Ekran oldidagi vaqt va sizning oilangiz: oqilona yondashuv
Oilangizdagi raqamli qurilmalar: foydami yoki zarar?
Oilangizda telefon/planshet/kompyuter/televizordan oqilona foydalanish bu:
• raqamli qurilmalardan oilaviy munosabatlaringizga zarar keltirmaydigan tarzda foydalanishga harakat qilish;
• eng kichik oila aʼzolaringizning raqamli qurilmalardan foydalanishiga yoʻl qoʻymaslik;
• raqamli qurilmalardan shaxsiy ehtiyojlaringizga va qiziqishlaringizga mos ravishda foydalanish.
Agar oila aʼzolaringiz bilan ekran oldidagi vaqtni belgilab, foydalanishning asosiy qoidalari va tamoyillari boʻyicha kelishib olsangiz, telefon/planshet/kompyuter/televizordan foydalanish ularning sogʻligʻiga va oʻzaro munosabatlarga zarar yetkazmasligini taʼminlashingiz mumkin.
Quyidagi besh qadamdan iborat qoʻllanma oilangiz uchun foydali boʻlishi mumkin.
1-qadam: raqamli qurilmalardan oqilona foydalanishda namuna koʻrsating
Sizning raqamli qurilmalardan qanday foydalanishingiz va u haqida gapirib berishingiz farzandingizda bunday qurilmalar oilaviy hayotda qanday oʻrin tutishi kerakligi toʻgʻrisida ishonchli tasavvurlarni shakllantiradi. Masalan, agar uyda telefoningizni doim yoningizda olib yursangiz, farzandingiz telefonlar juda muhim ekanini eslab qoladi. Agar siz ekran oldida oʻtkazilayotgan vaqtni kuzatib borsangiz, bu sizga farzandlaringizda raqamli qurilmalar toʻgʻrisida qanday tasavvur shakllanayotganini tushunishga yordam beradi. Telefoningizda kuzatuv funksiyasi boʻlsa, uni foydalanish vaqtini nazorat qilish maqsadida qoʻllash mumkin. Kattaroq yoshdagi bolalardan ham kun davomida qancha vaqt foydalanayotganiga eʼtibor berishni soʻrashingiz mumkin. Siz va farzandingiz oʻtkazilgan vaqtni birgalikda taqqoslab, biror oʻzgartirish kiritish xohishi bor yoki yoʻqligi haqida muhokama qilib olishingiz mumkin.
Kattaroq yoshdagi farzandingiz bilan siz foydalanadigan ilovalar, siz kuzatayotgan odamlar va guruhlar yoki oʻqigan qiziqarli maʼlumotlaringiz haqida suhbatlashish ham yaxshi. Bu uyda xavfsiz va ishonchli muhit yaratishga yordam beradi, bu yerda ekrandan foydalanish haqida ochiq gapirish mumkin.
2-qadam: farzandingizning texnologiya foydalanuvchisi sifatida oʻsishini va salohiyatini bilib boring
Yodda tuting, 2 yoshgacha boʻlgan bolalar yaqinlari bilan aloqada boʻlish uchun raqamli qurilmalardan boshqa maqsadda foydalanmasliklari kerak (faqat videochatdan foydalanish mumkin). Maktabgacha yoshdagi bolalarga esa raqamli qurilmalardan foydalanishni cheklash, ularni ijtimoiy hayotga moslashishga yordam beruvchi jismoniy faollik va oʻyinlar bilan band qilish kerak. Farzandingiz raqamli qurilmalardan hozir qanday foydalanishi va kelajakda qanday foydalanishi bilan qiziqing, bu uning shu sohadagi qiziqishlari, ehtiyojlari va qiyinchiliklarini tushunishga yordam beradi. Siz buni farzandingizdan raqamli qurilmalardan qanday va nima maqsadda foydalanishi haqida gapirib berishni soʻrash orqali bilib olishingiz mumkin. Ehtimol, siz ushbu qurilmalardan farzandingiz kabi mohir foydalana olmassiz. Undan oʻyinni qanday oʻynashni oʻrgatishini soʻrang, shunda u oʻyinni nima uchun juda yaxshi koʻrishini tushunishingiz mumkin.
3-qadam: sifatli kontentdan foydalaning
Sifatli kontent oʻsib borayotgan farzandingiz uchun juda muhimdir. Ayniqsa, agar kontent bolaning qiziqishlariga, uning tasavvurini uygʻotishga, yoki maktabda oʻrganayotgan bilimlarini mustahkamlashga mos kelsa juda ahamiyatli boʻladi.
Kattaroq yoshdagi farzandingiz foydalanadigan manbalardagi unga foydali boʻlishi mumkin boʻlgan maʼlumotlar, gʻoyalar va harakatlar haqida gapirib, uni sifatli ilovalar, oʻyinlar, sifatli teledasturlar, filmlar va YouTubeʼdagi videoroliklardan foydalanishga qiziqtiring. Shuningdek, farzandingizga raqamli manbalar va saytdagi axborotning ishonchli sharhlarini qanday topish mumkinligini koʻrsatib, ongli ravishda tanlashga yordam berishingiz mumkin.
