning asl sababi nomaʼlum. Bu miyadagi nutq markazlarining buzilishi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Bunday buzilish bolaning gapirish paytida ogʻiz mushaklarini muvofiqlashtirishni qiyinlashtiradi, bu esa duduqlanishga olib keladi.
Duduqlanish nasldan naslga oʻtadi. Shuning uchun bu ota-onalarning biridan yoki har ikkalasidan bolalarga oʻtadigan naslga bogʻliq boʻlishi mumkinligi haqida taxminlar mavjud. Agar boshqa oila aʼzolari duduqlansa yoki duduqlangan boʻlsa, bolaning duduqlanishi ehtimoli koʻp boʻladi. Ammo bu oilada duduqlanganlar boʻlsa, albatta, bola ham duduqlanadi degani emas.
Duduqlanishning sababi ruhiy zoʻriqish (stress) ham boʻlishi mumkin. Yoki uning aksi, duduqlanish, oʻsmirlarda ruhiy zoʻriqish (stress)ga sabab boʻlishi mumkin.
Duduqlangan bola buni nazorat qila olmaydi.
Bolalarda duduqlanish qachon boshlanadi?
Bolalarda duduqlanish koʻpincha maktabgacha yoshda, odatda 2–4 yoshda boshlanadi. Bu vaqtda bolalar soʻzlarni birlashtira boshlaydi va uzun jumlalar tuzadi.
Baʼzi bolalar kattaroq yoshda duduqlana boshlaydi.
Duduqlanish toʻsatdan boshlanishi mumkin, masalan, bola bir kuni duduqlanish bilan uygʻonishi mumkin. Bundan tashqari, vaqt oʻtishi bilan bu kuchayishi mumkin.
Duduqlanish: bolalar qancha vaqt va qanchalik tez-tez duduqlanishadi?
Bolalar qancha vaqt va qanchalik tez-tez duduqlanishi turlicha boʻlishi mumkin. Baʼzi bolalar kun boʻyi faqat vaqti-vaqti bilan duduqlanadi. Boshqa bolalar deyarli har bir soʻzida duduqlanadi.
Duduqlanish kundan kunga, haftadan haftaga yoki oydan oyga oʻzgarishi mumkin. Baʼzida bolada bir necha kun, hafta yoki oy davomida duduqlanish butunlay toʻxtaydi va keyin yana duduqlanishni boshlaydi.
Ota-onalarning aytishicha, muayyan vaziyatlar bolalarining duduqlanishiga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin. Masalan, agar bola hayajonlansa, charchasa yoki gʻazablansa, u koʻproq duduqlanishi mumkin.
Duduqlanishning oqibatlari
Farzandingiz duduqlansa, u boshqa bolalar uning nutqiga qanday munosabatda boʻlishidan xafa yoki xijolat boʻlishi mumkin. Farzandingiz hatto gapirishdan qochishi yoki aytmoqchi boʻlgan soʻzlarini oʻzgartirishi mumkin.
Ammo duduqlanish aslida maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga taʼsir qilmaydi. Duduqlanadigan maktabgacha yoshdagi bolalar, duduqlanmaydigan bolalar bilan bir xil ijtimoiy koʻnikmalarga ega boʻlishlari mumkin.
Ular duduqlanmaydigan oʻz yoshidagi bolalarga nisbatan uyatchan va odamovi bo‘ladi.
Ammo boshlangʻich sinfda duduqlanish davom etsa, bu muammoga aylanishi mumkin. Maktabning boshlangʻich sinfida oʻqiydigan va duduqlanadigan bolalar tengdoshlari orasida yetakchi sifatida qabul qilinmaydi. Duduqlanadigan boshlangʻich sinf oʻquvchilari va oʻsmirlar sinfdagi munozaralarga qoʻshilishni xohlamasligi mumkin, shuningdek, boshqa bolalarga qaraganda ular koʻproq tahqirlanadi.
Farzandingiz duduqlansa, nima qilish kerak?
Farzandingizda duduqlanish borligini sezsangiz, imkon qadar tezroq mutaxassisdan yordam soʻrash muhimdir.
Logopedga murojaat qilishdan boshlang. Logoped farzandingizning duduqlanishini baholaydi va buni darhol davolash zarurmi yoki muntazam tekshirib turish kerakmi, aniqlaydi.
Baʼzi bolalarda duduqlanish yoshi ulgʻayishi bilan oʻz-oʻzidan yoʻqoladi, lekin hozircha bu qaysi bolalarda sodir boʻlishini bilishning iloji yoʻq. Bolaning duduqlanishi oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi deb oʻylashdan koʻra, har doim logoped bilan maslahatlashish yaxshiroqdir.