Farzandingizga zarar yetkazishingiz mumkinligini his qilganingizda

Barcha bolalar xavfsizlikda boʻlish va shafqatsiz munosabatdan himoyalanish huquqiga ega. Ammo baʼzida ota-ona boʻlish ogʻir vazifa boʻlib koʻrinishi mumkin. Agar siz oʻzingizni yengishga qodir boʻlmasangiz va farzandingizga zarar yetkazishingiz mumkin deb oʻylasangiz, yordam soʻrashingiz kerak.
Body

Bolalarga shafqatsiz munosabatda boʻlishning bolalar va ota-onalar uchun xavfi

Ota-ona sifatida, baʼzida asab juda taranglashganini his qilish odatiy holdir. Ammo baʼzida vaziyat bundan ham yomon boʻlishi mumkin.

Agar siz charchagan, farzandingizning qiyin xatti-harakatlaridan ranjigan yoki toʻgʻri ish qilyapmanmi deb tashvishlanayotgan boʻlsangiz, his-tuygʻularingizni nazorat qilish qiyin boʻlishi mumkin. Yetarli darajada qoʻllab-quvvatlashning yoʻqligi sizdagi sabr-toqatni sinaydi va qiyinchiliklarni yengish qobiliyatini susaytiradi.

Baʼzida sizni shaxsiy, hissiy, tibbiy yoki moliyaviy muammolar charchatishi mumkin va siz farzandingizni yetarli darajada parvarish qila olmayotganingizni his qilasiz.

Baxtsiz bolalik yoki oila tomonidan yordamning yetishmasligi kabi holatlar sizning shaxsiy oʻtmishingiz ogʻir kechganini bildirishi mumkin. Bu oʻtgan tajriba ota-ona sifatida hayotingizda qiyinchilik tugʻdiradi.

Agar hamma narsa nazoratingizdan chiqib ketgan boʻlsa va farzandingizni soʻz bilan yoki jismonan xafa qilgan boʻlsangiz, siz xohlamasangiz ham, bolaga zarar yetishi xavfi mavjud.

Bolaga hech qachon zarar yetkazmang. Har bir bola xavfsizlikda va himoyalangan boʻlish huquqiga ega.

Nima qilish kerak?

Agar bolangizga zarar yetkazishingiz mumkinligini his qilsangiz, hoziroq:

  • Toʻxtang!
  • Oʻsha joydan chiqib keting va bir necha marta chuqur nafas oling.
  • Bu holatni muhokama qilish uchun kimgadir, masalan oila aʼzosiga, doʻstingizga/dugonangizga telefon qiling.

Siz tinchlanib olganingizda:

  • Nima boʻlganini va bu sizga hamda farzandingizga qanday taʼsir qilishini oʻylab koʻring.
  • Vaziyatni yaxshilash uchun biror yoʻl toping.
  • Yuzaga kelgan holatni oʻzgartirish uchun yordam izlang.

Agar siz farzandingizga zarar yetkazishingizni his qilsangiz yoki uni xafa qilgan boʻlsangiz, yordam olish uchun darhol murojaat qilish muhim, agar bolangizga tibbiy yordam kerak boʻlsa, tez yordam chaqiring.

Bolalarga shafqatsiz munosabatda boʻlmaslik uchun yordam olish

Agar siz farzandingizga zarar yetkazishingiz mumkinligini his qilsangiz va bu his-tuygʻularni anglasangiz, zarar yetkazmaslik uchun quyidagi choralarni koʻrishingiz mumkin.

Quyida keltirilgan insonlar sizga yordam bera oladi:

  • militsiyaga telefon qiling (102 raqamiga);
  • sizning hududingizda oilani qoʻllab-quvvatlash xizmatlari (Mahalla, Ayollar qoʻmitasi);
  • sizning shifokoringiz;
  • psixolog, yoki shifokor sizga kerakli mutaxassislarni maslahat berishi mumkin;
  • patronaj hamshirasi;
  • hudud nazoratchisi (ichki ishlar xodimi).

Yordam soʻrash sizdan jasorat talab qiladi, shu bilan birga bu shuni koʻrsatadiki, siz:

  • bolangizni yaxshi koʻrasiz va uning foydasini oʻylab gʻamxoʻrlik qilyapsiz.
  • muammo borligini tushunyapsiz.
  • javobgarlikni oʻz zimmangizga olyapsiz.
  • oilangizda nimadir oʻzgarishini xohlayapsiz.
  • vaziyatni yaxshilashga intilyapsiz.

Ehtimol, ogʻir damlarni boshidan oʻtkazayotgan faqat siz emasligingizni bilish foyda berishi mumkin. Har bir shifokor, psixolog, maslahatchi, patronaj hamshirasi va Ayollar qoʻmitasi vakili sizga oʻxshagan ota-ona bilan gaplashgan va yordam bergan boʻlishi mumkin.

Mutaxassislar siz bilan shugʻullanishlari va sizga yaxshi ota-ona boʻlish yoʻllari haqida fikr berishlari mumkin. Yordam soʻrash bilan siz, farzandingiz, oilangiz va oʻzingiz uchun imkoni boʻlgan barcha ishlarni qilayotgan boʻlasiz.