Epilepsiya va tutqanoqlar

Bolada vaqti-vaqti bilan tutqanoqlar takrorlanib tursa, bu holat epilepsiya deb ataladi. Farzandingizga epilepsiya tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, davolanish shaytonlashga qarshi dorilarni ichishni oʻz ichiga oladi. Epilepsiyani davolash bolalarning oddiy hayot kechirishini taʼminlashga qaratilgan.  
Body

Epilepsiya nima?

Epilepsiya bu – bosh miya kasalligi boʻlib, bexosdan paydo boʻladigan shaytonlash xurujlariga olib keladi.

Bolaga “epilepsiya” tashxisi qoʻyilgan boʻlsa, demak, unda kamida ikki marta tutqanoq xuruji boʻlgan, bu kelajakda xurujlar yana qaytarilishi ehtimoli borligini anglatadi.

Bolada tutqanoq xuruji sodir boʻlsa, bu har doim ham epilepsiya bor degani emas. Tutqanoq xuruj bir marta sodir boʻlgan bolalarning aksariyatida, u qaytarilmasligi ham mumkin. Epilepsiya tashxisi tutqanoq odatda ikki yoki undan ortiq marta sodir boʻlganda qoʻyiladi.

Epilepsiyani nima keltirib chiqaradi?

Bolada epileptik tutqanoqlar ehtimolini oshiradigan omillar:

  • yaqin qarindoshlarida epilepsiya borligi;
  • irsiy-genetik kasalliklar;
  • moddalar almashinuvi kasalliklari;
  • miya jarohati.

Yuqori isitmada kuzatiladigan shaytonlashlar epilepsiya hisoblanmaydi, ammo 5 daqiqadan koʻproq davom etgan yoki koʻp marta sodir boʻlgan yuqori isitmada kuzatiladigan shaytonlashlar bolalarda epilepsiya rivojlanishi xavfini oshiradi.

Epilepsiya xavfi yuqori boʻlgan bolalarda tutqanoq chiroq yonib-oʻchadigan yoki televizor yoki kino ekranidagi yorqin tasvirlarga qaraganda paydo boʻlishi mumkin.

Epilepsiya bilan ogʻrigan barcha bolalarning taxminan yarmida, uning sabablari aniq emas.

Epilepsiya turlari

Epilepsiya turli xil tutqanoqlar bilan tasvirlanadi. Tutqanoqning turi miyaning qaysi qismi jarohatlanganiga bogʻliq.

Tutqanoqning ikkita asosiy guruhi mavjud – oʻchoqli va butun tanaga tarqalgan turi.

Oʻchoqli tutqanoqlar miyaning maxsus bir qismi bilan bogʻliq va tananing faqat bir qismida kuzatiladi.

Butun tanaga tarqalgan turi miyaning barcha qismini jalb qiladi va tanadagi barcha mushaklarning keskin harakatlari va mushaklar qisqarishini koʻramiz.

 

Tutqanoqlar mushaklar taranglashishi yoki sustlashishiga olib keladi va qoʻl hamda oyoqlarda keskin harakatlarni keltirib chiqaradi.

Baʼzi bolalarda tutqanoq soʻlak oqishiga (ogʻzidan koʻpik paydo boʻlishi) sabab boʻladi, shuningdek bolalar siyib qoʻyishlari ham mumkin.

Tutqanoqlarning yana bir turi “absans” (deyarli tutqanoq xurujisiz qisqa muddatli hushni yoʻqotish) boʻlib, bunda bolalar birmuncha vaqt bir nuqtaga tikilib turgandek, atrofda nimalar boʻlayotganini anglamaydilar.

Epileptik xurujlar boʻlganda nima qilish kerak?

Farzandingizda tutqanoq boʻlayotganini va hushini yoʻqotganini sezsangiz, xotirjamlikni saqlash muhim, u oʻziga zarar yetkazmasligi uchun har qanday xavfli buyumlarni olib qoʻying.