Farzandingizga oʻzingiz foydalanadigan yoki tomosha qiladigan sifatli kontentni qanday tanlayotganingizni koʻrishiga ruxsat bering. Farzandingiz bilan tanlovingizni muhokama qilish ham muhim ahamiyatga ega. Koʻp oilalarda bir nechta qurilmalar bor – telefonlar, kompyuterlar va boshqalar. Eng kichik yoshdagi bolalar nimalar koʻrishi mumkinligini kuzatib boring. Masalan, yangiliklar yoki videooʻyinlardagi baʼzi sahnalar, holatlar (garchi ular buni hozircha tushunmasa ham) ular uchun juda shafqatsiz va qoʻrqinchli boʻlishi mumkin.
4-qadam: oilada raqamli qurilmalardan foydalanish qoidalarini muhokama qiling
Qoidalar bu – oila aʼzolarining ekran oldida oʻtkazadigan vaqtini boshqarish usuli. Ushbu qoidalar har bir oila aʼzosiga ekran oldida qancha vaqt oʻtkazishi mumkinligini tushunishga yordam beradi. Oilada raqamli qurilmalardan foydalanish qoidalarini ishlab chiqishga yordam beradigan bir nechta savollar:
- Yosh va rivojlanish darajasini hisobga olgan holda qurilmalardan foydalanish uchun kimlarga ruxsat beriladi?
- Uyingizda qurilmalarni qachon va qayerda ishlatish mumkin? Masalan, mehmonxonada, lekin yotoqxonalarda emas.
- Muayyan veb saytlar, oʻyinlar yoki ilovalar cheklanganmi? Qaysi biri va nima uchun?
- Internetda qanday maʼlumotlarni almashish mumkin?
- Kichik yoshdagi bolalar uxlab qolgunga qadar qanday oʻyinlarni oʻynash va qanday filmlarni tomosha qilish mumkin emas?
- Agar kimdir qoidalarni buzsa, nima boʻladi?
Sizning raqamli qurilmalardan foydalanish qoidalaringiz maktab, dam olish va bayram kunlariga taalluqli boʻlishi uchun koʻpqirrali boʻlishi kerak. Qoidalarda, shuningdek, farzandingizning oʻsib borishiga qarab, oʻzgaruvchan ehtiyojlari va qiziqishlari ham hisobga olinishi kerak.
Shu bilan birga, qoidalarni bir necha oyda bir marta va uyingizga yangi raqamli qurilmalar paydo boʻlganda har safar qaytadan koʻrib chiqish tavsiya etiladi. Bu sizga qoidalar barcha oila aʼzolarining ehtiyojlarini qondirishini taʼminlashga yordam beradi.
5-qadam: raqamli qurilmalardan birgalikda foydalaning
Yosh bolalar vaqtini ekran oldida oʻtkazmasligi uchun harakat qiling, lekin kattaroq bolalar bilan boshqa mashgʻulotlar bilan shugʻullanish qatori tomosha qilish yoki oʻynash qiziqarli boʻlishi mumkin.
Bigalikda ekran oldida vaqtni qanday oʻtkazish boʻyicha baʼzi fikrlar:
- Farzandingiz bilan internetda sizni qiziqtirgan maʼlumotni qidiring – masalan, dam olish kunlari qayerga borish yoki kechki ovqat uchun yangi retseptni topish.
- Kattaroq farzandingiz bilan u hozir oʻynayotgan oʻyinni, masalan, “Erudit” onlayn versiyasini oʻynang. Bu juda qiziqarli va faqat ikkalangiz uchun mos mashgʻulot boʻlishi mumkin.
- Musiqa ilovasini yuklab oling, soʻng tinglayotgan musiqangizni ulashing va muhokama qiling.
- Farzandingizdan oʻzi yoqtiradigan onlayn oʻyinni oʻynashni oʻrgatishini yoki u foydalanadigan ilovalar va sevimli veb saytlari haqida gapirib berishini soʻrang.
- Texnologiyalardan birgalikda foydalangan vaqtda faolllik koʻrsating – masalan, xaritalar ilovasidan foydalanib sayohatga chiqing.
Farzandingizning qiziqishlarini oʻrganishda sizlar birgalikda oʻtkazadigan har qanday vaqt ishonchni, oʻrtangizdagi aloqalarni va munosabatlarni mustahkamlash uchun yaxshi imkoniyatdir. Bunday yondashuv nafaqat internetda, balki haqiqiy hayotda ham toʻgʻri boʻladi – uning atrofidagi dunyoning istalgan sohasiga boʻlgan ishtiyoqidan zavqlanish imkoniyatlarini qidiring.