Farzandingizni yumshoq joyga yonboshlatib yotqizing, bu unga nafas olishini yengillashtiradi va soʻlak bilan tiqilib qolishning oldini oladi, uning boshini ushlab turing. Tutqanoq vaqtida qoshiq va boshqa narsalarni bolaning ogʻziga kuch bilan tiqmang, bu bilan koʻproq zarar yetkazasiz, masalan tish yoki milklari jarohatlanishi mumkin. Bola bilan qoling va uni tinchlantiring.

Bolada bu birinchi tutqanoq xuruji boʻlsa, keyinroq tasvirlab berishingiz uchun nima boʻlayotganini eslab qoling.

Iloji boʻlsa, xuruj qancha davom etganini eslab qoling.

Xuruj toʻxtashi bilanoq, farzandingizni yumshoq joyga yonboshlatib yotqizing, bu uning nafas olishini yengillashtiradi va soʻlak bilan tiqilib qolishining oldini oladi.

Epileptik tutqanoq boʻlganda qachon shifokorga murojaat qilish kerak?

Agar farzandingizda:

  • xuruj birinchi marta sodir boʻlgan boʻlsa;
  • xuruj bir necha marotaba kuzatilsa yoki ular qaytarilsa;
  • xuruj boʻlgan yoki boʻlmaganiga ishonch hosil qila olmasangiz;
  • bolada xurujlar odatdagidan koʻra koʻproq kuzatilayotgan boʻlsa, farzandingizni shifokorga koʻrsatish uchun zudlik bilan shifoxonaga olib boring.

Xuruj 2–3 daqiqadan ortiq davom etsa, tez yordam chaqiring (103 ga qoʻngʻiroq qiling).

Epilepsiya qanday aniqlanadi?

Shifokor farzandingizda epilepsiya boʻlishi mumkin deb hisoblasa, shifokor odatda bolani tekshirish uchun bolalar nevrologiga yuboradi.

Shifokor qon tahlili va elektro encefalo grafiya (EEG) buyuradi. Shuningdek, shifokor kompyuter tomografiya (KT) yoki bosh miyaning magnit rezonans tomografiyasi (MRT) tekshiruviga yuboradi.

Epilepsiyani davolash

Ehtimol shifokor farzandingizga oddiy hayot tarzida yashashga imkon berish uchun shaytonlashga qarshi dorilar buyurishi mumkin. Ammo bu dorilar salbiy taʼsirga ega boʻlishi mumkin. Farzandingiz shaytonlashga qarshi dorilarni ichsa, u muntazam ravishda shifokor qabulida boʻlib turishi kerak.

Dorilar yordam bermasa, shifokor siz bilan boshqa muolajalar, jumladan maxsus (ketogen) parhez yoki jarrohlik usullari haqida muhokama qilishi mumkin.

Farzandingizning kundalik parvarishi bilan shugʻullanadigan har bir kishiga – bolalar bogʻchasi tarbiyachilari va oʻqituvchilarga – bolada epilepsiya borligini aytishingiz kerak. Ular bu kasallik nimani anglatishini, shuningdek, xuruj sodir boʻlib qoʻlsa, nima qilish kerakligini bilishlari kerak. Odamlarga farzandingizda epilepsiya borligini bilishlari uchun boʻyniga nishon osib qoʻyishingiz mumkin.

Epileptik tutqanoqning oldini olish

Muntazam ovqatlanish, yetarli uyqu va jismoniy mashqlar xuruj xavfini kamaytirishga yordam beradi.

Farzandingiz xurujni keltirib chiqaradigan narsalardan oʻzini uzoqroq tutishi kerak, masalan, miltillovchi chiroqlarda qaramasligi, haddan tashqari charchamasligi, och qolmasligi yoki televizorda salbiy hodisalarni koʻrmasligi kerak.

Farzandingiz suzayotganda, choʻmilayotganda yoki balandlikka chiqish, masalan, velosiped haydash, togʻga chiqish va h.k. bilan shugʻullanayotganda doimo uni kuzatib boring.

Farzandingizda tutqanoq tutganini koʻrgan paytingizda, bu sizni juda qoʻrqitib yuborishi mumkin. Qoʻllab-quvvatlash guruhiga murojaat qilsangiz, bu farzandingizning sogʻligʻidan kamroq xavotirlanishingizga yordam beradi.